Ionlashgan havo, foydali ko‘rshapalaklar, davolovchi xususiyatga ega “yer osti qasri” — Ballija g‘origa kiramiz (foto)
Turkiyaning Tokat shahriga borgan har bir sayyoh kabi men ham bu hududning o‘zgacha “energiyasi”ni his etdim. Qoya ustidagi tosh qal’a, tarixiy shahar, “Drakula” afsonasi, baland tog‘lar bag‘ridan kelayotgan salqin havo… Va ana shu sirli manzarani mukammal qilib turuvchi yana bir manzil — 3,4 million yillik Ballija g‘ori.
Tokat shahridan Ballija g‘ori tomon yo‘l olarkanmiz, har bir muyulishdagi qoya sizni o‘ziga rom etadi, go‘yo “kel, bir sirimni ochaman” degandek. Bizning manzil esa Akdag‘ tog‘lari bag‘rida joylashgan, dengiz sathidan qariyb 1100 metr balandlikdagi yer osti olami edi.
Mo‘’jiza
Turkiya hududida qariyb 40 mingta g‘or borligini eshitganimda, “demak, bu mamlakatda yer ostida ham butun bir olam bor ekan”, deya o‘ylagandim. Ammo ular orasida Ballija g‘ori o‘zgacha, u nafaqat tabiatning mo‘’jizasi, balki o‘zining sirliligi bilan ham ajralib turadi.
G‘orning geologik landshafti global miqyosda kamyob bo‘lib, unda stalaktitlar, stalagmitlar va ustunlar, parda travertinlari, g‘or marvaridlari va noyob piyoz stalaktitlari mavjud. O‘rganilmagan qismlari tufayli sirli bo‘lib qolayotgan ushbu g‘orda hozirgacha aniqlangan sakkizta zal mavjud.
G‘orning ichiga kirishingiz bilan tubdan kelgan ifor, tomchilarning ahyon-ahyondagi tovushi va zanjirlarga osilgandek turgan baland stalaktitlar (tosh ustunlar) sizga fantastik film treyleri kabi o‘xshash hissiyot beradi.

Ushbu yer osti saroyining har bir zali o‘ziga xos:
- 18 metrlik ulkan stalaktitlar — go‘yo vaqtning o‘zidek qotib qolgan ustunlar.
- Piyozsimon stalaktitlar — dunyoda juda kam uchraydigan tuzilishlar.
- Qalpoq (Qo‘ziqorin) zali — mantiqan ham, ko‘rinishidan ham yer osti o‘rmonlarini eslatadi.
- Yangi zal – 54 metr kenglikdagi yangi dunyo — oq, jigarrang, qora rangli minerallar bilan bezalgan “yer osti galereyasi”.
Aynan shu nodir shakllar tufayli Ballija g‘ori 2019 yilda YuNESKOning vaqtinchalik ro‘yxatiga kiritilgan.
“Drakula” bilan ko‘rshapalakni nima bog‘lab turadi?
Tokat shahridagi tarixiy qal’ada bir paytlar “Drakula” mahbus sifatida ushlab turilgani haqida avvalgi hikoyamizda aytib o‘tgan edik.
«Drakula» va «ko‘rshapalak» — vampirlar haqidagi asarlar va filmlarda ko‘pincha o‘zaro bog‘liq holda tasvirlanadi. Aslida esa “Desmodus draculae” deb ataluvchi, butunlay yo‘q bo‘lib ketgan vampir-ko‘rshapalak turi haqiqatan ham mavjud bo‘lgan. U o‘z turi uchun juda yirik bo‘lgani sababli graf “Drakula” obrazi sharafiga shunday nom berilgan.
Shu sabab mistik asarlarda ko‘rshapalaklar ko‘pincha qo‘rquv, sehr-jodu va sirli kuchlar bilan bog‘lab kelinadi.

Ballija g‘orida ko‘p sonli mayda ko‘rshapalaklar borligini eshitib, xayolingizga o‘z-o‘zidan shu kabi fantastik tasavvurlar keladi. Mag‘ora bo‘yicha instruktor Mehmet ulkan g‘or ichida bizni tinchlantirgandek bo‘ladi: “Bu yerdagi ko‘rshapalaklar kichik hajmli, asosan hasharot va o‘t-o‘lanlar bilan oziqlanadi, qon so‘ruvchi emas”.
G‘or ichidagi suhbat
Bizga yo‘lboshchi bo‘lgan Mehmet savollarimizga qisqacha javob berdi.
— Ballija g‘orida ilmiy tadqiqotlar qachon boshlangan?
— 1987 yildan. Shunda birinchi katta ekspeditsiya kelgan, xaritalash ishlari boshlangan. 1995 yilda esa u rasman omma uchun ochildi. Bu yerda qadimgi insonlar faoliyatiga oid qoldiqlar topilgan, lekin hali-hanuz eng chuqur qismigacha batafsil arxeologik tadqiqot qilinmagan. Ishonchim komilki, yana talay sirlar topiladi.
— Nima Ballijani dunyodagi boshqa g‘orlardan ajratib turadi?
— Piyozsimon stalaktitlar! Ular geologiyaning o‘ziga xos mo‘’jizasi. Bu shakl har joyda paydo bo‘lmaydi. Shu sababli YuNESKO ro‘yxatiga kirdi. Asosiy xususiyati, karst (tabiiy hodisa bo‘lib, bunda suv ohaktosh, gips, dolomit kabi tog‘ jinslarini eritib, yer bag‘rida bo‘shliqlar va relefning o‘ziga xos shakllarini hosil qiladi) jarayonlarining ko‘rinishi.
— Bu yerga qancha sayyoh keladi?
— Yillik tashrif buyuruvchilar soni 150 ming nafargacha yetadi. Pandemiyadan oldin xorijliklar soni juda ko‘p edi, hozir biroz kamaygan.
— G‘orning mineral tarkibi qanday?
— Aragonit va kvars eng ko‘p uchraydi. Ular yorug‘likda rangi o‘zgarib turishi bilan qiziq.
— Bu go‘zal shakllar qanday paydo bo‘lgan?
— Buning ilmiy tomoni: vaqt, suv va kalsiy karbonati. Ular million yillar davomida toshlarni eritib, qayta shakllantiradi. Afsonasi esa shunday: tog‘ ruhlari har yomg‘irdan keyin g‘or ichiga tushib, har bir stalaktitni “qo‘l mehnati” bilan yangilab chiqarkan. Har ikkala variant ham bizga yoqadi (u kuladi).
Yer ostidagi hayot: ko‘rshapalak va havzalar
G‘or ichida ko‘rshapalaklar, pastki qavatlarda 20–60 sm chuqurlikdagi tiniq suv havzalari (ammo uni ichib bo‘lmaydi, sababi — birinchidan, ko‘rshapalaklarning axlati tushgan bo‘lishi mumkin, ikkinchidan, g‘or ichida hali fanga noma’lum qadimiy bakteriyalar mavjud), 77 xil suvo‘ti turlari bor. Bularning barchasi yer ostidagi kichik ekotizimni tashkil qiladi.
Mehmetning aytishicha, ko‘rshapalaklar g‘or ichida tabiiy ventilyasiya vazifasini ham bajaradi.
Nima uchun Ballija g‘origa borish kerak?
- Chunki bu yer — 3,4 million yillik tabiiy muzey.
- Chunki bu yerda hali ham ochilmagan sirlar bisyor.
- Chunki u juda go‘zal manzaraga ega.
- Va, albatta, bu yerdagi havo shu qadar sofki, tabiiy shifoxona vazifasini o‘taydi.
G‘or chang va gulchanglardan holi ionlashgan havosi tufayli astma va nafas qisilishi bilan og‘rigan bemorlarni davolar ekan. Instruktor Mehmetga ko‘ra, 20 kun davomida har kuni g‘or ichida 2-3 soat nafas olib ketgan insonlarda o‘zgarish yaqqol seziladi. Davo kursining 3-4 kunidayoq balg‘am ko‘chishi boshlanadi...
“Yana bir bor kelaman!”
Ballija g‘oridan chiqqaningizdan keyin bir muddat o‘ylanib qolasiz. Ortingizga qarab: “nasib etsa, yana bir bor kelaman,” deb qo‘yishingiz tabiiy.
Chunki bu yerga bir bor kirgan odam uning sirlarini to‘la ocha olmaydi, balki uning asiriga ham aylanadi. Balki shuning o‘zi Ballijaning eng katta sinoatidir.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter