Toshkentda sayt rahbari va bloger qo‘lga olindi
Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan “Demokrat.uz” internet nashri rahbari Fazlidinxon Mehmonov hamda blogerlik faoliyatini yurituvchi Aziz G‘oipnazarovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil 15 dekabr kuni G‘oipnazarov Sergeli tumanida joylashgan avtosalonlardan biri faoliyatini obro‘sizlantiruvchi videomaterial tayyorlab, uni internet tarmoqlarida joylashtirgan.
Shundan so‘ng, “Demokrat.uz” rahbari Mehmonov va G‘oipnazarov ushbu videolavhani ijtimoiy tarmoqlardan o‘chirish, shuningdek, tadbirkorni obro‘sizlantiruvchi boshqa materialni ommaviy axborot vositalarida e’lon qilmaslik evaziga jabrlanuvchidan tovlamachilik yo‘li bilan 50 ming AQSh dollari talab qilgani aytilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, Mehmonov 29 yanvar kuni jabrlanuvchidan 3 ming AQSh dollarini olgan. Shuningdek, 10 fevral kuni 17 ming AQSh dollarini olayotgan vaqtida daliliy ashyolar bilan jinoyat ustida qo‘lga olingan.
Ayni paytda tergov harakatlari olib borilmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter