Fotogalereya. G‘alaba – Amuzang – Xushadi temir yo‘l tarmog‘i ochilishi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon Dushanbe shahrida ochilgan O‘zbekiston sanoat korxonalari milliy ko‘rgazma-yarmarkasiga tashrif buyurib, G‘alaba – Amuzang – Xushadi temir yo‘l tarmog‘ining rasmiy ochilish marosimi qatnashgani va poyezd harakatini boshlash uchun ramziy tugmani bosib berishgani haqida xabar qilgan edik.
Ikki davlat temir yo‘l tarmoqlari o‘rtasida tranzit yuklar tashish, yo‘lovchi tashish, vagonlarga texnik xizmat ko‘rsatish, uni ta’mirlash borasida qator tadbirlar amalga oshirilmoqda. Hozirgacha Tojikiston va O‘zbekiston temir yo‘l tizimini bog‘lovchi yo‘l faqat Bekobod va Quduqli stansiyasilari bo‘ylab amalga oshirilayotgan edi. Endilikda qo‘shni davlat bilan Amuzang stansiyasi orqali ham bog‘lanish imkoniyati yaratildi.
E’tiborli jihati, ikki mamlakat ravnaqi uchun xizmat qiluvchi tarixiy jarayon maxsus tashkil etilgan teleko‘prik orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish etildi.
Amuzang stansiyasida hozirda nafaqat temiryo‘lchilar uchun, balki chegarachilar, bojxonachilar uchun ham qulayliklar yaratilgan. Ushbu stansiya yurtimizni qo‘shni davlat bilan bog‘lovchi yangi darvoza sifatida faoliyat ko‘rsatadi hamda Tojikiston Respublikasining janubiy va sharqiy hudularini bog‘laydi.
Ushbu yo‘l ikki davlat manfaati uchun xizmat qiladi. Xususan, Tojikiston Respublikasi tranzit yuklarini o‘tkazishda eng muhim yo‘lak hisoblanadi. Boisi, bu yerdan Turkmaniston va Afg‘oniston davlatlariga chiqish imkoniyati yanada kengayadi. Shuningdek, yo‘lovchi tashish borasida ham yangi yo‘nalishlarni joriy etishda bir qator qulayliklar yaratadi.
Mazkur foydalanishga topshirilayotgan liniya ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayriboshlash, eksport-import xizmatlarini ko‘rsatishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bilan birga kichik biznes, xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, eng muhimi xalqlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro qo‘shnichilik aloqalarini mustaxkamlaydi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter