Qibrayda qurol ishlatgan xorijlik videosi yuzasidan rasmiy ma’lumot berildi, ammo...
Ijtimoiy tarmoqlarda xorijiy davlat fuqarosi O‘zbekiston hududida jangovar avtomatdan o‘q uzayotgani aks etgan video tarqaldi. Unda shaxs ochiq dala hududida AK-74 rusumli, optik mo‘ljal bilan jihozlangan quroldan yelim idishlarga qarata o‘q uzgani ko‘rinadi.
Toshkent viloyati IIBB ushbu holatga munosbat bildirib, joriy yil 20 yanvar kuni fuqaro Ya.Yu. o‘ziga tegishli, belgilangan tartibda ruxsatnomasi mavjud bo‘lgan ov qurolini Toshkent viloyati hududida tanishi Q.X.ga qonunga xilof ravishda foydalanish uchun berganini ma’lum qildi.
Qo‘shimcha qilinishicha, qurolni qo‘llash jarayonida insonlar yoki hayvonlarga zarar yetmagani qayd etildi.
Hozirda ushbu holat yuzasidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 220-moddasiga asosan hujjatlar rasmiylashtirilib, ov quroli va o‘q-dorilar belgilangan tartibda vaqtincha olib qo‘yilgan.
P.S. Toshkent viloyati IIBB matbuot xizmatining munosabatida xorijlik fuqaro ov qurolidan foydalangani aytiladi, biroq videoda u jangovar avtomatdan o‘q uzayotgani aniq ko‘ringan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter