Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK matbuot xizmati nega axborot berishdan qo‘rqadi?

«O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK matbuot xizmati nega axborot berishdan qo‘rqadi?

Foto: «Uzairways.com»

Ko‘pchilik olis safarga chiqmoqchi bo‘lsa, samolyotda parvoz qilishni xohlaydi. Ammo ba’zi yo‘nalishlarda aviachiptalarning qimmatligi bunga imkon bermaydi. Xo‘sh, ayni kunda aholiga qulaylik yaratish maqsadida «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK tizimida qanday ishlar amalga oshirilyapti? Aviakompaniya yaqin orada chiptalar arzonlashuvi bila bog‘liq masalani rejaga kiritganmi? Shu kabi savollarga javob topish maqsadida kompaniyaning matbuot xizmatiga qo‘ng‘iroq qildik.

Go‘shakni ko‘targan xodimdan bu borada qanday yangiliklar kutilayotgani haqida so‘radik. Savolimizni xushlamaygina eshitgan xodim o‘zini tanishtirishni ham istamay, «Yangilik bo‘lsa, saytimizga joylashtiramiz, o‘qib olaverasiz», deb javob qaytardi. Gazeta uchun tezkor xabar zarurligi, shu bo‘yicha qilinayotgan ishlar, kutilayotgan yangiliklar haqida ma’lumot olishimiz kerakligi haqida aytdik. U yana o‘sha gapni takrorladi. Suhbatdoshimizning kimligini so‘radik. Ammo u «Men kompaniyaning matbuot xizmati xodimiman, yana sizga nima kerak», qabilida javob berdi. Ismini aytishni negadir istamadi.

«Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining ochiqligi to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, axborot xizmatlari davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining o‘z faoliyati to‘g‘risidagi axborotni tayyorlash hamda tarqatish vazifalarini bajaruvchi, shuningdek, OAV va jamoatchilik bilan hamkorlikni ta’minlovchi tarkibiy bo‘linma ekani belgilab qo‘yilgan. Shundan kelib chiqib, «O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasining matbuot xizmati murojaat qilgan OAVga ma’lumot taqdim etishi yoxud so‘ralgan savollarga javob beradigan mutasaddi bilan bog‘lab berishi kerak.

Shunday ekan, o‘zini tanishtirishni xushlamayotgan xodimning «ma’lumot kerak bo‘lsa, saytdan oling», deyishi qanchalik to‘g‘ri? Saytga joylashtirilgan yangilikni gazetaga chiqargandan nima naf? Uning yangilik sifatida qiymati qoladimi? Yoki kompaniya matbuot xizmati xodimlari xizmat ishini faqat kunora saytga bir-ikkita material joylashtirishdan iborat deb tushunadimi? Holbuki, ular birinchi navbatda OAVni ma’lumot bilan ta’minlashga mas’ul sanalanadi.

Tizimda kutilayotgan yangiliklarni bilmaydigan yoki bilsa ham aytishni istamagan axborot xizmati xodimi «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAKga foyda keltiradimi, zarar? Nima uchun kompaniya matbuot xizmati xodimi o‘zining birlamchi ishini qilishdan qo‘rqadi?

Bugun «O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasi tizimida katta islohotlar, yangiliklar bo‘lyapti. Aholi ham bunday o‘zgarishlardan mamnun. Ammo yuqoridagidek holatlar kompaniyaning ijobiy imijiga salbiy ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi.


Ushbu maqola «Jamiyat» gazetasining 2018-yil 2-fevraldagi sonida e’lon qilingan. Eng qizig‘i, shundan so‘ng gazeta tahririyatiga «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK matbuot xizmati rahbari qo‘ng‘iroq qilib, maqola muallifi Bekzod Ibragimovni so‘ragan. U go‘shakni ko‘targach, nega bu maqola yozding deb baqirgan. Muxbir: «E’tirozlaringizni yozma ravishda yuboring», deganidan so‘ng tahririyatga bostirib kelgan. Ushbu voqea tafsilotlari «Jamiyat» gazetasining 2018-yil 9-fevraldagi, ya’ni bugungi sonida e’lon qilindi. «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK rahbariyati yana bir bor o‘qisin! ruknida «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK matbuot xizmati rahbari tahririyatga keldi» nomli sarlavha bilan e’lon qilingan maqolani quyida o‘qishingiz mumkin:


«Jamiyat» gazetasining 2-fevral sonida «Matbuot xizmati nega axborot berishdan qo‘rqadi?» sarlavhali maqola chop etilgan edi. Unda «O‘zbekiston havo yo‘llari» DAK matbuot xizmati xodimlarining muomala madaniyati, jurnalistga ma’lumot berishdagi sustkashligi tanqid ostiga olingan. Oradan bir necha kun o‘tib esa ularning nafaqat o‘z ishini bilmasligi, balki odob-axloq normalari, amaldagi qonunchilikdan ham bexabar ekani ayon bo‘ldi.

6 fevral kuni aviakompaniya matbuot xizmati rahbari Feruza Qurbonova tahririyatimizga qo‘ng‘iroq qilib, maqola muallifini — meni so‘rayotganini aytishdi. Ko‘nglimdan «maqolada keltirilgan kamchiliklar, xodimining qilgan muomalasi uchun uzr so‘rab, bundan buyog‘iga hamkorlikni kuchaytirish taklifini bersa kerak», degan fikr o‘tdi. Shunday obro‘li tashkilotning kichik bir maqolani ham ko‘zdan qochirmay e’tibor qaratayotganidan xursand bo‘ldim.

Ammo chuchvarani xom sanagan ekanman. Go‘shakni olishim bilan F.Qurbonova men yozgan tanqidiy maqola uchun rahbardan qancha gap eshitganiyu, unga va kompaniya imijiga yetkazgan zararim haqida baqirib gapira boshladi. «Maqola yuzasidan e’tirozlar, takliflar bo‘lsa, bizga yozma ravishda yuboring, javobingizni gazetada chop etamiz», dedim gapni cho‘zmaslik uchun. Shundan so‘ng kinoyali gaplar bilan telefonni o‘chirgan rahbar bir soat o‘tib, tahririyat eshigini taqillatib keldi.

Nargiza ismli xodimi bilan kelgan MAK matbuot xizmati rahbarining vajohatidan aybini tan olish o‘rniga maqola muallifiga tahdid qilish, bu bilan jurnalistlarning «popugini pasaytirib qo‘yish» uchun kelganini sezish qiyin emas edi. Bosh muharrir o‘rinbosari uni qabul qildi. Ammo F.Qurbonova alam ustida jahl otiga mingan, rahbarga murojaat qilish qoidalarini unutgan edi. Bosh muharrir o‘rinbosari xonasiga kira solib, ochiqcha e’tiroz bildirishga o‘tdi.

«Nima uchun bu maqolani chop etdilaring?» «Nima uchun sarlavhasini birinchi betga olib chiqdilaring?» «Nima uchun «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK rahbariyati o‘qisin!» deb rubrika qo‘ydilaring? O‘qimasa nima bo‘ladi?» «Nima haqlaring bor biz bilan maslahatlashmay tanqidiy maqola yozishga?» «Xodimimizning birgina qo‘ng‘iroqqa noto‘g‘ri javob bergani ayb bo‘ldimi?» «Xodimim ismini aytmasa nima bo‘libdi?» «Nega mening o‘zimga qo‘ng‘iroq qilmadingiz?», «Nega maqola chiqmasidan avval menga o‘qitmadingiz?»...

Xullas, u berayotgan savollarning cheki-chegarasi yo‘q edi. F.Qurbonovaning tahririyatga kelib e’lon qilingan tanqidiy maqola uchun jurnalistni ta’qib qilishining o‘zi qonunbuzarlik sanaladi. Shunday bo‘lsada, bosh muharrir o‘rinbosari uning gaplarini oxirigacha eshitdi.

Boshlig‘imiz chaqirgani uchun men ham xonaga kirgandim. Kelgan ikki xodim biri qo‘yib biri olib, baqira boshladi. Ikkalasi ham bir paytda gapirganidan unchalik tushunib ham bo‘lmadi. Men bilan telefon orqali gaplashib, o‘zini tanitishdan qochgan, ma’lumot bermagan xodimini himoya qilishga o‘tdi.

«Man u qizni maktabda o‘qitganman, uchinchi sinfligidan bilaman, — dedi Feruza opa. — Sirdaryolik qiz. U umuman ovozini ko‘tarmiydi. Sal qattiqroq gapirsang, yig‘lab yuboradi. Man unga ishonaman. Siz nima haqida gaplashganizni menga isbotlab bering, audioyozuvni qo‘yib bering», (darvoqe, u qo‘ng‘iroq qilganda xodimi bilan gaplashganim haqidagi audioyozuv borligini aytgan edim. Audioyozuv hozir ham qo‘limizda turibdi) deb talab qila boshladi.

F.Qurbonovaning nega jon kuydirib xodimining tarafini olayotganini uning shu gapidan so‘ng anglaganday bo‘ldim. Bundan «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK matbuot xizmati tanish-bilishchilik asosiga qurilgani oydinlashadi.

Birgina qo‘ng‘iroqqa noto‘g‘ri javob berish ham aybmi, deya e’tiroz bildirayotgan rahbar o‘z ishini to‘g‘ri tashkil qilsa, xodimlariga muomala madaniyatini, OAV bilan ishlash malakasini o‘rgatsa yaxshi emasmi?.

Bizning maqsadimiz kompaniyani tanqid qilish emas, bor-yo‘g‘i tizimdagi ishlarni targ‘ib qilib, yangiliklardan odamlarni xabardor etish edi. Ammo men qo‘ng‘iroq qilganda o‘sha xodim ma’lumot berish tugul o‘zini tanishtirishga ham istihola qilgan edi. O‘zini tanishtirishni istamagan odam bilan ham muloqot qilib bo‘ladimi? Biror aybi bo‘lmasa, kimligini aytishdan ham cho‘chiydimi, odam? Gaplashgan odamingning kimligini bilmasdan turib, undan qanday qilib savol so‘rash mumkin?

«Ismini aytmasa aybmi, — deydi Feruza Qurbonova. — Balki qo‘rqqandir. Bizga «Ozodlik», BBSlardan ham telefonlar bo‘ladi...»

Opajon, axir men «Jamiyat» ijtimoiy-siyosiy gazetasidan ekanligimni, ismi-sharifimni aytib o‘zimni tanitdim-ku, o‘sha «oppoq» xodimingizga. Undan keyin chet el matbuoti bo‘lsa, o‘zini tanishtirmaslik kerak, degan qoida bormi? Yo siz ularga shunday saboq berganmisiz!?

Nima maqsadda kelganini o‘zi ham anglamagan matbuot xizmati rahbari bu maqola uchun sudda javob berasizlar, deb «qo‘rqitish»ga o‘tdi.

«Man ishlab turgan aviakompaniya matbuot xizmati ishini nolga chiqarib, gazetaga bunday tarzda yomonlab chiqishizga yo‘l qo‘ymayman, — deb stolni mushtladi. — Siz boshqa matbuot xizmatlarini yomonlang... Rubrikalarini topib qo‘yganini-chi? «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK rahbariyati o‘qisin!» O‘qimasa nima bo‘ladi MAK rahbariyati? Endi shaxsan man hamkorlik qilmayman sizlar bilan. Inson sifatida ham gaplashmayman, rosa xafa bo‘ldim sizlardan...»

Ularning gapi tugay demasdi...

Aslida, gazeta sahifasiga qanday rukn qo‘yish tahririyatning ishi. Unga e’tiroz bildirishning o‘zi javobgarlikka sabab bo‘ladi. «Jurnalistik faoliyatni himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunda aytilganidek, «tanqidiy materiallar e’lon qilganligi uchun jurnalistni ta’qib qilishga yo‘l qo‘yilmaydi» (8-modda). «Jurnalistning jurnalistlik faoliyatiga aralashish, undan o‘z kasbiga doir vazifalarni bajarish chog‘ida olgan biror bir ma’lumotni talab etish taqiqlanadi» (10-modda).

Endi bir mulohaza qilib ko‘raylik. «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAKning matbuot xizmati rahbarining tanqidiy maqola yuzasidan tahririyatga bunday vajohat va tahdid bilan kelishi qanchalik to‘g‘ri? Undan ko‘ra, asosli tanqiddan tegishli xulosa chiqarib, hamkorlikni yanada kuchaytirsa, ommaviy axborot vositalari bilan ishlashdagi sustkashlikka barham bersa, faqat saytga ikki-uch kunda bitta material joylashdan boshqa ishi ko‘rinmayotgan 10 ga yaqin xodimini ishlatib, kompaniya imijini ko‘tarishga harakat qilsa bo‘lmaydimi?

Bundan tashqari, «gazetada nima uchun bunaqa maqola chop etdinglar?», deb dag‘dag‘a qilishga uning nima haqi bor? Bu bilan ommaviy axborot vositalarining erkinligiga, jurnalistning huquqiy himoyasiga putur yetkazib qo‘ymayaptimi? Gazetada chop etilgan materiallar uchun muallif javobgar, ammo u o‘zi tanqid qilgan tashkilotning matbuot xizmatiga hisobot berishga majbur emas. Muallif sifatida daxlsizligini saqlash uchun o‘zini tanitmaslikka ham to‘la haqli.

Qonunchiligimizga ko‘ra, jurnalistikada hech bir maqola tanqid qilayotgan tashkilot rahbariyati bilan kelishib yozilmaydi. Tanqidiy maqola chiqishidan oldin o‘sha tashkilotni ogohlantirish kerak, degan qoida ham hech qayerda yo‘q. «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi qonuning 7-moddasiga ko‘ra, «O‘zbekiston Respublikasida ommaviy axborot vositalarini senzura qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. E’lon qilinayotgan xabarlar va materiallar oldindan kelishib olinishini, shuningdek ularning matni o‘zgartirilishini yoki butunlay nashrdan olib qolinishini (efirga berilmasligini) talab qilishga hech kimning haqi yo‘q».

To‘g‘ri, tanqid hech kimga xush yoqmaydi. Ammo asosli tanqiddan to‘g‘ri xulosa chiqargan kishi albatta muvaffaqiyatga erishadi, hech qachon kam bo‘lmaydi. Tanqid — kelajak mevasi, deb bejiz aytilmaydi. Ammo jamiyatimizda o‘zini hammadan ustun qo‘yadigan, bizni tanqid qilishga hech kimning haqi yo‘q, deb hisoblaydigan ba’zi kimsalar ham borki, ularning dunyoqarashini o‘zgartiradigan, ko‘zini ochadigan vaqt allaqachon keldi, nazarimizda.

Jamiyatimizning barcha sohalarida ulkan islohotlar bo‘layotgan bir paytda har bir rahbar o‘z ishiga avvalo tanqidiy nazar bilan qarashi, bildirilayotgan fikr-mulohazalardan xulosa chiqarib ishlashi lozim. Zero, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, «Tanqidiy tahlil, qat’iy tartib-intizom va shaxsiy javobgarlik — har bir rahbar faoliyatining kundalik qoidasi bo‘lishi kerak». Xuddi shuningdek, «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK matbuot xizmati rahbari ham.

Bekzod Ibragimov

Izohlar 2

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring