Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sukerbergning nuqsoni va bir kunda 32 million dollar daromad. «Facebook» va uning asoschisi haqida ko‘pchilik bilmagan haqiqatlar

Sukerbergning nuqsoni va bir kunda 32 million dollar daromad. «Facebook» va uning asoschisi haqida ko‘pchilik bilmagan haqiqatlar

Harvarddagi o‘qishini tashlab ketgan Sukerberg, nihoyat, 2017 yilga kelib huquq fanlari doktori darajasini qo‘lga kiritdi.

Foto: «Hi-tech.mail.ru»

Deyarli 15 yil oldin — 2004-yilning 4-fevralida dunyoni o‘zgartirib yuborgan ijtimoiy tarmoq ishga tushgan edi. «Hi-tech.mail.ru» nashri ijtimoiy tarmoq tushunchasini paydo qilgan Mark Sukerberg va uning «birinchi umr yo‘ldoshi» haqida ko‘pchilikka ma’lum bo‘lmagan ma’lumotlarni taqdim etdi.

Boyib ketgan Sukerberg bitiruv kechasida talabalarga hazil qildi

Mark Sukerberg «Facebook»ni yaratganidan so‘ng Harvarddagi o‘qishini tashlagan. U psixologiya fakultetida tahsil olgan va «Java»dan tortib «C++»gacha dasturlash tillari o‘tiladigan turli IT-darslarida qatnashib turgan. 

Harvarddan ketishini u bor diqqat e’tiborini o‘z ishiga qaratishni istagani bilan izohlagan. Biroq 2017-yilda dunyoning eng boy odamlaridan biriga aylangan Sukerberg Harvardda huquq fanlari doktori darajasini qo‘lga kiritdi va talabalar oldida tantanali nutq so‘zladi.

Sukerberg barchaga universitetdagi birinchi kuni haqida so‘zlab berdi. U birinchi ma’ruza darsiga shoshganidan qo‘liga tushgan futbolkani kiyib olgan. Futbolkaning choklari ko‘rinib, yorlig‘i esa chiqib turgan. «Facebook» asoschisi «guruhdoshlarim meni tashqi ko‘rinishim sabab chetlab o‘tmoqda» degan fikrga borgan. U bilan faqatgina Kang-Xing Jin muloqot qilishni istagan va hozirda u «Facebook»ning yetakchi xodimlaridan biri. Sukerberg o‘z nutqini tugatar ekan, bitiruvchilarga barchaga birdek mehribon bo‘lishni tavsiya qildi.

«Facebook»ning ranglari Sukerbergning kasalligi sabab yuzaga kelgan

«Facebook»ning mashhur oq-ko‘k interfeysi Sukerbergning kamyob kasalligi bo‘lmaganida «dunyo yuzini ko‘rmas edi». Deytaranopiya — ayrim ranglarni ko‘ra olmaslik xastaligi. Statistik ma’lumotlariga ko‘ra, davosi yo‘q ushbu kasallikdan sayyoradagi 1 foiz odam aziyat chekadi.

Chapdagi – sog‘lom odamlar kamalak rangini shunday ko‘rishadi, o‘ngdagi – deyteranoplarga ko‘rinadigani. Ko‘k rangga e’tibor bering.

Bu xastalik odamda «ranglarni ko‘rish nuqsoni»ni paydo qiladi, natijada uchta rang (yashil, sariq va qizil) birlashib ketadi. Shu sababli qizil va yashil ranglarni tiniq ko‘rib bo‘lmaydi. Sukerberg shuncha yil ish olib borgan sayti uchun ko‘k rangni tanlashi shuning uchun mantiqan to‘g‘ri.

Bill Geyts sal qolsa Markning boshlig‘iga aylanardi

2012-yildagi intervyulardan birida Sukerbergdan «agarda «Facebook» loyihasi muvaffaqiyatsiz chiqqanida nima qilardingiz?» deya so‘rashadi. Uning aytishicha, agarda loyiha o‘xshamaganida muhandis bo‘lib ishlagan bo‘lardi.

Mark 18 yoshida «Microsoft» uning «Synapce Media Player» dasturini sotib olmoqchi bo‘ladi. Mark keyinchalik «Facebook»ning asoschilaridan biriga aylangan do‘sti Adam Di Anjelo bilan sun’iy xotirali dastur yaratishgan. Mazkur tizim mustaqil ravishda foydalanuvchi yoqtiradigan musiqalarni yodida saqlab qolgan va unga shu turdagi qo‘shiqlarni taqdim etgan.

Yosh Sukerberg. O‘z vaqtida «Microsoft»ning salkam bir million dollarlik taklifini rad etgan.

Ular o‘z loyihasini bepul ko‘chirib olish uchun internetga joylashtirishadi va dastlabki oylardayoq o‘z muxlislarini topadi. «Synapce Media Player» haqida OAVlar ham yoza boshlaydi. Natijada Markka «Microsoft» vakillari qo‘ng‘iroq qilib, mazkur loyihani salkam bir million dollarga sotish taklifini bildiradi. Bunga qo‘shimcha ravishda kompaniya Sukerberg va Di Anjeloni uch yilga shartnoma asosida ishga taklif qiladi, ammo ular o‘sha vaqtda kollejga kirish orzusida yurganliklari uchun rad javobini berishadi.

«Synapce»  sayti hozirda ishlamaydi, biroq «Microsoft» («Apple» bilan birga) «Facebook»da o‘z sahifalarini ochgan yirik kompaniyalardan hisoblanishadi.

«Facebook»ning birinchi yuzi

2004-yilda, sayt o‘z ishini endi boshlagan vaqtlarda ijtimoiy tarmoqning asoschilaridan biri Endryu MakKollum «Facebook»ning ilk logotipini chizgan. Unda o‘z nomidan tashqari shaxsi ancha vaqtga qadar sirligicha qolgan erkakning ham surati bo‘lgan.

«Facebook»ning ilk logotipida mashhur aktyor Al Pachino yuzidan foydalanilgan. 

Devid Kirpatrikning 2010-yilda chiqqan «Facebook» effekti» nomli kitobi ushbu masalaga oydinlik kiritdi. Suratdagi erkak dunyoga mashhur aktyor Al Pachino bo‘lgan. Ijtimoiy tarmoq yuzi tez orada olib tashlangan.

Oylik o‘rniga aksiyalar

«Facebook»ning dastlabki to‘laqonli ofisi 2005-yilda Palo-Altoda ochilgan. Mazkur shaharcha startaplar vatani hisoblanadi. Masalan, dunyoga taniqli HP kompyuterlar kompaniyasi ham 1939-yili aynan shu yerda paydo bo‘lgan. Hyulett va Pakkard ismli do‘stlar o‘zlarining garajida barcha ishni noldan boshlashgan. 1998-yilda esa shu yerda Larri Peyj va Sergey Brin «Google»ni «kashf qilishgan».

Avvaliga Sukerberg va uning jamoasi besh kishiga mo‘ljallangan uyni ijaraga oladi. Bu yerda ular nafaqat ishlardi, balki yashagan ham. 

Ular uyning devorlarini Devid Chou ismli graffiti-rassomning ishlari bilan bezashga qaror qilishadi. U «Jaz-Z» va «Linkin Park» bilan birgalikdagi «Sollicion Source» albomining muqovasi sabab mashhurlikka erishgan.

Chou 60 ming dollar ish haqi o‘rniga «Facebook» aksiyasini olgan va keyinchalik bundan 200 million dollarni qo‘lga kiritgan.

«Facebook» prezidenti Shon Parker esa Chou ijodining muxlisi bo‘lgan. Chouning ishi 60 ming dollarga baholangan. Biroq oson yo‘ldan yurishni yomon ko‘radigan Parker Chouga pul o‘rniga xuddi shuncha miqdorga teng «ijtimoiy tarmoq» aksiyasini taklif qilgan. Rassom rozi bo‘lgan va «Facebook» IPO (qimmatli qog‘ozlar bozori)ga chiqqanida Chou 200 million dollarni qo‘lga kiritgan.

Shimoldagi ayyorona serverlar

2013-yilda kompaniya AQShdan tashqarida o‘zining birinchi data-markazini ochgan. «Facebook»ning Ayova, Oregon, Shimoliy Karolina va Texasda «omborlari» bor. «Node Pole» nomli «ombori» esa Shvetsiya shimolidagi Luleo shahrida paydo bo‘lgan.

Data-markaz binosi qarag‘aylar bilan to‘la o‘rmonning o‘rtasida joylashgan. Uni qurish uchun atrof-muhitga deyarli zarar yetkazilmagan. Shvetsiyada qishda o‘rtacha harorat -20 daraja sovuq. Bu esa serverlarni tabiiy sovutish uchun ajoyib usul. «Node Pole»dagi tizim shunday yaratilganki, binoga kiruvchi havo haroratni pasaytirishga qodir.

Endilikda kompaniya Irlandiyada ham o‘z data-markazini qurmoqda. Mazkur loyihaga hozirda 230 million dollardan ortiq mablag‘ sarflab bo‘lingan.

 «Facebook Xacker Cup»da ko‘pincha rossiyaliklar g‘alaba qozonadi

2011-yilda «Facebook» butun dunyodagi xakerlar o‘rtasida musobaqa tashkillashtirdi. G‘oliblar nafaqat bir necha ming dollarni, balki dunyodagi eng yirik IT-kompaniyalardan, jumladan, «Facebook»ning o‘ziga ham ishga kirishi mumkin bo‘ladi.

Qiziqarli jihati mazkur chempionatda ko‘pincha rossiyalik dasturchilar g‘alabaga erishgan. Naqd 4 marotaba. 2017-yildagi so‘nggi musobaqada moskvalik Pyotr Mitrichev uchinchi bora birinchilikni qo‘lga kiritgan. U Janubiy Koreyadan kelgan ishtirokchi va vatandoshi Mixail Ipatovni ortda qoldirgan.

«Facebook» butun dunyodagi xakerlar o‘rtasida musobaqa tashkillashtiradi.

Hozirda Mitrichev «Google»ning Shveysariyadagi ofisida ishlaydi. 

«Facebook» bir daqiqada 23 ming dollar ishlab topadi

«Facebook» tarixida ham har qanday saytlardagi kabi uzilishlar sodir bo‘lib turadi. 2014-yilda bu kabi holat 2 marotaba bo‘lgan: 19-iyun va 1-avgustda.

Ijtimoiy tarmoqqa butun dunyodagi foydalanuvchilar kira olmay qolgan. Bu kabi muammo boshqa servislarda — «Instagram», «Skype», «Tinder» ham yuzaga kelgan. Dasturchilar saytning ishini qayta tiklash uchun ikki safar ham salkam bir soat vaqt sarflashgan.

Bu esa ommaviy vahimani yuzga keltirgan. Los-Anjeles okrugi sherifi o‘zining «Twitter»dagi sahifasi orqali odamlarni politsiyaga qo‘ng‘iroq qilavermaslikka chaqirgan.

«Facebook»ning 2014-yildagi moliyaviy hisobotlarga ko‘ra, u bir yil davomida 2,9 milliard dollar foyda ko‘rgan. Bu bir kunda 32 million dollar yoki bir soatda deyarli 1,5 million dollar deganidir. Shunday ekan, 12:08 dan 12:27 gacha sodir bo‘lgan uzilishlar vaqtida «Facebook» deyarli 427 ming dollar yo‘qotgan.

Spam uchun milliard dollar jarima

Kanadaning Kvebek shahri fuqarosi Adam Guerbez g‘alati xabarlarni ommaga tarqatishni yaxshi ko‘rgan. 2008-yilda sud unga taqiqlangan kontentni tarqatgani uchun 873 million dollar to‘lash majburiyatini qo‘ygan.

Guebez bir yil ichida marixuana va narkotiklarni targ‘ib qiluvchi 4 milliondan ortiq xabar jo‘natgan. Shuningdek, sudya unga «Facebook»dan boshqa akkaunt ochishni ham taqiqlab qo‘ygan.

2014-yilda kompaniya vakillari spamchilarga qarshi sud ishlarida 2 milliard dollardan ortiq pul undirganini ma’lum qilgan edi.

Guerbez sud qaroridan keyin o‘zini bankrot deb e’lon qiladi va 2015-yilda esa yana jurnalistlar e’tiboriga tushadi. Bu safar u bitkoinlar bilan shug‘ullanuvchi kompaniyaning xodimi sifatida nom qozonadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring