Buxoroda o‘ziga xos «turizm qishlog‘i» paydo bo‘ladi
Markaziy Osiyoning eng qadimiy va madaniy boy shaharlaridan biri, Buyuk ipak yo‘lining yuragi, minglab yillar mobaynida bebaho go‘shasi, jozibador tarixi bilan dunyo ahlini o‘ziga maftun etgan o‘lka, bu – Buxoro.
«Buxoroyi sharifga qancha ta’rif bo‘lsa, shuncha bor, qancha ta’rif bersa, shuncha oz»,-degan edi Buxoroda bo‘lib o‘tgan biyennalida ishtirok etgan misrlik xalqaro shuhratga ega hunarmand Vael Shavki.
Darhaqiqat, bugungi kunda har bir qadami ulkan tarix bilan uyg‘un bu o‘lkaning har bir ko‘chasi, har bir binosi o‘z asrlari haqida hikoya qiladi, sayohlarni chorlaydi.
Ilk «turizm qishlog‘i» Buxoro tumanining Shergiron mahallasida barpo etilib, «Chor Bakr turizm qishlog‘i» deya nomlangandi.
Shundan so‘ng Jondor tumanining «Ushot» qishlog‘i, Vobkentning «Shirin» qishloqlari etnoturistik maqomiga ega bo‘ldi.
Har bir turizm qishloqlari o‘zining tarixiy masjidlari va me’moriy yodgorliklari bilan sayyohlarni o‘ziga jalb eta boshladi. O‘zbek hunarmandchiligi va me’morchiligi bilan qishloqlarda o‘zbekona urf-odatlar va milliylikka xos asori atiqalar bilan boyitilgani diqqatga sazovor.
Buxoro tumanidagi «Oybek» mahallasining «Yorjon» qishlog‘iga ham «Turizm qishlog‘i» maqomining berilayotgani mahalla aholisini hashar ishlariga hamjihat bo‘lishga chorlagan.
Buxoro tumani hokimi o‘rinbosari Sobir Bozorovning «Xabar.uz»ga bildirishicha, ayni paytda ushbu qishloq infratuzilmani modernizatsiya qilish va yo‘l-transport tizimini yaxshilash, mahalliy aholining xizmat ko‘rsatish sohasidagi malakasini oshirish, milliy hunarmandchilik va mahalliy mahsulotlar ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash, ekologik, etno va agro-turizm yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, oilaviy mehmon uylari hamda servis xizmatlarini kengaytirish choralari ko‘rilmoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, mutaxassislar tomonidan «Yorjon» qishlog‘ining tarixiy, tabiiy va madaniy jihatdan o‘ziga xos turistik markazga aylanishi uchun amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan. Hududda sayyohlik xizmatlarini rivojlantirish, oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, xizmatlar sifatini oshirish va brend qishloq konsepsiyasini shakllantirish bo‘yicha takliflar bildirgan.
«Mazkur tashabbus amalga oshishi bilan «Yorjon» qishlog‘i Buxoro viloyatining zamonaviy sayyohlik markazlaridan biriga aylanadi, mahalliy aholining bandligi ta’minlanadi va milliy qadriyatlar yuksak darajada asrab-avaylanadigan strategik maskan sifatida taniladi»,-dedi Sobir Bozorov.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter