Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Ho‘rmuz saboqlari»: Malakka bo‘g‘ozida ham «kirish chiptasi» joriy etiladimi?

«Ho‘rmuz saboqlari»: Malakka bo‘g‘ozida ham «kirish chiptasi» joriy etiladimi?

Foto: Wikipedia

Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi voqealar Janubi-Sharqiy Osiyodagi ayrim davlatlarni ilhomlantirmoqda va ular Malakka bo‘g‘ozi orqali suzib o‘tuvchi savdogarlarning hamyonlarini biroz «yengillatish» haqida o‘ylashmoqda. AQShdagi nufuzli Xalqaro aloqalar bo‘yicha kengash (CFR) eksperti Joshua Kurlansikning maqolasida sha’ma qilinishicha, bu strategik suv yo‘li tekin sayohatlar davri bilan xayrlashish arafasida turibdi.

Eron strategik bo‘g‘ozlarda joylashgan davlatlar global iqtisodiyot tizginlarini qay darajada jilovlay olishini amalda ko‘rsatib qo‘ydi. Bittagina tor suv yo‘li butun dunyoni noqulay ahvolga solib qo‘yishi mumkinligi boshqa hukumatlar uchun ham o‘ziga xos «mahorat darsi» vazifasini o‘tadi desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Ko‘rinib turibdiki, bunday «ta’sir o‘tkazish san’ati» boshqa mintaqalarda ham qiziqish uyg‘otmay qolmaydi.

Janubi-Sharqiy Osiyoda Ho‘rmuzdan ham muhimroq dengiz yo‘li — Malakka bo‘g‘ozi mavjud bo‘lib, u orqali jahon savdosining taxminan uchdan bir qismi va dunyodagi dengiz orqali tashiladigan neftning to‘rtdan bir qismidan ko‘prog‘i o‘tadi.

Malakka bo‘g‘ozining ahamiyatini ortiqcha ta’riflash shart emas. Hind okeanini Janubiy Xitoy dengizi bilan bog‘laydigan bu bo‘g‘ozning Singapur yaqinidagi eng tor joyi bor-yo‘g‘i 2,8 km kenglikka ega. U orqali har yili 90 mingta kema o‘tadi.

Mahsulotlari jahon iqtisodiyotining barcha tarmoqlari uchun muhim ahamiyatga ega Xitoy, Vetnam va boshqa yirik Osiyo eksportyorlari, shuningdek, butun dunyodagi iste’molchilar va kompaniyalar Malakka bo‘g‘oziga bog‘liqdir.

Qolaversa, Malakka bo‘g‘ozini aylanib o‘tish — yuk tashuvchilar uchun o‘z joniga iqtisodiy suiqasd qilish bilan barobar. Buning uchun kemalar yo minglab mil va behisob kunlarni yo‘qotib, butun Indoneziya arxipelagini aylanib o‘tishga majbur bo‘ladi yoxud Avstraliyaning janubiy chekkasigacha «sayr qilib» kelishiga to‘g‘ri keladi. Masofa va xarajatlarning zalvorini inobatga olsak, aksariyat kompaniyalar uchun Malakkani aylanib o‘tish — shunchaki pul va vaqtni havoga sovurishdan boshqa narsa emas.

Malakka bo‘g‘ozi orqali kemalar harakatining har qanday uzoq muddatli buzilishi jahon iqtisodiyotida Ho‘rmuz bo‘g‘ozining yopilishi oqibatida yuzaga kelgan zarbalardan ham kuchliroq zanjirli titrashlarni keltirib chiqaradi.

Eronning Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi «o‘yin qoidalari»ni o‘zgartirib qo‘ygani dunyoda kema qatnovi erkinligi degan an’anaviy tushunchani jiddiy shubha ostida qoldirdi. Bu vaziyatdan ilhomlangan Indoneziya moliya vaziri Purbaya Yudi Sadeva vaqtni boy bermay, Malakka bo‘g‘ozidan o‘tuvchi kemalarning hamyonlariga «qo‘l solish» g‘oyasini o‘rtaga tashladi. «Agar tushgan daromadlarni Indoneziya, Malayziya va Singapur o‘rtasida teng taqsimlasak, bu yomon ish bo‘lmasdi, shunday emasmi?» — dedi vazir shu mamlakatlar simpoziumida o‘zining «saxiylik» va iqtisodiy manfaat uyg‘unlashgan rejasi bilan o‘rtoqlasharkan.

Garchi keyinchalik Indoneziya tashqi ishlar vaziri Sugiono bu g‘oya ko‘rib chiqilmayotganini aytgan, Sadeva esa o‘z bayonotlarini yumshatgan bo‘lsa-da, mavzuning tilga olinishining o‘ziyoq bu mamlakat nimanidir rejalashtirayotganidan dalolat beradi. Xususan, Indoneziya siyosiy elitasining boshqa vakillari shaxsiy suhbatlarda hukumatning yuqori doiralarida Malakka bo‘g‘ozidan mamlakat budjeti uchun mablag‘ yig‘ishda foydalanish g‘oyasi jiddiy qabul qilinayotganini ma’lum qilishdi.

Ushbu davlatlar va dunyoning boshqa mamlakatlari global gegemondan olayotgan signallar Janubi-Sharqiy Osiyoda kema qatnovi erkinligiga bo‘lgan global sodiqlikning darz ketishiga va ehtimoliy yakunlanishiga xizmat qilmoqda. Tramp ma’muriyati kema qatnovi erkinligini xavf ostiga qo‘yayotgan voqealarni shunchaki kuzatib turishdan ko‘proq ish qildi.

Global gegemondan kelayotgan signallar Janubi-Sharqiy Osiyoda kema qatnovi erkinligi degan eski va «muqaddas» tamoyilni shunchaki darz ketkazib qolmay, uni tarix sahifalariga itqitishga hozirlamoqda. Tramp ma’muriyati bu jarayonda shunchaki tomoshabin emas, balki dengiz yo‘llarining xavf ostida qolishiga o‘z hissasini qo‘shdi, deydi mutaxassis.

Donald Tramp hali prezidentlik kursisiga o‘tirmasidanoq, Qo‘shma Shtatlar Panama kanali ustidan nazoratni qaytarib olishi va undan mo‘maygina daromad ko‘rishi kerakligini ta’kidlagan edi. Ko‘pchilik buni shunchaki quruq maqtanchoqlik yoki muzokaralardagi «ayyorlik» deb qabul qilgan bo‘lsa-da, aslida bu chiqish AQSh davlat siyosatining eng yuqori doiralarida yangi bir dunyoqarashni boshlab berdi. Endilikda muhim dengiz bo‘g‘ozlari asralishi kerak bo‘lgan «global meros» emas, balki suvini siqib, foyda ko‘riladigan oddiy bir «iqtisodiy aktiv» sifatida ko‘rila boshlandi.

Manba: t.me

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring