Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbek tili va adabiyoti universitetida davlat tilida ish yuritish o‘quv kurslari ochildi

O‘zbek tili va adabiyoti universitetida davlat tilida ish yuritish o‘quv kurslari ochildi

Foto:«Xabar.uz»

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi «Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish» markazi o‘z faoliyatini boshladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-oktyabrda imzolagan «O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonida belgilab berilgan vazifalarning ijrosini ta’minlash maqsadida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzurida «Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi» tashkil etildi.

Markaz faoliyatini belgilovchi barcha huquqiy-me’yoriy hujjatlar, jumladan, markaz Nizomi, o‘quv rejalari, o‘quv dasturlari, tinglovchilar uchun mo‘ljallangan maxsus ish daftari, har bir mavzu bo‘yicha taqdimot materiallari ishlab chiqildi.

Markaz 144 soatlik o‘quv dasturi asosida tinglovchilarning lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi, o‘zbek adabiy tili me’yorlari hamda davlat tilida ish yuritish bo‘yicha bilim, ko‘nikma va malakalarini takomillashtiradi. Bu kursning boshqa malaka oshirish kurslaridan farqi shundaki, tinglovchilar uchun alohida ish daftari yaratildi. Bunda tinglovchi auditoriyada olgan bilimlarini ish daftarida berilgan topshiriqlar, mashqlar asosida mustaqil ravishda mustahkamlab boradi. Bundan tashqari, har bir mavzu uchun taqdimot materiallari (audio, video topshiriqlar) ishlab chiqilgan. Ya’ni, mustaqil ta’limga ham alohida e’tibor qaratilgan. Shu bilan birga, markazning alohida sayti yaratilmoqda. Unda tinglovchilar uchun asosiy ma’lumotlar bilan birga, malaka oshirishning onlayn tizimi uchun elektron materiallar joylanadi.  Tinglovchilar ishdan ajralmagan holda malaka oshirganliklari sababli boshqaruv idoralaridagi hujjat namunalaridan mashg‘ulotlarga olib kelishadi va real vaziyatlar orqali o‘qituvchi rahbarligida kamchiliklar bartaraf etiladi.

Kurs 2 xil yo‘nalishda tashkil qilindi:

  1. Davlat tashkilotlari xodimlari uchun.
  2. Keng aholi qatlami uchun.

Davlat tashkiloti xodimlari uchun tashkil etiladigan o‘quv kursi «O‘zbek adabiy tili me’yorlari va davlat tilida ish yuritish», aholi uchun tashkil etiladigan o‘quv kursi «O‘zbek adabiy tilining yozma nutq me’yorlari»  deb nomlandi. Markazda o‘quv mashg‘ulotlari davlat tashkilotlari xodimlari to‘lov-shartnoma asosida, aholi uchun bepul tashkil qilindi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring