Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yer uchastkalariga oid huquqlarni tan olish tartibi yangilanmoqda

Yer uchastkalariga oid huquqlarni tan olish tartibi yangilanmoqda

Oliy Majlis Senatining 15-yalpi majlisida «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonun ko‘rib chiqilib, ma’qullandi.

Qayd etilishicha, keyingi yillarda aholining uy-joyga bo‘lgan huquqlarini ta’minlash, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan qurilgan ko‘chmas mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari va ularda qurilgan binolarga bo‘lgan huquqlarni tan olish jarayonlarini yanada tezlashtirish, vakolatli tashkilotlar mas’uliyatini oshirish hamda ayrim tartiblarni soddalashtirish zarurligi ta’kidlandi.

Yangi qonun bilan huquqlarni e’tirof etishga oid hujjatlarni ko‘rib chiqish muddatlari qisqartiriladi. Bu boradagi shikoyatlarni ko‘rib chiqish tartibi takomillashtiriladi hamda fuqarolar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratiladi.

Shuningdek, qonunga ko‘ra, yer uchastkalariga ijara huquqini e’tirof etish uchun bir martalik to‘lovni bo‘lib-bo‘lib to‘lash tartibi joriy etiladi.

Senatorlar fikricha, mazkur o‘zgarishlar fuqarolar va tadbirkorlarning ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarini rasmiylashtirishdagi to‘siqlarni bartaraf etishga xizmat qiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring