Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Adolatli dunyo qurish uchun kurashgan ayol...

Adolatli dunyo qurish uchun kurashgan ayol...

Foto: Internetdagi ochiq manbalar

1950-yillarning boshlarida Bruklin (Nyu-York)da Judi Heyman ismli kichkina qiz davlat maktabidan haydaldi. Bunga sabab rasmiylar uning nogironlar aravachasini “yong‘in xavfi bor” deb baholashgani bo‘ldi. Boshqa bolalar bilan to‘laqonli bilim olish o‘rniga, unga haftasiga atigi ikki soat uyda o‘qish taklif qilindi. Ammo Judi Heyman chetlatilishni keskin rad etdi.

18 oyligida poliomiyelitga chalingan qizaloq bir umrga nogironlik aravachasiga mixlanib qolgandi.

Judi yashayotgan dunyo unga o‘xshagan odamlar uchun yaratilmagan edi — na binolar, na maktablar va na qonunlar. Ammo buni jimgina qabul qilish o‘rniga, u dunyoni qayta tiklashga qaror qildi.

1970-yilda Nyu-York Shahar ta’lim kengashi favqulodda holatlarda sinfni evakuatsiya qila olmasligini aytib, unga o‘qituvchilik litsenziyasini berishdan bosh tortdi. Lekin u ishdan ketmadi, kengashni sudga berdi va g‘alaba qozondi. Biroq asosiy jang hali oldinda edi.

1977-yilda Heyman Amerika tarixidagi aksariyat odamlar hali guvoh bo‘lmagan eng shov-shuvli noroziliklardan birini tashkil etishga yordam berdi.

Faollar Kitti Koun va Meri Jeyn Ouen bilan birgalikda u 150 dan ortiq nogironlarni San-Fransisko federal binosiga olib keldi va u yerda ular 25 kun muqim qolishdi. Shu kunlar davomida hammasi polda uxlashdi. Hukumat Reabilitatsiya to‘g‘risidagi qonunning 504-bo‘limi — nogironlar huquqlarini himoya qiluvchi ilk federal qonunlardan birini qabul qilmagunga ular ketishdan bosh tortishdi.

Bu Qo‘shma Shtatlar tarixidagi federal binoda namoyishchilarning eng uzoq o‘tirishi bo‘ldi. Va bu ish berdi. Bu turtki 1990 yilda millionlab imkoniyati cheklanganlarni ish bilan ta’minlash, ta’lim, transport va ijtimoiy hayotda kamsitishdan himoya qiluvchi eng keng qamrovli fuqarolik huquqlari qonunlaridan biri – “Amerika nogironlari to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilishga yo‘l ochib berdi.

ADA (Americans with Disabilities Act of 1990) kuchga kirgandan so‘ng, Heyman AQSh ta’lim vaziri yordamchisi lavozimini egalladi va o‘z missiyasini butun dunyo bo‘ylab amalga oshirishga kirishdi, nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi milliy qonunlarini ishlab chiqishda yordam berish uchun o‘ttizdan ortiq mamlakatlarga tashrif buyurdi.

Judi Heyman 2023-yil mart oyigacha, ya’ni umri oxirigacha yanada adolatli dunyo qurish uchun kurashni bir zum to‘xtatmadi.

U bir marta bugungi kunda ham dolzarb bo‘lgan gap aytgandi: “Jamiyat bizni hayot uchun zarur bo‘lgan barcha narsalar bilan ta’minlay olmagandagina nogironlik fojiaga aylanadi. Nogironlar aravachasida yashashim men uchun fojia emas. O‘zgarish hech qachon biz o‘ylagan sur’atda sodir bo‘lmaydi. Asta-sekin, juda sekin nimadir yuz bera boshlaydi va keyin birdan, go‘yo kutilmaganda, nimadir o‘zgaradi”.

Judi Heymanga bir kuni u sinfga tegishli emasligi aytilgan edi. U oxir-oqibat sinf xonasidan boshlab dunyoni o‘zgartirdi.

Usmonjon Yo‘ldoshev tayyorladi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring