Slovakiya bosh vazirining Moskvaga safari qimmatga tushadigan bo‘ldi
9-may kuni tashkil etiladigan harbiy paradda qatnashish uchun Moskvaga borishni rejalashtirayotgan Slovakiya bosh vaziri Robert Fitsoning samolyotiga Estoniya havo hududidan o‘tishga ruxsat berilmaydi. Bu haqda Estoniya tashqi ishlar vaziri Margus Saxkna ma’lum qildi.
«9-may kuni Moskvada bosqinchini sharaflash maqsadida o‘tkaziladigan paradda qatnashadigan (Robert) Fitsoga bu yil ham Estoniya havo hududidan foydalanishiga ruxsat berilmaydi. O‘tgan yili taqiqlagandik, bu yil ham o‘sha tamoyilga amal qilamiz», – deyiladi bayonotda.
Ta’kidlanishicha, Rossiya Ukraina va butun Yevropa xavfsizligiga tajovuz qilayotgan bir paytda Estoniya biror bir mamlakatga Moskva bilan aloqalarni mustahkamlash uchun o‘z havo hududidan foydalanishga izn bermaydi.
Avvalroq Latviya va Litva hukumati ham Slovakiya bosh vaziri uchog‘iga Moskva safari uchun havo hududlarini yopishini ma’lum qilgan edi.
Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso qo‘shnilar taqiqiga qaramay, Rossiyaga borish uchun boshqa yo‘nalish topishini aytgan.
Uch davlat havo hududini yopishi ortidan Robert Fitsoning Moskvaga safari vaqt va xarajat nuqtai nazaridan qimmatroqqa tushishi mumkin. Rossiya ommaviy axborot vositalari yozishicha, Slovakiya bosh vaziri Moskvaga Vengriya–Ruminiya–Qora dengiz, Avstriya–Italiya–O‘rtayer dengizi–Turkiya hamda Polsha (yoki) Chexiya–Germaniya–Boltiq dengizi kabi yo‘nalishlarda uchib kelishi mumkin.
2025-yilda ham Estoniya, Latviya va Litva Moskvadagi harbiy paradga yo‘l olgan Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso, shuningdek, Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchichning uchoqlariga o‘z havo hududlarini yopgan edi.
Eslatib o‘tamiz, Robert Fitso 2024-yil 15-may kuni suiqasdda yaralangandi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter