Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

Nasiba Islamova: «O‘ziga qiziq bo‘lmagan odam boshqalarga ham qiziq emas» yoxud ongli yashash haqida

Nasiba  Islamova: «O‘ziga qiziq bo‘lmagan odam boshqalarga ham qiziq emas» yoxud ongli yashash haqida

Bugungi suhbatdoshim Nasiba Islamova, 38 yosh, oilali, ikki qizaloqning onasi. Shvetsiyada yashaydi. Life coach, intellekt-trener. Life coach oddiy tilda hayotiy murabbiy, ya’ni nafaqat haqiqiy istaklarni aniqlashga, balki ularga erishishga yordam beradigan murabbiydir. Hayotiy murabbiylikning asosi kouch va mijoz o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatishdir. Nasiba Islamovaning ijtimoiy tarmoqlarda «Baxtlilar akademiyasi» va «Ayollar olami» degan guruhlari bor.

 –  Siz qanday ayollarga yordam berasiz?

– Facebookda juda ko‘p ayollar murojaat qiladi. Shaxsiyga yozadigan ayollarning to‘qson foizidan yuz foiziga psixolog kerak. Men uchun har doim haqiqiy bo‘lish, to‘g‘risini aytish muhim narsa. Chunki hamma narsa haqiqiylikdan boshlanadi. Men psixolog emasman, men kouchman – potensiali kuchli, ammo o‘zini topolmagan ayollarni yuzaga chiqarishni istayman. Ularni chuqurroq fikrlashga undayman. Muhim hayotiy mavzularni do‘stona fikrlashamiz. Bizning o‘rtamizdagi gap hech qachon ko‘chaga chiqib ketmaydi. O‘zbek xarakteri juda yopiq. Biz fikrlarimizni tashqi dunyodan, hatto o‘zimizdan yashirib unutib qo‘yamiz. Ayniqsa o‘zbek ayollari niqobda bo‘lishga majbur. Men nima uchun kouchlikni tanladim? Oliy ma’lumotliman, iqtisodiyotni tugatganman, 10 yil O‘zbekistonda buxgalter va konsultant bo‘lib ishlaganman. Keyin turmushga chiqdim, Shvetsiyada yashay boshladim va uyda o‘tirib qolganimda tushkunlikka tushdim, o‘zimni baxtsizroq his qildim, turmush o‘rtog‘im kuni bilan ishda... Men o‘zgarishni o‘zimda boshladim, o‘z ustimda ishladim.

– Yuqorida «o‘zbek xarakteri» degan iborani aytib o‘tdingiz...

– Maqtanchoqlik ham bizning niqobimiz. Maqtanchoqlik bizda tibiiy hol – 90 foiz odam maqtanishni yaxshi ko‘radi. Bitta ayol bilan ko‘p vaqt davomida ishlayapman. «Odamlar meni baxtli, hamma narsasi bor deb hisoblaydi, ammo unday emas», deydi. O‘sha ayol o‘zi haqida yolg‘ondakam baxtli degan fikrni o‘zi tug‘dirayotganini bilmaydi. Ayol yana bilmaydiki o‘zining haqiqiy hayoti bilan yolg‘on hayoti o‘rtasidagi uzilishni. Hech bo‘lmaganda u hayotini  «bo‘rttirib» ko‘rsatishni kamaytirsa, «energiya»sini, ya’ni kuchini haqiqiy hayotiga bag‘ishlaydi. O‘z ustida ishlamasdan, hayotini boshqalarga ko‘rsatish bilan shug‘ullanayotgan odam kuchini illyuziyalarga sarflab yuboradi. Natijada haqiqiy hayotini unutib o‘zini baxtsiz his qila boshlaydi. Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p kuzataman, bir narsa olsak darrov maqtanamiz. Sep yoyish, mebel ko‘rsatishniku gapirmay qo‘yaqolay, yegan ovqatimizni ko‘z-ko‘z qilamiz. Hatto qilgan yaxshiliklarimizni qistirib o‘tamiz gap orasiga. Hamma uchun gapirmayman, ammo shu odatimiz kimlarningdir o‘ksinishiga olib keladi, kimlargadir alamzadalik. Ya’ni bu ishlarimiz bilan odamlar ichida asosan negativ tuyg‘u uyg‘otamiz. Eng yaqinimiz va o‘ziga ishonchi kuchli inson to‘g‘ri qabul qiladi, boshqalar esa aksincha. Qancha kizlar dugonasining sepini ko‘rgach o‘shandan kam qilmaslik uchun tirishib o‘zini va ota-onasini azobga qo‘yadi?! Vaholanki sep hech kimga baxt bermagan! Qancha ayollar dugonasining storisida yangi olgan tillalarni ko‘rib eridan ko‘ngli qoladi?! Balki janjal ham qilar? Balki o‘zini baxtsiz his etar….

Bilasizmi, ba’zi oilalar buzilish jarayoni kimningdir narsasiga havasdan boshlanadi! Maqtanchoqlik yana o‘z baxtlilik yoki omadliligimizni ko‘z-ko‘z qilishimizga ham tegishli.  «Baxt jimlikni yaxshi ko‘radi», degan gap bor. Agar o‘ylab ko‘rsak shu odat hammamizda,  har xil darajada bor. Bu bizning jamiyat ongimizga singdirgan dasturlardan biri. Deyarli butun sobiq sovet ittifoqi xalqlarida bor. Xo‘sh, shu odatimizdan kechsak har birimiz, nimalar o‘zgaradi dunyoda?!

Ongli hayotga qadam tashlashingizga sababchi bo‘lgan omillar haqida aytib o‘tsangiz.

– Ongli hayotga qadam tashlashimda o‘zimga o‘zim yordam berganman, bu uchun o‘zimdan minnatdorman. Bizga oliy kuchlar tomonidan qiyinchiliklar, baxtsizliklar, sinovlar beriladi. Kichkina qiyinchiliklarga boshida e’tibor bermaymiz. Bir kun kelib shunaqa vaziyatga tushasanki o‘zgarishga to‘g‘ri keladi. Mening asosiy qiyinchiligim qo‘rquvlardan boshlangan. Bu bolalar bilan bog‘liq edi. Eng og‘ir qo‘rquvni boshdan kechirdim. Bir hafta davomida ovqat ham yeyolmadim, uxlolmadim. Men kibrimni yengib yordam so‘radim. Internetda  deyarli tanish bo‘lmagan astrolog Polinadan yordam so‘radim. Polina bo‘lsa meni psixologga yo‘lladi. Va menga mana shu katta yordam berdi. Onglilik yo‘liga kirgan mutaxassislar ongli yo‘lning odamisan deb aytishardi. Eng birinchi o‘rinda kouch va mijoz o‘rtasida ishonch paydo bo‘ldi. Do‘st va jamoa sifatida biz bir-birimizni hurmat qilamiz. Psixologimning ham o‘z psixologi bor. O‘zbekistonda pul uchun psixologlik qilayotganlar ko‘p, lekin qalban, haqiqiy yordam bera oladigan mutaxassislar ham ko‘p. Hech qachon psixologdan yordam so‘rashdan uyalmaslik kerak. Endi ongli hayot haqida!

Aqlli odamlar unvonlari, olgan oliy ma’lumotlari, diplomlari soni bilan faxrlanadilar. Ularda barcha savollarga javob bor.

Ikkinchi toifadagi odamlarning hamma ishi joyida. Tozalikda zo‘r, pazanda, tili shirin, o‘ziga qarab yuradi – chaqqonlar!

Uchinchi tur ayollar es o‘y-fikri er, erning ko‘ngli, boshqa ayollar, rashk. Balki yana boshqa turlar ham bordir, bu mening boshlang‘ich fikrlarim.

Ha aytgancha, men birinchi turidan edim. Keyinchalik Polina orqali yana boshqa insonlarni uchratdim, ongli yashovchilarni eshitdim, audiokitoblar eshitdim (o‘qish menga yoqmaydi) va aqllilikdan kechdim. Bu menga katta erkinlik berdi.

Aslida qalbimiz bilan, muhabbat bilan yashashni eng to‘g‘ri yo‘l deb hisoblayman. Ongli hayot bu bizga berilgan energiyani to‘g‘ri yo‘lda ishlatish. Ongli hayot bu – inson qadrini anglash, keraksiz gaplarni (g‘iybat, jabrdiydalik, yolg‘on, tuhmat...) yig‘ishtirish, tabiatga mehr berish... Negativ hissiyotlardan kechish! Foydasiz fikrlarni to‘xtatish. Har bir qilayotgan ishimiz atrofga qanday ta’sir o‘tkazishini anglash va ularni to‘g‘ri tanlash.

Bizning qilayotgan har bir ishimiz, gapirgan gapimizning dunyo o‘zgarishiga ta’siri bor.  

– Musibat insonlarni birlashtiradi. Katta musibat esa xalqning umumiy sifatlarini o‘zgartiradi, degandingiz...

– Katta musibatlar rostdan xalqning umumiy sifatlarini (kollektiv ongsizlik) o‘zgartiradi. Ukrainada urush boshlanganida tanish ukrainalik ayol aytgandi: «Urushib, gaplashmay qo‘ygan dugonalar birlashdik, bir-birimizni kechirdik». Bu balki qo‘rqinchli tuyular, lekin xalq  jaholatdan tiyilmasa, o‘zgarmasa bundan ham kuchli musibatlar berilaveradi. Bu mening o‘zim uchun qilgan xulosam. Agar biz xalqni bitta organizm deb hisoblasak, har bitta inson uning hujayrasi. Hujayralar rak hujayralaridek noto‘g‘ri ishlashni boshlasa, o‘sha organizm halokatga yuz tutadi. Shuning uchun har bitta hujayra, ya’ni har bir inson o‘zini o‘zi isloh qilish kerak. Agar siz yorqin, sog‘lom hujayraga aylansangiz atrofdagi hujayralar ham tuzalishni boshlaydi. Ya’ni insoniylik hissiyotlari kuchayishi  uchunam musibatlar keladi. Ukrainaning har bir hujayrasi, ya’ni odami o‘zgarayapti, demak millat o‘zgaradi... Afsuski bu qurbonlik evaziga bo‘ladi. Turkiyada ham mana shunday katta yo‘qotishlar, qurbonliklar, musibatlar o‘zgarish kerakligi haqida belgidir balki.

Turkiyaga juda ko‘pchilikning rahmi keldi. Ammo ongli yashayotgan odam uchun rahmdillik muhim emas. Sababi faqat rahm qilish bilan dunyoni o‘zgartirib bo‘lmaydi. Dunyoni o‘zgartirishni istagan odamning, avvalo o‘zi o‘zgarishi kerak. Nimagadir bizda odamlar boshqalarni o‘zgartirishga intiladi. Inson o‘zidagi barcha kamchiliklari bilan haqiqiyligini tan olishi, yomon tomonlari bilan ishlashni boshlashi kerak. Har bitta odamdan so‘rasangiz o‘zini zo‘r inson deb o‘ylaydi. Agar o‘zini chuqurroq taftish qilsa o‘zgartirish kerak bo‘lgan tomonlari ko‘pligini anglaydi. Fevraldagi zilzila Turkiya va Suriya millatlarini o‘zgartiradi. Oldinlari bemalol pora olib yashab yurgan ba’zi odamlar endi unaqa yashay olmaydi, chunki endi yegani tomog‘idan o‘tmaydi. Insof endi shunchaki chiroyli so‘z bo‘lmaydi, u odamlarning vujudiga aylanadi. Afsuski «insonlarni uyg‘otish» uchun shunday fojealar bo‘ladi. Chunki biz nafsini quliga aylangan, xudbin, o‘z egoimizni erkalab yashaydigan mavjudotlarmiz.

Qani edi, oh tortib, dod-voy solishimiz insonlarning hayotini o‘zgartirganda – ehtimol hammamiz kecha-yu kunduz shuni qilar edik. Ammo bizning qo‘limizdan kelgani saboqlarni tushunib, ulardan xulosa chiqarish. «Mening bunga aloqam yo‘q», deb o‘ylamang.  Bu «dars»ning mohiyati shundaki, biz barchamiz dunyomiz uchun javobgarmiz. Musibatlar bizni jaholatdan uyg‘otish uchun yuborilmoqda.

Qadriyatlar o‘zgarishi, insonga muhabbat barchasidan ustun bo‘lishi kerak. Biz moddiyatni Xudoga aylantirdik! Uylar qurdik, uy narxida mashinalar oldik. Bu yo‘lda qancha insonlarga zarar yetkazdik, tabiatni buzdik, ko‘ngillarni og‘ritdik. Turkiyadagi zilzila esa bizga bir necha soniyada hammasidan judo bo‘lish mumkin ekanligini ko‘rsatdi. Boyliklarimiz shunchaki illyuziya ekanini bildirdi.  

– Kollektiv ongsizlikning ma’nosini kengroq tushuntirib o‘tsangiz?

– Soddaroq qilib tushuntiradigan bo‘lsam kollektiv ongsizlikni avloddan avlodga yetkazib beramiz. Ongsizlik bu hamma qilayaptiyu men ham shunday qilishim kerak, degan tushunchada yashash.

 Jaholatdan uyg‘onish qanday sodir bo‘ladi? Jaholatdan uyg‘onish nima? Bu yangi unvon olish, yuzlab kitobni o‘qish yo chet tilini o‘rganish emas.  Bir yil davomida o‘qidim, o‘rgandim. Jaholatni o‘qimishsizlikda, kitob o‘qimaslikda ko‘rishadi. Jaholat bu inson sifatida, tabiatning bir qismi sifatida rivojlanmaslik. Inson bitta harf tanimasdan turib jaholat qilmasligi, lekin olimligicha ham jaholatda yashayotgan bo‘lishi imumkin, ya’ni hayotdagi muhim narsalarni anglamasligi mumkin. Masalan urf- odatlarni, orzu-havaslarni ko‘paytirish, chuqurlashtirish kollektiv ongsizlik va jaholat. Keraksiz narsalar odamni shaxs sifatida rivojlantirmaydi. Ijtimoiy tarmoqlarda kuzatishimcha, aqlli, o‘qimishli insonlar ham ko‘ngilni og‘ritadigan gaplar yozarkan. Men sendan go‘zalroqman, yaxshiroqman, aqlliroqman deyishning o‘zi jaholat. Odamni shaxs sifatida o‘zgartirmaydigan narsalarga vaqt sarflash jaholat. Egoyimizni o‘stiradigan narsalarga vaqtimizni sarflashimiz bu jaholat. Intellekt trener sifatida o‘sha yerda o‘rgatadigan mashqlarim jaholatdan uyg‘onish uchun birinchi qadamni beradi. Qiyinchiliklar darajasi kuchayib ketgach hayotingizni o‘z qo‘lingizga olasiz.  

– O‘z hayotini inson qachon qo‘lga ola boshlaydi?

— Ayollar «Shu yomon erimni men tanlamadim, ota-onam tanladi» deb bahona qilishlari mumkin. Shunday bo‘lsada, o‘rniga ota-onaga tanlov qilishga ruxsat bergan kim? Qizning o‘zi! «Bizga shunday tarbiya berildi», deb yana boshqalarni, mentalitetni ayblashimiz mumkin. Ammo atrofga boqsangiz, shu mentalitet ichida ham o‘z hayoti uchun javobgarlikni o‘ziga olib yashayotgan ayollar ham ko‘p. Haqiqat shunda-ki, biz hayotimiz uchun o‘zimiz javobgar ekanimizni his etib yashamasak, taqdirimizni boshqarmasak, uni boshqalar qo‘liga tutqazib qo‘ysak – hayotimizga qiyinchiliklar berilaveradi. Chunki qiyinchiliklarning maqsadi – bizni uyg‘otish! Ammo yaxshi xabarlar ham bor! Hayotimizni o‘z qo‘limizga olishga hech qachon kech emas! Hatto 50, 60 yoshda ham! Hatto hayotingizning 3 kuni qolgan bo‘lsa ham uni o‘zingiz yashab ko‘ring.   Ongli inson hech qachon negativ mavzularni rivojlantirmaydi. Eng muhimi onglilik sizni kibrdan xalos etadi!  Siz tojingizni yechib oddiy odamga aylanasiz. Kimlarnidir o‘zgartirishga urinmaysiz. Yoki yaxshilik tarqatasiz yoki jim ketasiz!

– Dunyo ishlarida har doim balans bo‘ladi! Olishning berishi ham bor, degan fikrlaringiz juda yoqqan menga.  

– Ba’zida  boshimizga ish tushsa «Nima uchun? Qaysi gunohim uchun? Nega aynan men?» deb o‘ylaymiz. «Qayerda xato qildim?» deb o‘zimizni qiynaymiz va omadsizligimiz, bizga boshqalarning munosabati sababini chin dilimizdan tushunmaymiz. Har birimiz yaxshi inson bo‘lishga xarakat qilib yashaymiz, to‘g‘rimi? Ishim yuzasidan ko‘plab ayollarga (to‘lovsiz) suhbat  belgilayman. Mening manfaatim 100 kishidan bittasi bilan davomiy ishlash. Buni anglayman va tayyorman. Demak, men kim uchundir vaqt belgilayman. Aytilgan vaqtda hamma yoqni tinch qilib, tayorlanib kutaman. Ammo, yozilgan ayollarning aksariyati (afsuski ko‘p qismi) uchrashuv haqida unutadi yoki qo‘ng‘iroqqa javob bermaydi.

Aslida bunga ham o‘rganganman, ancha ko‘nikib qolganman. Uzr so‘rab yozadigani 1%, yana 50% i men o‘zim so‘rasamgina uzrini aytadi.

Eng yomon tomoni esa, ko‘p hollarda «kasal bo‘ldim» yoki undanam dahshati «bolam kasal» degan bahona. Balki rostdan xam shundaydir, lekin afsuski, men bunday bahonalarni  millatimizning eng yomon bir odati deb bilaman.

Xo‘sh bunga balansning  nima aloqasi bor?

Gap shundaki odam kimgadur vaqt belgilanganda u o‘sha insonning shuncha vaqtini oladi. Yana o‘z misolimda keltirsam. Ya’ni belgilagan vaqtim unumli ishlatilmay qoladi. Demak vaqtim uchun u inson qarzdor! U qarzni menga to‘lamaydi. Bu yerda gap pul haqida ham emas! Lekin shunaqa mayda-chuyda «qarzdorliklar» yig‘ilib boradi. Inson kimningdir vaqtini hurmat qilmadimi, o‘zining vaqtiga nisbatan ham boshqalardan hurmat ololmaydi.

Yana bir «ko‘rinmas qarz» misoli. Berilgan savolni javobsiz qoldirish! Bilmasdan qilish haqida gapirmayapman. Bilib turib javobsiz qoldirish haqida. Har xil millatlar bilan aloqada bo‘lganim sabab bu aynan o‘zbeklarga xos xislat, o‘zbekona odat deb hisoblayman (fikrim sub’yektiv).

Ha aytgancha! Bizda indamay qo‘yish(savolga javob bermaslik, qo‘ng‘iroqni ko‘rmaganlikka olish va h.k) – go‘yoki insonni xafa qilmaslik deb hisoblanadi. Lekin bu bir bahona. Biz shunchaki  o‘zimizni «yomon» ko‘rsatmaslik uchun shu yo‘lni tutamiz. Agar o‘ylab ko‘rsak biz juda ko‘p shunaqa kichik qarzdorliklarni vujudga keltirib yashaymiz.

Bu qarzchalarimiz esa hayotimizning boshqa tomonlari hisobidan badal sifatida qaytariladi.

  – Jamiyatimizda baxtsiz insonlar ko‘pmi?

 – Bizning jamiyatimizda baxtsiz insonlar ko‘pdek nazarimda. Ongsiz yashayotganimizning o‘zi baxtsizlik. Oilaviy, moliyaviy sharoitdan emas, haqiqiy ongsizlik bor joyda baxtsizlik bor. Haqiqiy ongli hayot boshlangandan keyin baxtlilik boshlanadi.

Buni har kuni ijtimoiy tarmoqlarda yaqqol ko‘rishingiz mumkin. Eng ommalashgan holatlardan biri, qaynonalar keliniga azob berishgani. Bu qaynonalar yomon insonligidanmi?

Yo‘q. Bu baxtsizlikdan. Ko‘p erkaklar ayollariga zulm qiladilar! Ularning barchasi shunday razil odamlarmi yoki ruhiy nosog‘lom?  Yo‘q. Bu ko‘p hollarda «er» bu jamiyatda o‘z o‘rnini topolmagani, ich-ichidan kamsitilganlik hissi bilan yashaganidan, hayotda o‘z o‘rniga ega  bo‘lolmaganidan! Ayollar o‘zaro g‘iybat qilishadi, bu madaniyatning kamayib borayotganimi yoki bekorchilikdan? Yo‘q. Ayol baxtni tatimaganidan.

Siz, men, har birimiz shu ondan boshlab o‘zgarishni, muhabbatga to‘lishni maqsad qilsak, biz albatta «muhabbat» virusini atrofimizdagilarga ulashamiz. Bu har birimizning qo‘limizdan keladi! Buning uchun siz «Mening baxtim bu faqat mening qo‘limda» degan  oddiy haqiqatni anglashingiz kerak! Bir baxtli inson atrofidagi ko‘plab odamlarga nur sochib, ularni ham baxtli bo‘lishga undashi mumkin.

Baxtli inson hech kimga qo‘pollik qilmaydi, yomonlik qilmaydi.

– Insonning o‘z shaxsiy hududini bilmasligi jamiyatga qanchalik zarar yetkazadi?

–  Shaxsiy hududni Yevropada ikki yoshli bolalar ham biladi. Masalan attraksionlarda ikki yosh bolalar birovning chegarasini bosib o‘tmaydi, o‘zining navbatini kutadi. Shaxsiy hududni bilmaslik ham ongsizlik. Xorijda kichkina bolalarni o‘pib erkalash ham shaxsiy hududning buzilishi uchun birinchi qadam. Shu uchun bizlarda pedofillik kuchayib ketgan. Hammasi mana shu birovning chegarasini buzishdan boshlanadi. O‘zining chegarasini bilgan odam boshqalarning chegarasini ham hurmat qiladi.

 Har bir inson o‘ziga yarasha iqtidor bilan tug‘iladi...

– Yosh bolalarni kuzatsangiz buni yaqqol sezasiz.  Bir bola o‘yinchoqlarni buzadi, tuzadi, o‘rganadi. Bunday bolalardan asosan injener-kontstruktor soha vakili chiqadi. Ayrim qizlar doim o‘yinchoqlarini davolaydi, mehr beradi. Ular shifokor yoki pedagog kasbini tanlaydi. Mening katta qizim ko‘zgu oldidan ketmaydi, makiyaj qilib ko‘radi, kiyimlarini almashtiradi – go‘zallik sohasida iqtidori borligini ko‘raman. Nima deb o‘ylaysiz, men shu qizimga sen o‘qib doktor bo‘lishing kerak desam yoki huquqshunos bo‘lishga undasam to‘g‘rimi? Yoki iqtidoriga qarab zo‘r tikuvchi bo‘lgani yaxshimi?

Ko‘p hollarda ota-onalar o‘z orzu-armonlarini farzandlariga singdiradi, qo‘pol qilib aytganda, tiqishtiradi.

Bizning mentalitetimizda ota-ona istagi qonun bo‘lgani sababli bolalar ham indamay o‘sha ko‘rsatilgan yo‘ldan  ketishadi! Mana shu vaqtda u o‘zligini yo‘qotadi. 16-17 yosh bolalardan «Kim bo‘lishni istaysan» deb so‘rasangiz deyarli har doim ota-onasi istagiga ko‘ra javob beradi. Chunki ularni xursand qilishni istaydi.

Yoshi o‘tgan sari inson o‘zganing havaslarini deb o‘z hayotini yashamayotganini sezadi, ammo endi kech deb hisoblaydi. Orzular armonga aylanadi.

U ham o‘zining o‘tolmagan yo‘lini  keyinchalik farzandlariga meros qilishi mumkin. Men doktor bo‘la olmadim, sen bo‘lasan va bu bolaning xohishlari bilan mos tushadimi yo‘qmi, farqi yo‘q. Qarabsizki, hech kim o‘z yo‘lida yasholmay o‘tib ketadi.

 Bu mavzuda juda ko‘p suhbatlashish mumkin, aytolmay qolgan gaplaringiz...

– Hammamiz o‘z iqtidorimizga xos ishlar bilan shug‘ullanaylik! O‘z orzularimizga o‘zimiz intilaylik. Bolalarda esa «baxtlilik» hissini meros qilaylik... O‘zligimizni topib, ongli yashaylik. Bilib qo‘ying, o‘ziga qiziq bo‘lmagan inson hech kimga qiziq emas.

                                                                       Barno Sultonova suhbatlashdi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring