Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Meta 7 ming xodimini sun’iy intellektga oid lavozimlarga o‘tkazadi

Meta 7 ming xodimini sun’iy intellektga oid lavozimlarga o‘tkazadi

Meta kompaniyasi 7 ming nafar xodimini sun’iy intellekt bilan bog‘liq yangi lavozimlarga o‘tkazishga qaror qildi. Bu haqda The New York Times va Bloomberg nashrlari kompaniyaning ichki xizmati yozuviga tayanib xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, kompaniya yangi korporativ tuzilmaga o‘tmoqda. Unga ko‘ra, boshqaruv tizimi «ixchamroq» bo‘ladi va kichik jamoalar asosida ish tashkil etiladi. Meta rahbariyati fikricha, bu mehnat unumdorligini oshirishga xizmat qiladi.

NYT ma’lumotiga ko‘ra, 18-may kuni kadrlar bo‘yicha direktor Janel Geyl xodimlarga yuborgan xizmat xatida ular to‘rtta yangi bo‘limga taqsimlanishi aytilgan. Ushbu bo‘limlar sun’iy intellekt asosidagi yangi vositalar va ilovalar yaratish bilan shug‘ullanadi.

Bloomberg ta’kidlashicha, Meta rahbari Mark Sukerberg uchun sun’iy intellekt kompaniyaning asosiy strategik yo‘nalishiga aylangan. Kompaniya yirik til modellarini ishlab chiqish uchun mutaxassislar va infratuzilmaga yuzlab milliard dollar sarflamoqda.

Shu bilan birga, Reuters agentligi aprel oyida Meta 2026-yil uchun rejalashtirilgan ommaviy qisqartirishlarning birinchi bosqichini 20-may kuni boshlashi mumkinligini xabar qilgan edi. Manbalarga ko‘ra, kompaniya xodimlarining taxminan 10 foizi – 8 ming nafarga yaqini qisqartirilishi mumkin.

Ma’lumot uchun, 2025-yil oxiri holatiga ko‘ra, Meta kompaniyasida 78 mingdan ortiq kishi ishlagan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring