Germaniyada qafasdan qochgan yo‘lbars 73 yoshli erkakka hujum qildi
Germaniyaning Shkoydis shahrida qafasdan qochib chiqib, erkakka hujum qilgan yo‘lbars otib o‘ldirildi.
Huquq-tartibot organlari ma’lumotlariga ko‘ra, jabrlangan shaxs — 73 yoshli erkak bo‘lib, u hayvonni parvarish qilishga yordam bergan. U yengil jarohat olib, kasalxonaga yetkazilgan. Yo‘lbars qanday qilib qochib chiqqani hozircha noma’lum. Taxminan 300 metrgacha uzoqlashishga ulgurgan va tashqarida yarim soatdan kamroq vaqt bo‘lgan jonivor politsiya xodimlari tomonidan uzoqdan bir necha o‘q bilan otib o‘ldirilgan.
Guruhdagi boshqa yo‘lbarslar qochib chiqmagan. Politsiya vakiliga ko‘ra, aholi uchun xavf yo‘q. Shunga qaramay, politsiya boshqa hayvonlar, masalan otlar zarar ko‘rmaganini aniqlash uchun hududni dron orqali tekshirgan.
«Bild» nashrining yozishicha, o‘ldirilgan yo‘lbars mashhur hayvon o‘rgatuvchi Karmen Sanderga tegishli bo‘lgan. Ayol «Yo‘lbarslar qirolichasi» nomi bilan tanilgan. U sanoat zonasi hududida tor sharoitda o‘nta yovvoyi hayvonni saqlaydi, 2022 yildan beri unga hayvonlarini tijoriy maqsadda namoyish etish taqiqlangan. Hokimiyat ular uchun hayvonot bog‘lari yoki yovvoyi tabiatdagi kabi sharoitni ta’minlashni talab qilmoqda. Biroq ular saqlanayotgan maydon bu uchun yetarli emas.
Yaqinda Sander hayvonlar bilan chiqish qilish taqiqini buzgani uchun sud qilingan. Uning aytishicha, u bu qoidani moliyaviy sabablarga ko‘ra buzgan, chunki yo‘lbarslarining ozuqasi uchun oyiga 4500 yevro sarflanadi. 2025-yil boshida esa yana oltita yo‘lbars bolalari dunyoga kelgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter