Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Zarafshon daryosi suvi keyingi yillarda o‘rtacha 18-22 foizga kamayib ketgan

Zarafshon daryosi suvi keyingi yillarda o‘rtacha 18-22 foizga kamayib ketgan

Zarafshon daryosi suvi keyingi yillarda o‘rtacha ko‘p yillik me’yordan 18-22 foizga kamayib ketgan. Bu haqda Samarqand viloyat hokimi Erkinjon Turdimovning fermer va dehqon xo‘jaliklari, tomorqa yer egalariga murojaatida qayd etib o‘tiladi.

Qayd etilishicha, mazkur daryo viloyatning suvga bo‘lgan ehtiyojining 98 foizini qondiradi. Bu suvdan foydalanadigan aholi soni esa yil sayin oshib, suv tanqisligi tobora kuchli sezilmoqda.

Tahlillarga ko‘ra, Zarafshon daryosi suvi shakllanadigan qo‘shni davlatdagi Fedchenko muzligining hajmi oxirli 50 yilda 30 foizga qisqargan va bu jarayon tobora tezlashib boryapti.

«Hozirgi kunda Samarqand viloyatida suv tanqisligi 900 mln metr kubni tashkil qiladi. Bundan 5-6 yil oldin ushbu ko‘rsatkich 650-700 mln metr kub edi. Suv tanqisligi 2030 yilga borib 1,1 mlrd metr kubga yetishi mumkinligi bashorat qilinmoqda.

Bu raqamlar har birimizni chuqur mulohaza qilishga, suvning qadrini anglashga va uni tejashga da’vat etadi», – deydi Turdimov viloyatda suvni tejash bo‘yicha safarbarlik e’lon qilar ekan.

Viloyat hokimi murojaatida qayd etilishicha, 2024-yil 15-martga qadar viloyatdagi 2 543 km kanal va ariqlar (shundan, magistral kanallar 93 km, ichki kanallar 150 km, ichki ariqlar 2 300 km) betonlashtiriladi. 54,8 ming gektar maydonda suv tejamkor texnologiyalar joriy qilinadi.

«Yer va suv resurslarimiz ko‘paymaydi, ularning miqdori chegaralangan. Shu sababli har birimiz uni asrab-avaylashimiz, kelajak avlodga ham yetkazish o‘zini samarqanlikman degan har bir fuqaroning muqaddas burchi bo‘lmog‘i lozim», – deydi Erkinjon Turdimov.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring