Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekistonda «omikron»ning VA.5 varianti keng tarqalayotgani aytildi

O‘zbekistonda «omikron»ning VA.5 varianti keng tarqalayotgani aytildi

Sog‘liqni saqlash vazirligi hozirgi kunda respublikada «omikron»ning qaysi subvarianti dominant versiyaga aylanganni aniqlash maqsadida joriy yil 10-12-noyabr kunlari Respublika maxsus 1-son Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasiga gospitalizatsiya qilingan 27 nafar bemordan tibbiy namunalar olinganini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, olingan tahlillar Innovatsion rivojlanish vazirligi qoshidagi Ilg‘or texnologiyalar markazida sekvenlash jarayonidan o‘tkazilganida 27 nafar bemorning barchasi «omikron» shtammining BA.5 subvarianti bilan zararlangani ma’lum bo‘lgan.

Mutaxassislarning ma’lum qilishicha, BA.5 subvariantining avvalgi mutatsiyalardan farqi uning yashirin davri boshqa shtammlar singari 5-6 kun emas, balki 2-3 kunni tashkil etishidir.

Uning asosiy belgilari:

  • tomoq og‘rig‘i,
  • tana haroratining gektik (41 darajagacha) ko‘tarilishi,
  • bosh va mushaklarda kuchli og‘riq,
  • holsizlik,
  • uyquchanlik,
  • kon’yuktivit (10 foiz holatda),
  • rint va tonzilit (40 foiz holatda),
  • otit (10 foiz holatda),
  • diareya (10 foiz holatda).

Shuningdek:

  • kuchli va xurujli yo‘tal,
  • ba’zi hollarda ko‘krak qafasida og‘riq,
  • nafas qisishi va havo yetishmaslik belgilari yuzaga kelmoqda.

– O‘pka to‘qimasining zararlanishi 30-40 foiz holatlarda kuzatilmoqda, – deydi Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori Anvar Husanov. – Bunday bemorlarning aksariyati uy sharoitida yoki ba’zi xususiy klinikalarda antibiotik, gormon preparatlari hamda tomchi dorilarni tomir ichiga maqsadsiz va palapartish qabul qilgan yurtdoshlarimizdir.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda noyabr oyidan boshlab koronavirusga chalingan bemorlar soni sezilarli darajada ortmoqda. Xususan, kecha mamlakat bo‘yicha 159 kishida kasallik ro‘yxatga olindi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring