Yosh rassom va sun’iy intellekt “bellashuvi” katta rezonans uyg‘otdi
Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan kontent tanlovi ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ijodiy bellashuv yoshlar qiziqishni oshirib, inson tafakkuri va sun’iy intellekt imkoniyatlari o‘rtasidagi o‘ziga xos taqqosni ham namoyon etdi.
Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi tomonidan tashkil etilgan mazkur tanlov yoshlarni ijodga undash, ijtimoiy tarmoqlar uchun yuzaki emas, balki mazmunli va estetik qiymatga ega materiallar yaratish madaniyatini shakllantirishga qaratildi. Shuningdek, u badiiy tafakkurni zamonaviy talablar asosida rivojlantirishga xizmat qildi.
Tanlov ishtirokchisi, yosh iste’dod egasi Javohir Hasanov buyuk mutafakkir portretini 50 soat davomida qo‘lda chizib, uni sun’iy intellekt yordamida yaratilgan tasvir bilan ijodiy “bellashuv”ga olib chiqdi. Natijada AI texnik jihatdan yuqori aniqlik va detallashtirishni namoyon etgan bo‘lsa-da, inson qo‘li bilan yaratilgan asar Navoiy siymosining ruhiy qiyofasi, ichki olami va badiiy teranligini ta’sirchan ifoda etdi.
Javohir ushbu ijodiy jarayonni videoga olib, uni Instagram’dagi sahifasiga joylashtirdi. Qisqa vaqt ichida video 2,3 milliondan ortiq ko‘rishlar va 220 mingdan ziyod “like” to‘pladi. Minglab kuzatuvchilar yosh rassomning mehnatini e’tirof etib, iliq fikr yozib qoldirishdi.
Hakamlar hay’ati qaroriga ko‘ra, Javohir Hasanov 1-o‘ringa loyiq deb topildi va u iPhone 17 telefoni bilan taqdirlandi. Shuningdek, tanlovda jami 402 ta videokontent taqdim etildi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, 2-o‘rin Rustambek Nasriddinovga, 3-o‘rin esa Nusratbek Erkinov hamda Ravshan Mirzabekovga nasib etdi. G‘oliblarga DJI Pocket 3 va DJI Mic Mini (2TX+1RX) sovg‘alari topshirildi.

Qayd etilishicha, mazkur tashabbus ijtimoiy tarmoqlar uchun sifatli, mazmunli va zamon talablari darajasidagi kontent ishlab chiqaradigan yoshlar bilan tizimli ishlashga xizmat qilmoqda. Bunday tanlovlar orqali yoshlar oddiy axborot iste’molchisi emas, balki professional kontent yaratuvchi sub’yekt sifatida shakllanmoqda.
Ma’lum qilinishicha, bunday ijodiy bellashuvlar Kontent markazi faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Yil davomida 20 dan ortiq tanlov o‘tkazish rejalashtirilgan bo‘lib, 1-o‘rin sohiblari iPhone 17, 2- va 3-o‘rin egalari esa mos ravishda DJI Pocket 3 hamda DJI Mic Mini (2TX+1RX) sovg‘alari bilan taqdirlanadi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter