Navoiyda yana bir oltin qazuvchi jinoiy guruh aniqlandi
Navoiy viloyatida noqonuniy oltin qazish bilan shug‘ullanib kelayotgan yana bir uyushgan jinoiy guruh qo‘lga olindi.
Ushbu holatni Xatirchi tumani Oqtepa mahallasida yashovchi shaxslar sodir etishgan.
—«Oltinsoy tog‘»ning oltini vas-vasasiga tushayotganlari soni oshib bormoqda. Shuncha say’-harakatlar, olib borilayotgan tezkor-profilaktik ishlarga qaramay, nafs balosi va boylikka ko‘r-ko‘rona ergashayotgan to‘g‘ri yo‘lni tanlashni o‘zlariga begona bilishyapti,— deydi jinoyat haqida «Xabar.uz»ga ma’lum qilgan Navoiy viloyati IIB axborot xizmati rahbari Fayozjon Qosimov.
Bildirilishicha, Xatirchi tumanining Oqtepa mahallasida istiqomat qiluvchi 33 yoshli O.B ham oson boyishni maqsad qilib, mahallasidagi 38, 32, 31, 20 hamda va 19 yoshli fuqarolardan iborat hech qayerda ishlamaydigan va jinoyat sodir etishga moyil yosh yigitlarni yig‘ib, jinoyat rejasini amalga oshirishga kirishgan.
Mazkur jinoiy guruh uzluksiz ravishda Xatirchi tumanining Oltinsoy tog‘ tizmalarida hech qanday ruxsatnomasiz, qo‘lbola usulda kon qazish ishlarni olib borishgan. O‘z hayotlarini va kelajagini xavf ostida qoldirish bilan bir qatorda davlat va jamiyat uchun ham katta moddiy va ma’naviy zarar keltirib chiqarishgan.
Navoiy viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Tezkor qidiruv xizmati xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda mazkur jinoiy guruhning sodir etgan noqonuniy xatti-harakatlari fosh etilgan. Jinoiy guruh a’zolari holat ustida daliliy ashyolar bilan qo‘lga olingan. Jinoiy faoliyat davomida ular xo‘jalik buyumlari va boshqa turli uskunalardan foydalanishgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoiy guruh a’zolariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 196 prim 2-moddasi (Foydali qazilmalarni oltin izlovchilar usulida ruxsatnomasiz qazib olish), 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bunday jinoyatni sodir etganlar bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, yanvar oyida ham «oltin tog‘» vasvasasidagi guruh qo‘lga olingandi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter