Samarqandda sobiq hokim o‘rinbosari ushlandi: tafsilotlar
Kattaqo‘rg‘on tumani hokimi sobiq o‘rinbosari va soliq mansabdori ushlandi.
Soliq inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari va sobiq hokim o‘rinbosariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Bulung‘ur tumanida faoliyat yurituvchi «Buxgalteriya markazi» DM hisobchisi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xo‘jalikka nisbatan hisoblangan 150 mln so‘mlik soliq qarzdorligini o‘zining mansabdor tanishi orqali kamaytirib berishni va’da qilib, uning rahbaridan dastlab 3 mln so‘m olgan.
So‘ngra, u fermerdan qo‘shimcha tarzda 15 mln so‘m talab qilib, ushbu pul mablag‘ini Bulung‘ur tumani soliq inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari bilan birga olgan vaqtida DXX va IJQKD xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
2025-yilda Kattaqo‘rg‘on tumani hokimi o‘rinbosari lavozimida ishlagan shaxs o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, 1986-y.t. fuqaroni tuman tibbiyot birlashmasiga ishga joylashtirib qo‘yish evaziga 14 mln so‘m olgan. Ammo, u bergan va’dasini bajarmagan.
DXX va IJQKD xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda hozirda sobiq hokim o‘rinbosari bo‘lgan mazkur shaxs muqaddam olgan pul mablag‘i hisobidan 1000 AQSh dollarini qaytarib bergan vaqtida, uning noqonuniy harakati fosh etildi.
Hozirda har ikki holat yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter