Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Samarqandda shifokorga nisbatan ochilgan jinoyat ishi bekor qilindi

Samarqandda shifokorga nisbatan ochilgan jinoyat ishi bekor qilindi

Foto: Xabar.uz

Avval xabar qilinganidek, mamlakatimizdagi axborot saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyatida fuqaro X.D.ga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilayotganligi to‘g‘risida xabarlar tarqalgan edi. Unda samarqandlik tibbiyot xodimi tibbiy tekshiruvlardan o‘tmasdan 34 nafar kishiga koronavirus infeksiyasini yuqtirishga sababchi bo‘lganligi aytilgandi.

Mazkur holat yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi X.D.ga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi qarorni asossiz, deb hisoblab,  vazir Alisher Shodmonov O‘zbekiston Respublikasi Bosh Prokuroriga shifokorga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi qarorni bekor qilish masalasining ko‘rib chiqilishini so‘rab murojaat yo‘llagan edi.

Bugun ushbu murojaat yuzasidan Bosh prokuratura tomonidan javob xati keldi. Unda qayd etilishicha, Bosh prokuratura mazkur jinoyat ishi hujjatlarini o‘rganish jarayonida X.D.ga nisbatan to‘plangan hujjatlar bo‘yicha olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari har tomonlama, sinchkovlik bilan o‘tkazilmasdan, barcha holatlar to‘liq tekshirilmasdan, shoshma-shosharlik bilan barvaqt jinoyat ishi qo‘zg‘atish to‘g‘risida qaror qabul qilinganligini aniqlagan.

Shunga ko‘ra, Samarqand viloyat Ichki ishlar boshqarmasi huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan X.D.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 257-1-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atish haqidagi qaror Bosh prokuratura tomidan bekor qilingan.

Murojaat Bosh prokuratura tomonidan chuqur o‘rganilib, tezkorlik bilan ijobiy hal qilinganligi shifokorlarimizni quvontirishi, o‘z kasbiga nisbatan yana-da mas’uliyat bilan yondashib, faoliyat yuritishlariga zamin yaratishi shubhasiz, deyiladi SSV xabarida.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring