Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Buxoroda 500 nafardan oshiq yoshlar ishtirokida yirik xalqaro olimpiada o‘tkazildi

Buxoroda 500 nafardan oshiq yoshlar ishtirokida yirik xalqaro olimpiada o‘tkazildi

O‘zbekistonda ilk bor tashkil etilgan «BIMO–2026» (Bukhara International Mathematics Olympiad) va «BICO–2026» (Bukhara International Chemistry Olympiad)  xalqaro olimpiadalari Buxoro davlat Universitetida o‘tkazildi. Dunyoning 10 dan ortiq mamlakatidan kelgan 500 nafardan ziyod iqtidorli yoshlar matematika va kimyo fanlari bo‘yicha o‘zaro bellashdilar.

Dunyoning yosh bilimdonlarini birlashtirgan ushbu ilmiy bellashuv xalqaro akademik hamkorlik maydoniga aylandi. Buxoro Davlat universiteti rektori, professor Obidjon Hamidovning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, ushbu nufuzli olimpiadada Rossiya, Turkmaniston, Iordaniya, Pokiston, Ozarbayjon, Hindiston, Xitoy, Tojikiston va O‘zbekistonning 75 ta oliy ta’lim muassasasidan jami 95 ta jamoa ishtirok etgan.

«Universitetimizda xalqaro standartlarga mos ta’lim muhiti yaratilgan.  Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari keng joriy etilgan. Raqamli platformalar, virtual laboratoriyalar va IT infratuzilmaning rivojlanishi talabalarning bilim olish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Xuddi shuningdek, matematika, fizika va kimyo fanlari o‘zaro integratsiya qilingan holda o‘qitilib, xalqaro olimpiadalar talablariga mos masalalar asosida mashg‘ulotlar tashkil etilmoqda. Ushbu yondashuv talabalarning analitik fikrlashi, algoritmik tafakkuri va amaliy ko‘nikmalarini rivojlantiradi. Mana shu ustivorlik ilk bor o‘tkazilishi lozim xalqaro olimpiadaning Buxoro davlat universitetida o‘tishini ta’minladi. IT texnologiyalar yordamida mazkur olimpiada formatlari, simulyasiya va modellashtirish usullari qo‘llanildi. Talabalarni ushbu xalqaro intellektual musobaqalarga tayyorlash samarali yo‘lga qo‘yildi»,-dedi Obidjon Hamidov.

Buxoroning mintaqadagi nufuzli akademik markaz sifatidagi  mavqeini namoyon qilgan «BICHO–2026» xalqaro kimyo olimpiadasida 41 jamoat ishtirok etgan.  Andijon davlat texnika instituti, Buxoro davlat universiteti, Maxtumquli nomidagi Turkman davlat universiteti hamda Rossiya xalqlar do‘stligi universiteti (RUDN) jamoalari Super kubok sohiblariga aylangan. Ishtirokchilar 19 ta oltin, 26 ta kumush va 40 ta medal bilan taqdirlangan.  

«BIMO - 2026» xalqaro matematika olimpiadasida esa 54 ta qatnashgan.  Unda Turkmaniston, Rossiya, Andijon, Toshkent oliygohlari Super kubok bilan taqdirlanishgan. 29 ta oltin, 46 ta kumush hamda 56 ta bronza medallar topshirilgan.  Jamoaviy bahslarda  ishtirok etganlar «Best Teamwork and Strategy Award», «Vertex» hamda «Outstanding Logical Reasoning Award» nominatsiyalari bo‘yicha peshqadamlik ko‘rsatishgan.  

Jami 48 ta oltin, 72 ta kumush va 96 ta bronza topshirilgan.

Oliy ta’limni rivojlantirish tadqiqotlari markazi vakili Sherzod Rasulov mazkur olimpiadalar kelgusida ishtirokchi davlatlar geografiyasining kengayishiga turtki bo‘lishini ta’kidlab o‘tgan.

«BIMO» va «BICO»lar shunchaki musobaqa emas, balki, kelajak olimlarining tanishuv va tajriba almashish maydonidir»,-dedi Sherzod Rasulov.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring