Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Toshkent yo‘llari uchun «raqamli miya»: endilikda zarur yo‘nalishlarda «yashil chiroq» vaqti uzaytiriladi

Toshkent yo‘llari uchun «raqamli miya»: endilikda zarur yo‘nalishlarda «yashil chiroq» vaqti uzaytiriladi

Bugun, 12-mart kuni Toshkent shahar hokimligi binosida Yo‘l harakatini tashkil etish markazi (YHTEM) mutasaddilari ishtirokida poytaxt yo‘llarini yagona intellektual tizimga birlashtirishga qaratilgan raqamli transformatsiya jarayonining joriy etilishiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda ta’kidlanishicha, mazkur loyiha doirasida transport oqimini real vaqt rejimida tahlil qiladigan «aqlli» tizim joriy etilmoqda. Bu chorrahalarda harakatni samaraliroq tashkil etish, tirbandliklarni kamaytirish hamda yo‘l harakati xavfsizligini oshirishga xizmat qiladi.

Yangi tizim doirasida svetoforlar transport oqimining intensivligiga qarab avtomatik ravishda moslashadi. Maxsus kameralar va datchiklar chorrahadagi transport oqimini kuzatib boradi va zarur yo‘nalishlarda «yashil chiroq» vaqtini uzaytiradi.

Shuningdek, jamoat transportiga ustuvorlik berish mexanizmi ham joriy etilmoqda. GPS-monitoring orqali svetoforlar yaqinlashayotgan avtobusni aniqlaydi va unga ustuvor harakat imkonini beradi. Natijada avtobuslar bekatlarga tezroq yetib boradi va yo‘lovchilarning kutish vaqti qisqaradi.

«Hozirgi kunda tizimga 125 ta muhim chorraha ulangan. 2026-yilda 545 ta obyektni tizimga ulash rejalashtirilgan. Umuman olganda, Toshkent shahrida qariyb 1000 ta svetoforli chorraha mavjud.

Har bir «aqlli» chorraha kamida 4 ta kamera va transport oqimi zichligini o‘lchovchi datchiklar bilan jihozlanadi. Tizimni boshqarish va tahlil qilish jarayonlarida 30 dan ortiq transport muhandislari, AT-tahlilchilar hamda xalqaro ekspertlardan iborat jamoa faoliyat olib boryapti», – deydi Markaz bo‘lib boshlig‘i Olloyor Norbo‘tayev.

Shuningdek, poytaxtda transport tizimini takomillashtirish doirasida mavjud svetoforlarga vaqt hisoblagichlarini (taymerlarni) o‘rnatish, bekatlarni yagona standart asosida modernizatsiya qilish va ularning maydonini kengaytirish, chorrahalarni rekonstruksiya qilish, pullik avtoturargohlarni tashkil etish hamda tashqi reklama obektlarini tartibga solish va noqonuniy obyektlarni demontaj qilish kabi ishlar amalga oshiriladi.

«Birinchi bosqichda poytaxtning 100 km ko‘chasi va 14 ta chorrahani qamrab olyapmiz, – deydi Olloyor Norbo‘tayev. – Mazkur chorrahalarda tirbandlikning kamaytirish uchun 10 tasida qayta ta’mirlash ishlari olib borlisa, qolgan 4 tasida qo‘shimcha yo‘llar ochiladi.»

Rasmiyga ko‘ra, mazkur chorrahalar:

  1. I.Karimov va B.Zakirov ko‘chalari kesishmasi
  2. Oybek va Shaxrisabz ko‘chalari kesishmasi
  3. B.Zokirov avtoshohbekatga kirish
  4. KXAY – Shimoliy vokzal qarshisi
  5. Parkent ko‘chasi – «Parkent bozori»
  6. Bobur va Next-Seul ko‘chalari kesishmasi
  7. Farg‘ona yo‘li – Nukus chorrahasi
  8. Buyuk ipak yo‘li – Sh.Burxonov ko‘chalari kesishmasi
  9. Furqat va A.Navoiy ko‘chalari kesishmasi
  10. Sebzor ko‘chasi
  11. Maxtumquli va A.Qodiriy ko‘chalari kesishmasi
  12. Parkent va KXAY ko‘chalari kesishmasi
  13. A.Navoiy ko‘chasi (Furqat-Qoratosh)
  14. KXAYva Ziyolilar ko‘chalari kesishmasi

Ta’kidlanishicha, YHTEM tomonidan joriy etilayotgan intellektual transport tizimi poytaxt yo‘l tarmog‘ining «raqamli egizagi»ni yaratishga xizmat qiladi. Bu nafaqat tirbandliklarni kamaytirish, balki yo‘llarda harakat xavfsizligini oshirish, transport oqimini muvozanatli boshqarish va fuqarolarning yo‘lda sarflaydigan vaqtini qisqartirishga imkon beradi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur Markaz 2025 yil 4 dekabrdagi Prezidentning Toshkent shahrida transport tizimini boshqarishni takomillashtirish va tirbandliklarning oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar haqidagi 368-son qarori bilan tashkil etilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring