Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Italiyaning O‘zbekistondagi sobiq elchisi Rimda hibsga olindi

Italiyaning O‘zbekistondagi sobiq elchisi Rimda hibsga olindi

Italiyaning Toshkentdagi sobiq elchisi Piyergabriele Papadia de Bottini va uning yaqin hamkorlaridan biri Tatyana Tarakanova Italiya prokuraturasi tomonidan noqonuniy migratsiyaga ko‘maklashish va korrupsiyada gumon qilinmoqda.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yil dekabrida Toshkentdagi diplomatik missiya rahbari sifatida ish boshlagan elchi vizalar bo‘limi faoliyatini shaxsan nazoratga olgan. Ko‘p o‘tmay u Rossiyadagi avvalgi faoliyati davridan tanishi bo‘lgan Tatyana Tarakanovani jarayonga jalb qilgan.

Ayblovga ko‘ra, ular Rossiya fuqarolariga Shengen hududiga kirish uchun uzoq muddatli turistik vizalarni qonun talablarisiz rasmiylashtirish tizimini yo‘lga qo‘ygan. Vizalar uchun 4 ming yevrodan 16 ming yevrogacha pul olingani aytilmoqda. Rasmiy konsullik yig‘imi esa atigi 45–60 yevroni tashkil etgan.

Tergovda Moskvada joylashgan bir nechta turistik agentliklar ham tilga olingan. Ular orqali kamida 95 nafar Rossiya fuqarosi Italiyaga kirgani qayd etilgan. Ayrim holatlarda ariza beruvchilar konsullikka shaxsan kelmagani, hujjatlarda esa turli qoidabuzarliklar bo‘lgani aniqlangan.

Mojaro Italiya tashqi ishlar vazirligi inspeksiyasidan keyin ochilgan. Tekshiruv chog‘ida ko‘plab viza ishlarida jiddiy qonunbuzilishlar topilgan. Tergov materiallarida elchining «menga pul kerak edi» degan so‘zlari ham keltirilgan. U esa bu gaplar bosim ostida aytilganini ta’kidlamoqda.

Hozirda Italiya moliyaviy politsiyasi 400 ga yaqin viza ishini o‘rganmoqda. Tergovchilar elchining taxminan 3 million yevro atrofidagi mol-mulkini ham tekshiryapti.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring