Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Firibgar, poraxo‘r, tamagir... Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu uzoq muddatga qamalishi mumkin

Firibgar, poraxo‘r, tamagir... Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu uzoq muddatga qamalishi mumkin

Benyamin Netanyahu cud majlisiga tansoqchilar qurshovida, tibbiy niqobda keldi.

Foto: «Reuters»

Quddus okrug sudida Isroil tarixidagi eng shov-shuvli sud jarayoni boshlandi. Mahkama qora kursisida — bir qator og‘ir jinoyatlarda ayblanayotgan bosh vazir Binyamin Netanyahu! 70 yoshli arbob Isroil tarixiga hukumat rahbari lavozimida mahkamada so‘roqqa tutilgan ilk bosh vazir sifatida kirdi. Parlamentdagi muxolifat ittifoqi yetakchisi Yair Lapid mahkama jarayonini mamlakat uchun sharmandali hodisa deb atadi.

Hukumat rahbari va «Likud» partiyasi yetakchisi poraxo‘rlik, tamagirlik, budjet mablag‘ini talon-toroj qilish, firibgarlik hamda mansab vakolatini suiiste’mol qilish kabi jinoyatlarda ayblanmoqda. Tabiiyki, sudlanuvchining o‘zi barcha ayblovlarni rad etmoqda.

Binyamin Netanyahu ilk sud majlisida shaxsan qatnashmaslik uchun sudyalarga iltimosnoma yo‘llagan. U o‘z maktubida koronavirus pandemiyasi sharoitida ijtimoiy masofani saqlash bilan bog‘liq muammoni ro‘kach qilgan. Ammo sudyalar bosh vazir keltirgan vajni asossiz deb topgan va uning so‘rovini rad etgan.

Bosh vazir ilk sud majlisiga tansoqchilar qurshovida, tibbiy niqobda kelgan.

Foto: «Haaretz»

Mahkama uch nafar sudya tomonidan olib borilmoqda. Xususan, sud raisi Rivka Feldman-Fridman korrupsiyaga oid talay shov-shuvli ishlar, jumladan, Netanyahudan avvalroq bosh vazir sifatida faoliyat yuritgan Exud Olmertga oid jinoiy ishni ham ko‘rgan.

Tergov xulosasiga ko‘ra, siyosatchi aloqa vaziri lavozimida faoliyat yuritgan paytda «Bezeq» telekommunikatsiya konserniga huquqiy imtiyozlar bergan. Buning evaziga shirkat nazoratidagi ommaviy axborot vositalari Netanyahu faoliyati haqida ijobiy mazmundagi materiallar e’lon qilgan.

Bosh vazir, shuningdek, mamlakatdagi yirik noshirlik uylaridan biri — «Yedioth Ahronoth» rahbariyati bilan yashirin muzokara olib borgan. Netanyahu noshirlik uyi hukumat siyosatini ijobiy rakursda tasvirlasa, ularning raqobatchilari faoliyatini cheklovchi qonun hujjati qabul qilishga va’da bergan.

Jinoiy ishga «Bezeq», «Yedioth Ahronoth» shirkatlari xo‘jayinlari ham ayblanuvchi sifatida jalb etilgan.

Qayd etilishicha, bosh vazir va uning oilasi 2007—2016-yillarda amerikalik Arnon Milchen va avstraliyalik biznesmen Jeyms Pakerdan qimmatbaho sovg‘a-salomlar ham olib kelgan.

Mahkama jarayonida 300 ga yaqin guvoh so‘roq qilinishi kutilmoqda.

Isroil qonunchiligiga ko‘ra, poraxo‘rlik uchun 10 yilga qadar ozodlikdan mahrum etish jazosi berilishi mumkin. Xizmat vakolatini suiiste’mol qilish uchun esa 3 yil qamoq ko‘zda tutilgan.

Tahlilchilarga ko‘ra, juda katta siyosiy ta’sirga ega arbob barcha ayblovlarni rad etish orqali vaqtdan yutish va qamoq jazosidan qutulib qolishga urinmoqda. Qolaversa, bosh vazir tarafdorlari tomonidan tahdidli bayonotlar berilgani sabab, sudya va prokurorlar ular uchun maxsus qo‘riqchilar tayinlangan.

Mamlakat qonunlariga muvofiq, hukumat rahbari garchi mahkamaga tortilayotgan bo‘lsa-da, o‘z lavozimida qolishi mumkin. Ammo sud uni aybdor deb topsa, o‘sha zahoti vazifasidan bo‘shatiladi.

Ilk sud majlisi 24-may kuni bo‘lib o‘tgan bo‘lsa, keyingi muhokama 19-iyul kuniga belgilangan.

Benyamin Netanyahu joriy yil 17-may kuni bosh vazir sifatida qasamyod qildi. Bu — siyosatchining hukumat rahbari lavozimidagi beshinchi vakolat muddatidir. Netanyahu 2009-yildan Isroil hukumatiga boshchilik qilib kelmoqda. U, shuningdek, 1996—1999-yillarda ham hukumatni idora qilgan.

Netanyahuga qadar mamlakat prezident va bosh vaziri sifatida faoliyat yuritgan arboblar ham mahkama tomonidan og‘ir jinoyatlarda aybdor deb topilgan.

2006—2009-yillarda Isroil hukumatini boshqargan Exud Olmert lavozimidan ketgach, 2014-yilda korrupsiyaga bilan bog‘liq jinoyatlarda ayblangan. Tel-Aviv okrug sudi Olmertni korrupsiyada aybdor deb topib, unga 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish va jarima jazosi tayinlagan.

Isroilning sakkizinchi prezidenti (2000—2007) Moshe Katsev esa 2010-yilda sud tomonidan jinsiy zo‘rlashda aybdor deb topilib, 7 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi.

S.Salim

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring