Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston meva-sabzavot eksporti nazoratini kuchaytiradi

O‘zbekiston meva-sabzavot eksporti nazoratini kuchaytiradi

O‘zbekiston meva-sabzavot eksportida narxlarni sun’iy pasaytirish oqibatida yuzaga kelayotgan yashirin iqtisodiyotga barham berish hamda sohada ochiqlik, sifat va shaffoflikni ta’minlash maqsadida yangi tartib qo‘llaniladi.

Bu haqda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi ma’lum qildi.

Agentlikning ma’lum qilishicha, bunda tahlilga asoslangan «Xavflarni boshqarish tizimi» (SUR) joriy etilmoqda.

Tizimga ko‘ra, eksportchi korxonalar 3 ta toifaga ajratiladi.

  • Yashil yo‘lak (past xavf);
  • Sariq yo‘lak (o‘rta xavf);
  • Qizil yo‘lak (yuqori xavf).

Qayd etilishicha, yashil yo‘lak (past xavf) tizimiga kirish uchun korxonalar belgilangan barcha talablarga javob berishi kerak bo‘ladi. Bu toifadagi tadbirkorlik subektlari uchun karantin nazorati va mahsulotlarni eksportga jo‘natish jarayonlari soddalashtirilgan tartibda amalga oshiriladi.

Sariq yo‘lak (o‘rta xavf) tizimiga esa belgilangan talablarni surunkali ravishda buzib kelayotgan tadbirkorlik sub’yektlari kiritiladi. Bunday hollarda korxonalar ogohlantirishdan so‘ng kamchiliklarni bartaraf etguniga qadar «sariq yo‘lak»ka o‘tkaziladi. Bu toifadagi tadbirkorlik subektlari uchun nazorat tanlab olish tamoyili asosida amalga oshirilib, uzum, pomidor, anor, limon, gulkaram, ko‘katlar kabi oziq-ovqat talablari qat’iy qo‘llaniladigan mahsulotlar laboratoriya tahlili majburiy etib belgilanadi.

Korxonalar qonunbuzilish holatlarini bartaraf etishlari uchun 5 kun muddat beriladi. Kamchiliklar bartaraf etilganidan so‘ng, korxona avtomatik ravishda «yashil yo‘lak»ka o‘tkaziladi.

Qizil yo‘lak (yuqori xavf)ga eksport talablariga amal qilmasdan, qoidalarni muntazam ravishda buzib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etmagan korxonalar kiritiladi. Korxonalar «qizil» tizimga kiritilishdan avval ogohlantiriladi va kamchiliklarni bartaraf etish uchun muddat beriladi. Bu yo‘lakdagi tadbirkorlik sub’yektlari uchun xizmatlar ko‘rsatish qonunbuzilish holatlari bartaraf etilguniga qadar vaqtincha to‘xtatiladi.

Ma’lumot uchun, 2025-yil davomida ayrim tadbirkorlar tomonidan soliq to‘lovlaridan qochish maqsadida eksport narxlarini sun’iy pasaytirish natijasida 192 mln dollarlik (2026-yil yanvar oyining o‘zida esa 37,5 mln dollar) mahsulot hujjatda aks etmagan. Bundan tashqari, ba’zi turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining oziq-ovqat xavfsizligi talablariga javob bermaganligi tufayli importchi davlatlardan 700 dan ortiq e’tiroznoma (notifikatsiya) kelib tushgan (joriy yilda birgina Rossiyadan 45 ta e’tiroznoma).

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring