Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

FIDE prezidenti: «O‘zbekistonda maktab dasturiga shaxmat darsi kiritilishi ajoyib yangilik»

FIDE prezidenti: «O‘zbekistonda maktab dasturiga shaxmat darsi kiritilishi ajoyib yangilik»

FIDE prezidenti Kirsan Ilyumjinov Toshkent shahridagi Inha universiteti rektori Sarvar Boboxo‘jayev bilan blits match o‘tkazdi.

Foto: «Xabar.uz»

Bugun, 14-may kuni Toshkent shahridagi Inha universitetida Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) prezidenti Kirsan Ilyumjinovning talabalar bilan uchrashuvi tashkil qilindi.

«Xabar.uz» axborot-tahliliy portali muxbiri fursatdan foydalanib Kirsan Ilyumjinovdan qisqacha intervyu oldi.

— O‘zbekiston dunyoning shaxmat o‘choqlaridan biri. Bu yerda ming yillardan buyon ushbu sport turi rivojlanib kelgan, — dedi FIDE prezidenti — Mamlakatingiz Jahon chempionini dunyoga keltirgan kamsonli yurtlardan biri hisoblanadi. Bu bejiz emas albatta. Chunki bu yurtda matematika, meditsina, astronomiya asoschilari yetishib chiqishgan. Ushbu tashrifimda men uchun ajoyib yangilik shu bo‘ldiki, O‘zbekistonda maktab ta’lim tizimiga shaxmat darsi kiritilishiga tayyorgarlik ko‘rilayotgan ekan. Bugun Xalq ta’limi vaziri va hukumat vakillari bilan uchrashdim. Ularning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda kelgusi o‘quv yilidan ta’lim dasturiga shaxmat darsligi kiritilishi rejalashtirilgan. Albatta, bu jarayonda o‘qituvchi-murabbiylar va darsliklar borasida muammolar yuzaga kelishi mumkin. FIDE bu kabi muammolarning ijobiy yechim topishiga har tomonlama ko‘maklashadi. O‘ylaymanki, yaqin yillarda shaxmat O‘zbekistonda eng ommabop sport turlaridan biriga aylanadi. Bu quvonarli jihat. Chunki tajribalardan ayonki, shaxmat bilan shug‘ullangan bolada fanlarni o‘zlashtirishi, qobiliyati, umuman uning muvaffaqiyatga erishishi darajasi 40 foizga oshadi.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning fevral oyida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev poytaxtning bir qator tumanlarida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishish chog‘ida maktab dasturiga shaxmat darsini kiritishni taklif qilgan edi.

Toshkent shahridagi Inha universitetida bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan tayyorlangan batafsil reportajni «Xabar.uz» saytida kuzatishingiz mumkin bo‘ladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring