Hayitlik
Ufq uzra sizib chiqqan nimjon tong nurlari tun zulmatiga bas kelolmay, mahzun va tund qiyofada qotib qolgandi. Uy ichidagi sukunat va zulmat esa Hoshimjonning yuragiga ko‘chgan, butun borlig‘ini chorasizlik va iztirob iskanjasiga solgandi.
Bugun — arafa. Ertaga esa Muqaddas Hayit ayyomi…
Hoshimjon yolg‘iz o‘g‘li Sobirjonga bayram quvonchini tuhfa qilishni, hech bo‘lmasa arzigulik bir hayitlik olib berishni niyat qilgandi. Ammo hayitlik uchun asrab qo‘yilgan bor-budi ayolining kutilmagan xastaligi sabab dori-darmonga sarf bo‘lib ketdi. Umidsizlik uning yuragini kemirar, ichidagi og‘riqli xo‘rsiniqlar tomog‘iga tiqilardi.Mana uch kundirki, uning yagona tirikchilik manbai bo‘lgan mardikor bozorida tayinli ish chiqmasdi. Osmon ham go‘yo odamlar dardiga sherik bo‘lganday, tinimsiz yig‘lar, sovuq yomg‘ir yerni savalardi. Har tong hamqishloqlari bilan umid ilinjida bozorga chiqishar, ammo kun bo‘yi yomg‘irda ivib-shallabo bo‘lib, kechga yaqin quruq yo‘lkiraga arang yetadigan chaqalar bilan mahzun qaytishardi.
Bu o‘ylar Hoshimjonning ko‘ksiga toshdek botardi. Biroq u yaxshi bilardi: chorasizlikka taslim bo‘lish — ota degan muqaddas nomga isnod.Shu payt qalbiga go‘yo bir nur sizib kirgandek bo‘ldi. Ichida kimdir uni turishga, sinmaslikka undayotgandek edi. U og‘ir nafas olib, qaddini rostladi.
— Nima bo‘lsa bo‘ldi… Tavakkal qildim. Yaratgan Egam, O‘zing yo‘limni och… — deya pichirladi u.
Shu bir og‘iz kalom uning qalbidagi qo‘rquv va shubha tumanlarini tarqatib yubordi. Umidning so‘nggi uchqunini ham so‘ndirmaslik uchun u ostona hatlab, sovuq va nam ko‘chaga chiqdi. Ko‘ngliga tukkani bitta edi: u bugun uyiga quruq qo‘l bilan qaytmaydi. Nima bo‘lganda ham farzandi uchun hayitlik olib keladi.
Mardikor bozori bugun ham fayzsiz edi. Kun nogahon aynib, odamlar siyraklashib qolgan, osmon bag‘rini yorgan chaqmoqlar ortidan yomg‘ir yanada avj bilan quyilardi. Sovuq yomg‘ir tomchilari Hoshimjonning yuz-ko‘zini yuvib, kiyimlarini shalabbo qilgan bo‘lsa-da, u joyidan qimirlamasdi. Chunki uning qalbida bitta ilinj bor edi — bugun o‘g‘li oldiga quruq qo‘l bilan qaytmaslik.
Nihoyat, yomg‘ir pardasini yorib, uzoqdan hashamatli qimmatbaho mashina ko‘rindi. Mashina yo‘l chetida siltanib to‘xtashi bilan bozordagi sanoqli mardikorlar birdan jonlanib ketishdi. Hamma xuddi so‘nggi umid qayig‘iga yopishgandek mashina tomon otildi.
Hoshimjon esa bir chetda turardi. G‘ururi yo‘l qo‘ymadimi, andisha qildimi — har qalay, u o‘zini boshqalardek arzonga solgisi kelmasdi. Ammo ko‘p o‘tmay g‘alati holat yuz berdi. Mashina atrofini o‘rab olgan yigitlar birin-ketin orqaga chekina boshlashdi. Ularning yuzida hazar va hafsalasizlik aralash ifoda bor edi.
«Ish juda og‘irmikan?.. Yo haqi arzimasmikan?..» degan o‘y o‘tdi Hoshimjonning xayolidan. U ikkilanishini yengib, sekin mashinaga yaqinlashdi.
— Assalomu alaykum, aka, — dedi u ovoziga qat’iyat berishga urinib. — Men ishga tayyorman. Qanday yumush bo‘lsa ham qilaman.
Mashina ichida o‘tirgan kishi ziyoli, ammo ayni paytda o‘ta noqulay ahvolga tushgan odamga o‘xshardi. U Hoshimjonga xijolat bilan qarab, past ovozda dedi:
— Ishning o‘zi mayli-ya, ukam… Lekin aytishga tilim bormayapti… Hojatxonaning chuquriga qimmatbaho telefonim tushib ketdi. Menga telefonning o‘zi emas, ichidagi juda muhim hujjatlar kerak. Shuni olib beradigan odam qidiryapman. Shuning uchun haligi yigitlar hazar qilib ketishdi. Siz aniq tusha olasizmi?..
Bu savol Hoshimjonning qalbiga xanjardek botdi. Bir tarafda — yillar davomida asrab kelgan oriyati, g‘ururi, nafsoniyati… Ikkinchi tarafda esa ertaga: — Dada, menga hayitlik olib keldingizmi?.. — deb umid bilan ko‘ziga tikiladigan Sobirjoni… Uy to‘rida kasallik bilan olishib yotgan ayoli… Qozoni sovub qolgan xonadoni…
Ertaga hammaning uyidan hayit hidi taralganda, uning uyi huvillab turishi…Insoniy g‘urur va otalik burchi uning qalbini ayovsiz tilka-pora qilardi. Ko‘z oldiga o‘g‘lining mahzun nigohlari kelishi bilan u ichidagi barcha kibrni bo‘g‘ib tashladi.
Farzandining birgina tabassumi uchun inson hatto o‘z oriyatini ham qurbon qila olarkan…
Hoshimjonning ko‘zlaridan oqqan yosh yomg‘ir tomchilariga qorishib ketdi. U og‘ir tin oldi. So‘ng boshini tik ko‘tardi.
— Men roziman, aka. Ketdik, — dedi qat’iy ovozda. — Faqat ishga kirishishdan oldin ba’zi kerakli anjomlarni olishimiz kerak…
Mashina sohibi Hoshimjonning tog‘dek bardoshiga, sinmas irodasi va otalik muhabbatiga ich-ichidan tahsin aytdi.Ko‘p o‘tmay, ular muhtasham bir hovli qarshisida to‘xtashdi. Taqdir yo‘llari tutashgan ana shu lahzada haligi kishi kutilmaganda Hoshimjonga o‘girildi. Uning nigohlarida yosh, ovozida esa titroq bor edi.
— Meni kechiring, birodar… Aslida telefon ham, uning yo‘qolishi ham shunchaki bahona edi. Hech qanday telefon tushmagan…
Hoshimjon nima gapligini anglolmay, hayrat va shubha bilan unga tikilib qoldi.
Saxovatpesha inson esa so‘zida davom etdi:
— Men ushbu muborak kunda, Muqaddas Hayit arafasida Yaratganning rizoligi uchun ehson qilmoqchi edim. Ammo bu ko‘makni shunchaki tilanchilik qilib yurganlarga emas, balki oilasi uchun har qanday mashaqqatni bo‘yniga oladigan, halol mehnatdan qochmaydigan, haqiqiy muxtoj insonga ilinmoqchi edim…
U bir nafas to‘xtab, hayajon bilan,
— Bilasizmi, bugun saharda ajib bir tush ko‘rdim. Tushimda go‘yo samoviy bir sado: “Bugun arafa… Muqaddas kun… G‘aflatda qolma. Ehson qil. Ammo uning qadrini biladigan, munosib bandaga ber…” — deb nido qildi.
Uning ovozi titrab ketdi.
— Bozordagilarni kuzatdim. Hamma yengil ish izladi. Shartni eshitgach, hazar qildi. Ammo siz… Siz oilangiz uchun o‘zingizni olovga ham, suvga ham tashlashga tayyor ekansiz. Siz bu sinovdan o‘tdingiz, birodar. Bugungi hayitlikka ham, ehsonga ham aynan siz munosibsiz…
Hayitlik esa juda katta edi. Bir velosiped va ro‘zg‘orga ancha vaqtgacha yetadigan mablag‘…
Bu so‘zlar Hoshimjonning qulog‘iga go‘yo osmondan tushgan mujdaday eshitildi. U shu onda buyuk bir haqiqatni angladi: sahar payti uni to‘shakdan turishga undagan o‘sha sirli kuch, qalbiga umid solgan o‘sha ilkis dalda behuda emas ekan. Qalblarni So‘rovchi Zot Anvar akaning tushiga kirgan ilohiy nido bilan Hoshimjonning yuragidagi unsiz duolarni bir-biriga bog‘lab, ularni mana shu sovuq shahar ko‘chasida ro‘baro‘ qilgan ekan.
Bu pullar insonning insonga bergan sadaqasi emas, balki sabr, tavakkal va halollik evaziga yuborilgan Muqaddas Hayit tuhfasi edi…
Hoshimjon ko‘z yoshlarini to‘xtata olmas, titroq lablari bilan qayta-qayta:
— Xudoyim… O‘zingga shukr… Bandangni unutmaganing uchun shukr… — deya pichirlardi.
Tashqarida esa hali-hamon yomg‘ir yog‘ardi. Ammo Hoshimjonning qalbida allaqachon Quyosh chiqib bo‘lgan edi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter