Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Manniy kasha» sog‘inchi — Erkin A’zam

«Manniy kasha» sog‘inchi — Erkin A’zam

Manniy kashani bilasiz: sutga qorib pishiriladigan bo‘tqa, parhez taom. Qarang, shunday foram xo‘rakdan kamina bebahraman – chimxo‘rlikka davo qayda! Boz qarangki, shu yemakni xush ko‘rganimda men butunlay boshqa odam bo‘lib ketar ekanman. Qanaqa odam – bunisini endi qo‘yavering.

Gap shundaki, biz tomonlarda (o‘zga joylarda ham shunday bo‘lgandir) bir taomil bor edi: xizmatchi, ziyoliroq kishilar bolalarini (ona uyda o‘tirib!) detsad atalmish tarbiyaxonalarga berardi. Bu muassasada xiyla ovrupocha alvonga kirgan yosh avlod keyin rus maktabiga yo‘llanardi. O‘sha zamonda bu hol kelajakda «odam bo‘lmoq»ning asosiy shartlaridan edi-da. Men ham deng ana shu yo‘ldan borib «detsad»ga qatnaganman. Qatnaganman-u, bir-ikki oy o‘tmay, kashaxo‘rlikdan bezor bo‘lib bormay qo‘yganman. Bugun endi shu taomga rahmatlar aytaman. Chunki unga mazaxo‘rak bo‘lgan boqchadoshlarimning ko‘pchiligi negadir sakkizinchi sinfni bitirar-bitirmas o‘qishni yig‘ishtirib, har xil ko‘chaga kirib ketdi... Boshqa joylarni bilmayman-u, biz tomonlarda shunday bo‘lgani bor gap.

Albatta, ruscha ta’lim ko‘rganlarning aksariyati zamonning peshqadam odamlari bo‘lib yetishgani ma’lum. Eshikdan kirishda ikki kishi qamti kelsa, «O‘zlaridan bo‘lsin, siz o‘rischaga ustaroqsiz», deya biri ikkinchisiga mulozamat qilgani naqli ham o‘sha davrlarga mansub. Ammo go‘daklik chog‘idan begona til, boshqa bir adabiyot, o‘zgacha muomala-munosabatlar muhitida tarbiya topganlarning ba’zilari ulg‘ayganda milliy zaminga qaytishi oson kechmasligi ham sir emas. Deylik, bundaylarning sevimli adabiy qahramoni bir umr Otabek yoki Kumushbibi emas, Pavel Korchagin bilan Pavlik Morozov bo‘lmasa-da, Onegin yoki Anna Karenina bo‘lib qolaveradi (buning-ku jilla yomon joyi yo‘q); sevimli ohanglari ham maqom, milliy kuy-qo‘shiqlar o‘rniga, avvalo – rok, rep, jaz... U yog‘iga sharh darkor emasdir.

Lekin bugun millat zamoni! Millat bolalari milliy maktablarda tahsil ko‘radi, milliy ruhda tarbiya oladi. Bunga barcha imkoniyat mavjud. Shunga qaramay, keyingi vaqtda bir tamoyil paydo bo‘lgan: ota-onalar farzandlarini (asosan shaharlarda) yana ovrupocha maktablarda o‘qitishni ma’qul ko‘rayotir. Nega bunday? «O‘zbek maktabida bola chalasavod bo‘pqovotti. Yaxshi o‘qitmiydi» (rus maktabi ham qolib, o‘g‘lini undan-da «zo‘rrog‘i»ga bergan tanishimning gapi). Shuncha e’tiboru g‘amxo‘rliklardan keyin ham-a?!

«Zo‘rrog‘i»... allaqanday madaniy markazlar qarashib turadigan maxsus sinflar emish. Bolani unga joylash ham «o‘zi bo‘lmasmish». Chunki ertalab avtobusda o‘zi olib ketib, o‘zi keltirib qo‘yarmish-da. Tekin tushlik ovqatlari ham allambalo – anovi manniy kashalar qolib ketgan endi! Bir necha tilni o‘rgatarmish. Shubhasiz, birinchi navbatda o‘sha – «musiqaning pulini to‘lagan» mamlakat tili, uning madaniyati, zehniyati... Bunday dargohlardan kelajakda chinakam millat farzandi o‘rniga osmondan tushgan kosmopolitlar chiqishi turgan gap!

O‘tgan asr boshida Behbudiy hazratlari millat farzandlarini ikki emas, to‘rt tilni egallamoqqa da’vat etganlar. Biz esa to‘rt emas, o‘n tilni bilishini orzu qilamiz. Ammo farzandlarimizning dastlabki ta’limni ona tilida olishi, milliy maktabda, milliy ruhda tarbiya topishi tarafdorimiz, xolos.

Bizga nima bo‘ldi? Odatdagi begonaparastlikmi bu yoki yana «manniy kasha»larni sog‘inib qoldikmi? (Obbo, o‘zbekcha o‘qiganimiz tag‘in pand berdi-ku: «mannaya» bo‘lardi shekilli...)

Erkin A’ZAM
«Tafakkur» jurnali, 2007 yil

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring