Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Krokus Siti Xoll»dagi terakt bo‘yicha sudlanuvchilarga umrbod qamoq jazosi so‘raldi

«Krokus Siti Xoll»dagi terakt bo‘yicha sudlanuvchilarga umrbod qamoq jazosi so‘raldi

Foto: Asia-Plus

Prokuror «Krokus Siti Xoll» konsert zalida sodir etilgan terakt ijrochilarini alohida tartibdagi koloniyada umrbod ozodlikdan mahrum etishni so‘radi. Bu haqda RBK nashri jabrlanuvchilar advokatiga tayanib xabar berdi.

Tojikiston fuqarolari Shamsiddin Fariduniy, Dalerjon Mirzoyev, Muhammadsobir Fayzov va Saidakromi Rajabalizoda Jinoyat kodeksining bir nechta moddalari, jumladan terakt sodir etish bo‘yicha ayblanmoqda.

Davlat ayblovchisi, shuningdek, tergovchilar ijrochilarga yordam bergan deb hisoblanayotgan 11 nafar shaxsga ham umrbod qamoq jazosi tayinlashni so‘radi. Yana to‘rt nafar ayblanuvchi uchun esa 19 yil 11 oydan 22 yil 10 oygacha ozodlikdan mahrum etish jazosi talab qilindi.

Eslatib o‘tamiz, «Krokus Siti Xoll» konsert zalidagi terakt 2024 yil 22 mart kuni «Piknik» guruhi konserti boshlanishidan bir necha daqiqa oldin sodir bo‘lgan.

Qurollangan to‘rt nafar jangari binoga bostirib kirib, tomoshabinlarga o‘q uzgan, so‘ngra esa yong‘in chiqargan. Olov qisqa vaqt ichida zal bo‘ylab tarqalgan, yong‘in maydoni 13 ming kvadrat metrdan oshgan. Yong‘inni to‘liq bartaraf etishga bir kun vaqt ketgan. 

Rossiya manbalariga ko‘ra, terakt oqibatida 149 kishi halok bo‘lgan, qariyb 600 kishi turli darajada jarohat olgan.

Tergov versiyasiga ko‘ra, «Krokus Siti Xoll»ga hujum IShID tarkibiga kiruvchi «Viloyati Xuroson»  guruhi tomonidan tashkil etilgan. Tergov qo‘mitasi teraktni tashkil etishda Ukraina maxsus xizmatlari aloqador bo‘lganini bildirgan. Ukraina hukumati esa bunga aloqador emasligini ma’lum qilgan.

Mazkur hodisadan so‘ng Rossiyada migrantlarga nisbatan bosim kuchaygani va reydlar soni oshgani xabar qilingan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring