Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Laylo Hayitova

Shiori: Olg‘a harakat qil, o‘rgan, izlan, urinib ko‘r, muhimi, to‘xtama!

Mag‘oki Attoron: otashparastlikdan islom madaniyatigacha bo‘lgan yo‘l

Mag‘oki Attoron: otashparastlikdan islom madaniyatigacha bo‘lgan yo‘l

Foto: Xabar.uz

Tilsim shahar Buxoroyi sharif tarixiy sinoatlarga boy o‘lka. Uning hududida o‘tmish haqida so‘zlovchi minglab arxeologik yodgorliklar bor.

Mag‘oki Attoron yodgorligi ana shunday qadimgi davlatchilik hamda shahar madaniyatiga oid noyob yodgorliklardan bo‘lib, u Buxoro shahri markazida joylashgan. Ilgarigi attorlar rastasi o‘rnida qurilgan. Shu tufayli Attoron masjidi, deb atalgan. «Mag‘ok» esa, chuqurlikda joylashgan, degan ma’noni anglatadi.

Masjid sharqdan g‘arbga cho‘zilgan o‘lchami 13,35x17,6 metr bo‘lgan to‘rtburchak shaklda. Tarixiy manbaalarga ko‘ra, ichkarisi 6 ustunli, 12 gumbazli, o‘rta gumbazi balandroq bo‘lib, uning poygumbazidagi darchalar orqali bino ichiga yorug‘lik tushadi. Sharqiy qismini keng pillapoyali zina egallagan. G‘arbiy devor o‘rtasida oddiy mehrob joylashgan. Binoning poydevori yer sathidan 4,5 metrdan ko‘proq pastda joylashgan.

Me’moriy obidaning qurilishida xom va pishgan g‘isht, yog‘och, loy, maxsus «qir» qotishmasi, tosh, ganj va shunga o‘xshash ashyolardan keng foydalanilgan. Me’moriy obidaning dizayni: Qadimiy 4 ustunli Moh masjidi (IX asr) o‘rnida XII asrda eski loyiha asosida qayta qurilgan. XIV asrda ta’mirlangan, XV asrda peshtoqining yuqori qismi buzilgan. Shayboniy Abdulazizxon davrida (1541-1542-yillar) binoning yuqori qismi, gumbazlari qayta qurilgan. Masjidning ikkita kirish eshigi bor. Janubiy qismi 1934—1935-yillarda tadqiqot va restavratsiya ishlari davomida ochilgan. Peshtoqi o‘yilgan terrakota bilan bezatilgan va kirish eshigi ichki arkining ramkali yoyida ko‘k rangli yozuvlar mavjud. O‘sha paytda Buxoro Sharqdagi eng yirik me’morchilik va qurilish faoliyati markazlaridan biri bo‘lgan.

Vaqt o‘tishi bilan masjid ko‘milib ketgan. Masjidning sharqiy peshtoqidagi yozuvlarga ko‘ra, 1547 yilda Abdulaziz ibn Abdulloh masjidni buzdirib, uning o‘rniga yangi masjid qurdirmoqchi bo‘ladi. Ammo, Naqshbandiya tariqatining o‘sha davrdagi peshvosi va xonning murshidi Mahdumi A’zam bunga yo‘l qo‘ymagan. Me’moriy obidaning 1939-1949 yillarda peshtoqi mustahkamlanib ta’mirlangan, atrofi obodonlashtirilgan. Bundan tashqari, mamlakatimiz mustaqillikka erishgandan so‘ng, yurtimizdagi boshqa me’moriy inshootlar qatorida ushbu inshoot ham ta’mirlangan.

Shohrud kanali yaqinida joylashgan bu antiqa obida Eski shahar hududidagi boshqa binolardan ajralib turadi va juda qadimiyroqdir. Arxeolog olimlar tomonidan Buxoroning qadimiy shaxriston qismi allaqachon aniqlangan. Lekin, shaharning eng qadimiy markazi shahriston emas, aynan shu masjid atrofidir.

O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti dotsenti, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Shavkat Bobojonovning «Xabar.uz»ga bildirishicha, Sharq me’morchiligi an’analarini o‘zida mujassamlashtirgan, «Chor» uslubida bunyod etilgan Mag‘oki Attoriy masjidi o‘rnida arablar istilosigacha Moh (Oy) bozori bo‘lgan. But, dorivor va ziravorlar bilan savdo qilingan, otashparastlar ibodatxonasi ham shu yerda bo‘lgan. Buxoroning mashhur tarixchisi Muhammad Narshaxiy o‘zining «Buxoro tarixi» kitobida quyidagilarni bayon qiladi: «Buxoroda bir bozor bor ediki, uni «Bozori Moh Ro‘z» der edilar. Bu yerda yiliga ikki marta bozor bo‘lar va butlar sotilar edi. Har bozor kuni 50 000 dirhamdan ortiq savdo bo‘lar edi. Qadim vaqtlarda Buxoro aholisi butparast bo‘lganlar va bu bozor rasm bo‘lib, o‘sha davrlardan boshlab bu yerda but sotganlar»

- Abu-l Hasan Nishopuriyning «Xazoin ul-ulum» kitobida aytilishicha, qadimda Buxoroda bir Moh ismli podshoh bo‘lgan. U shu bozorni qurdirgan va barcha duradgor va naqqoshlarni shu yerga but yo‘nishga jalb qilgan. Moh podshoh xalq but sotib olishga qiziqsin uchun, shu bozorga kelib Moh (Mag‘oki Attoron) masjidi o‘rnashgan yerda taxtda o‘tirgan hamda bozor va savdoni kuzatib turgan. Bozorda jami 10 000 do‘kon bo‘lgan. Podshoh savdo-sotiqni yanada rivojlantirish maqsadida bu yerda otashparastlar butxonasini ham qurdirgan. Narshaxiy bu haqda shunday deydi: «Bozor kuni odamlar bu yerga yig‘ilganlarida hammalari ibodatxonaga kirib olovga topinar edilar. Bu ibodatxona to islomiyat davrigacha bor edi, musulmonlar quvvatlanib ketgach, mazkur (Moh) masjidini xuddi shu joyga bino qildilar. Hozir u Buxoroning mo‘’tabar masjidlaridandir,-deydi Shavkat Bobojonov.

Masjidning janubiy peshtoqidagi murakkab naqshlar hayratlanarli va diqqatga sazovordir. 30-yillarda taniqli arxeolog V.Shishkinning obida ostini 6 metr chuqurlikda qazishi natijasida masjid ostidan otashxona qoldig‘i topilgan. 70-yillarda yana bir guruh buxorolik tadqiqotchilar me’moriy yodgorlik atrofini 7 metr qalinlikdagi tuproqdan tozalab, bino poydevori ostiga quduqlar qazishgan edi. Buning natijasida obida o‘rnida turli davrlarda ustma-ust 3 bino barpo etilganligi aniqlangan edi. Eng pastki qadimgi qismidan otashparastlar butxonasining paxsa devori ochilgan.

Ushbu masjidni Qutayba ibn Muslim otashxonani vayron qilib, o‘rniga qurdirgan va Mag‘oki Attoron, ya’ni «chuqurlikdagi bozor» deb atagan. Shaharda masjidlar juda ko‘p bo‘lib, Mag‘oki Attoron masjidi ham shulardan biri bo‘lgan. Shu sababdan ham Buxoro «Shaharlar imomi» deya e’tirof etilgan.

Shavkat Bobojonov buxoroliklar orasida Mag‘oki Attoron masjidi xususida rivoyat mavjudligini aytib, u haqda so‘zlab beradi: Xo‘jai Hizr bir kuni peshin namozini Buxorodagi Mag‘oki Attori masjidida o‘qir ekan. Bir kuni namoz o‘qiydiganlar orasida Xo‘jai Xizr haqida gap bo‘lib qoladi. Shunda ular orasidagi bir chol:

- Men har kuni besh vaqt namozni shu masjidda o‘qiyman, lekin, biror marta ham Hizrni ko‘rganim yo‘q, - debdi. Bu gapni eshitib turgan bir yigit:

- Siz qirq kun bu masjidga hammadan oldin kelib, hammadan keyin chiqing, shunda Hizrni ko‘rish sharafiga muyassar bo‘lasiz, - debdi.

 Chol o‘ttiz to‘qqizinchi kuni masjidda bir yigit bilan birga qolibdi. Yigit cholga masjid eshigidan chiqish uchun yo‘l beribdi va choldan necha yoshga kirganligini so‘rabdi. Chol:

- Sakson besh yoshga kirdim,- deb javob beribdi. Chol ham yigitdan necha yoshga kirganligini so‘rabdi. Yigit cholga:

- Necha yoshga kirganligimni bilmaymanu, lekin, Buxoro yetti marta buzilib, yetti marta bunyod bo‘lganligini, bu masjid daryoning mag‘oki, ya’ni eng chuqur joyida bunyod bo‘lganligini ko‘rganman, -debdi.

Chol shuncha ko‘p umr ko‘rgan kishini ko‘rish niyatida orqasiga o‘girilsa, yigit g‘oyib bo‘lgan ekan. Shundagina chol bu yigit Hizr ekanlini anglab yetibdi va u bilan bafurja suhbatlasha olmaganidan afsuslanibdi.

Albatta, bu rivoyat yoki afsona bo‘lishi mumkin. Lekin, har qanday rivoyat zamirida ham biroz bo‘lsa-da, haqiqat yashaydi. Chunki, Buxoroni azaldan “Hizr nazar karda” deb kelishgan.

Mag‘oki Attoron masjidi Toqi Sarrofon va Toqi Telpakfurushon bilan birga, yaxlit bir komleksni tashkil etadi. Masjid yonidagi yaqinda ochilgan eski hammom qoldiqlari ham go‘shaga ajiblik va g‘aroyiblik baxsh etib turibdi. Hozirda bu joy Fayzulla Xo‘jayev nomli xiyobon, deb ataladi.

Bugungi kunda ushbu obida ichida gilamlar muzeyi hamda ko‘rgazmasi faoliyat olib borib, nafaqat, buxoroliklarning, balki, barcha yurtdoshlarimizning ajoyib ziyoratgohlaridan biriga aylanib qolgan.

 

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring