Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Zafar Hoshimov: «Yaqin kelajak hech kimni zeriktirmaydi!»

Zafar Hoshimov: «Yaqin kelajak hech kimni zeriktirmaydi!»

O‘tgan haftada Dubayning «Majid Al Futtaim» kompaniyasi va O‘zbekistonning «Akfa Group» o‘rtasida shartnoma imzolanib, unga ko‘ra, yaqin ikki yil ichida Toshkent shahrida xalqaro brenddagi Carrefour super va gipermarketlar tarmog‘i ochilishi ma’lum qilingandi.

«Korzinka.uz» supermarketlar tarmog‘i rahbari Zafar Hoshimov ushbu voqelikka o‘z munosabatini bildirdi:

— Fransiyaning Carrefour brendi do‘konlarining ochilishi haqidagi xabar biz uchun kutilmagan holat bo‘lmadi.

Bu haqda gaplar chamasi bir yildan beri yurgan edi.  Rostini aytsam, qiziqib kutgan edik.

Chunki Carrefour tarmog‘ining O‘zbekistonga kirishi qator ijobiy yangilik va qiziqarli lahzalar va’da qiladi.

Birinchidan, mamlakatning chakana bozori rivojlanishi Carrefour kabi xalqaro ishtirokchi e’tiborini tortishi darajasiga chiqqanligi mahalliy sharoitda so‘nggi o‘n yilliklarda chakana savdoni rivojlantirish yo‘lida tinimsiz ishlagan tarmog‘imiz uchun o‘ziga xos e’tirofdir.

Iste’mol bozoriga bunday qiziqish va uning imkoniyatlarini tan olinishi sohadagi, shubhasiz, yetakchi sifatida tarmog‘imizning kapitallashuviga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Turli brendlar va formatlarning paydo bo‘lishi butun bozor hamda uning har bir ishtirokchisini rivojlantirishga xizmat qiladi, ayniqsa, iste’molchilar uchun bu juda yaxshi yangilik. Ishonchim komilki, Carrefourdan ko‘plab jihatlarni o‘zlashtirib, o‘rganamiz. Albatta, Carrefour ham biz va bozorimiz haqida bilib olishlari kerak bo‘lgan xususiyatlar mavjud.

Iktisodimiz uchun yangi formatlar va savdo kanallari, iste’molchilar uchun esa tanlov hamda xilma-xillik oshishini anglatadi. Bularning barchasi zamonaviy savdo formati hamda  bu format mijozlari bazasini kengaytiradi. Nima bo‘lishidan qat’i nazar, barcha bozor ishtirokchilari faqat yutadi.

Raqobatdan qo‘rqyapmizmi? Yo‘q.

Tushuntiraman. 30 milliondan ortiq bozor uchun zamonaviy tarmoq chakana sektori hali ham kam rivojlangan. O‘zingiz uchun xulosa chiqaring, faqatgina poytaxtning o‘zida birlamchi ehtiyojdagi oziq-ovqat va zaruriy mahsulotlar yalpi iste’moli bo‘yicha butun boshli zamonaviy chakana savdo tarmoqlari ulushi atigi 9 foiz. Va bu, takror aytaman, viloyatlarga taalluqli emas. Umuman olganda esa, mamlakatda ayni ko‘rsatkich yana ham past bo‘ladi.

Taqqoslash uchun, qo‘shni Qozog‘istonda ko‘rsatkich 45 foizdan ortiq, Rossiya esa 75 foizdan ortiqni tashkil etdi. Yevropa va AQShda ayni raqamlar 90 foizga yaqinlashib qolgan.

Bizning bozor hali o‘sishi kerak, uning to‘lib ketishi, keskin raqobat hosil bo‘lishi uchun xali ancha bor. Bizda, mahalliy zamonaviy savdo tarmoqlarida hozircha bitta umumiy asosiy raqib - bozorlar va tizimsiz savdo mavjud. Biz, ya’ni mavjud zamonaviy chakana savdo ishtirokchilariga, mavjud yutuqlarimizga qaramasdan, bu jangda yolg‘iz kurashish juda mushkul edi. Shunday ekan, safimizga yangi jangchini mamnuniyat bilan qabul qilamiz, ayniqsa, u olib keladigan vositalar va bilimlarning butun tajribasi va arsenalini hisobga olganda, bu juda salmoqli yordam.

«Korzinka.uz» haqida gapiradigan bo‘lsak, biz, har doimgidek, shiddatli, kuch-quvvatga to‘la va yangi yutuqlar hamda kashfiyotlarga tayyormiz. Va eng muhimi, xaridorlarimizga doim sodiq qolamiz, taqdim etilayotgan xizmatlar va mahsulotlarimiz sifatini yanada rivojlantiramiz.

Biz bilan qoling, aminmanki, yaqin kelajak hech kimni zeriktirmaydi! — deb yozadi tadbirkor.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring