Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Matonat yoki taqdir zarbasiga mehr bilan qarshi chiqqanlar

Matonat yoki taqdir zarbasiga mehr bilan qarshi chiqqanlar

foto: chatgpt

Bekobodlik qalbi daryo oddiy o‘zbek ayoli – Tojixon ayaning bemisl matonatiga bag‘ishlangan bu ocherk ancha yillar muqaddam yozilgan. O‘shandan buyon oradan chorak asrdan ortiqroq vaqt o‘tdi. Shunga qaramay, u hamon menga eskirmaganday va ahamiyatini zarracha yo‘qotmaganday tuyuladi. Negaki, o‘tkinchi dunyoda ahli bashariyatni, eng avvalo, o‘zaro mehr-oqibat va rahm-shafqat birlashtirib turadi. Shundan kelib chiqib, bugun o‘sha bitiklarni juz’iy tahrir bilan e’tiboringizga takroran havola qilishni lozim topdim.

 Ostonadagi suhbat

– Mening nimamni ham yozardingiz, o‘g‘lim? Ikki oyog‘im, ikki qo‘lim bo‘lmasa, shoxsiz-butoqsiz daraxt nima-yu, men nima?.. Axir, o‘zingiz bir tasavvur qiling, men hafta emas, oy emas, salkam o‘ttiz yildan buyon xuddi go‘dak misoli yashab kelayapman...

Esimda, Bekobod tumanidagi Ahadovul qishlog‘ida yashovchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Xolto‘ra Qurbonovning xonadoniga ilk bor 1974-yilda borgan edim. O‘shanda endigina maktabni bitirib, tuman gazetasida ishlay boshlagan yoshgina yigit edim. So‘lim yoz tongida u meni ostonada aynan shu so‘zlar bilan qarshiladi. So‘ngra qo‘llari o‘rnida bir qarich-bir qarich suyaklar bo‘rtib turgan bilaklari ostiga qistirilgan qo‘ltiqtayoqlari yordamida ortiga keskin o‘girildi.

Gapimga ko‘nsangiz, yaxshisi, Tojixon opangiz haqida yoza qoling. Chunki meni hayotga qaytargan, yana odamlar qatoriga qo‘shgan aslida mana shu ayol bo‘ladi. – U shunday deya yo‘lida davom etdi. Bu safar yasama oyog‘i g‘ijirlashiga qo‘ltiq tayoqlarining yerga zarb bilan urilib, dukillashi ham qo‘shilib ketdi. – Men hali-hanuz uning saxovatini, taqdir sinovlariga tob bergan sadoqatini ta’riflashga so‘z topolmayman, o‘z minnatdorchiligimni qanday izhor etishni bilolmayman.

So‘ri oldiga yetgach, otaxon bir zum tin oldi. Ko‘rpachaga o‘tirib, muxtasargina fotiha o‘qidi-da, yana menga yuzlandi:

Ha, shunaqa, hayot meni erkalamadi, aksincha, juda qattiq o‘ksitdi. Odamlar safida yurish-turishdan mahrum etdi. Ammo qismatidan noliyapti, deb o‘ylamang. Nolishga haqim yo‘q. Taqdir bir tomondan baxtimni qisgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan omadimni berdi. Mana shu holimga urushdan keyin oila qurdim. Bir emas-ikki emas, olti nafar farzand ko‘rdim. Xudoga shukur, hammasi sog‘-salomat o‘sib-ulg‘aydi. Lekin men-chi, men?.. – Bu savolni berarkan, otaxonning ovozi titrab ketdi. Bo‘g‘ziga nimadir tiqilganday bo‘lib, gapirolmay qoldi. – Rostini aytsam, – dedi bir ozdan so‘ng qayta tilga kirib, – oilada bir umr yettinchi go‘dak bo‘lib qoldim. Bu menga juda alam qiladi, ammo ilojim qancha?.. Ehtimol, yer yuzida menga o‘xshagan xasta-nogironlar ko‘p bo‘lsa, bordir. Lekin, iymon keltirib aytamanki, bunday odamlarga Tojixon opangiz singari sodiq qolgan ayolni osonlikcha topish dargumon. Shuning uchun ham farzandlarimning onasi haqida yozing deyapman-da, o‘g‘lim. Toki ayol qalbi nimalarga qodirligini boshqalar ham bilib qo‘ysinlar...

Tojixon opaning armoni

Men rozi bo‘lgandim, «Albatta, yozaman!» degandim. Ammo oradan necha yillar o‘tsa-da, yoza olmadim. Tabarruk ayol sha’niga loyiq eng ulug‘ so‘zni topolmadim. Otaxonga ikkinchi bor hayot bag‘ishlagan, ko‘zlariga qaytadan nur, diliga orzu-havas ato etgan Tojixon opaning matonatini ko‘nglimdagidek qilib qog‘ozga tushirolmadim.

Alqissa, Ahadovulga o‘tgan asrning to‘qsoninchi yillari arafasida bordim. Ammo...

Afsus, ming afsus, bu safar kutilmagan noxush voqeaning shohidi bo‘ldim...

Shunaqa bo‘ldi, do‘stim, hafta burun dadamizni berib qo‘ydik.

To‘ng‘ich o‘g‘il Abdujabbor ortiqcha so‘z aytmadi. O‘pkasi to‘lib, yig‘idan qizargan ko‘zlarini yerga qadadi. Shu payt xonaga odatdagiday ohista yurib, jikkakkina gavdali Tojixon opa kirib keldi-da, sas-sadosiz poygakka cho‘kdi.

Yo‘qlab kelganingiz uchun rahmat, bolam, – dedi bosh qimirlatib so‘rashgach. Keyin ko‘nglimdan kechganini uqib olgandek, ohista tilga kirdi. – Xolto‘ra otangiz hali ruhan tetik edilar. Ammo oxirgi vaqtlarda, keksalik alomatimi yoki olgan jarohatlari asoratimi, tez-tez qon bosimi oshadigan bo‘lib qoluvdi... O‘sha kuni ertalab ham har doimgiday chaq-chaqlashib o‘tiruvdilar. Tushga yaqin sal toblari qochib, yostiqqa yonboshladilar. Ko‘p o‘tmay, «Boshim g‘uvillab ketayapti, peshindan keyin ozgina mizg‘ib olsam, zora, bosilsa», deya, odatdagidek, o‘tirgan ko‘yi namoz o‘qishga kirishdilar. Men mol-qo‘ylardan xabar olgani tashqariga chiqib ketdim. Anchadan keyin qaytib kirsam, joynamoz ustida qibla tomonga cho‘zilgancha yotibdilar. Chaqirsam, javob bermadilar, ko‘z ham ochmadilar... Men g‘aflatda qolibman, «Namozni o‘qigach, uxlayman», desalar, chippa-chin ishonibman... Bunaqa bo‘lishini bilsam, boshlarida turib og‘ziga bir tomchi suv tomizmasmidim, tildan qolmaslaridan rozi-rizoliklarini olmasmidim? – U ro‘molini ko‘zlariga bosdi. – Mana shunisi menga armon bo‘lib qoldi, o‘g‘lim...

Tojixon opa jim qoldi. O‘rtaga sovuq sukunat cho‘kdi. Men bu xokisorgina ayolning o‘zi qariyb qirq yil koriga yaragan turmush o‘rtog‘ining roziligini ololmagani, umrining so‘nggi lahzalarida uning yonida bo‘lolmaganini aytib, o‘kinishidan hayratga tushdim, uning tom ma’noda muqaddas va farishta ayol ekanligiga yana bir bor iqror bo‘ldim.

So‘ngra zimdan unga ko‘z qirimni tashladim: cholining bevaqt o‘limi qattiq ta’sir qilibdi. Yuzlari so‘lg‘in, boqishlari mahzun. Nazarimda, sochlarining oqi quyuqlashib, qotma yuzlari yanada qoraygandek. U shuncha vaqt taqdirga tan berib, itoat bilan yashagandi. Mana, bugun ham musibat oldida nochor bosh egib, xokisorgina va bir burdagina bo‘lib o‘tiribdi. Goh-goho nimanidir izlayotganday, kimnidir qo‘msayotgandek yon-atrofiga mung‘ayib boqadi. Unga qo‘shilib, men ham chog‘roqqina shinam xonaga razm solaman.

Darvoqe, Xolto‘ra ota umrining so‘nggi yillarida mana shu uyda yashagan. Ammo yerga izlari tushmagan. Negaki, uning oyoqlari yo‘q edi, qo‘ltiqtayoqlarga tayanib yurardi. Unga uzoq yillar madad bo‘lgan qo‘ltiqtayoqlar mana endi xona to‘rida egasiga behuda zoriqib yotibdi.

Bilaman, otaxon manovi telefondan ham ko‘p foydalangan. Lekin unga barmoq izlari tushmagan. Chunki uning qo‘llari ham yo‘q edi. Uyda yolg‘iz qolar bo‘lsa, nevaralariga aytib, cho‘ltoq bilagiga bog‘latib olgan qalamni ishga solardi. Ming bir azob ila raqam terar, yotib olib go‘shakka quloq tutardi. Ishqilib, bu xonada har lahza, har daqiqa uning o‘ktam ovozi, jarangdor kulgisi eshitilib turardi. Endi esa...

Xona jim. Qo‘ltiqtayoqlar jim. Telefonu, tokchada qolgan qalam jim. Jamuljam bo‘lgan oila a’zolari ham jim. Hamma bor, hamma narsa bor. Faqat... faqat Xolto‘ra ota yo‘q... Yo‘q, adashdim, chog‘i. Uning o‘zi ham shu atrofda-yu, birrov tashqariga chiqqanday, halizamon ko‘ksiga orden-medallar taqilgan kiyim-boshda qaytib kirib, hidlari qolgan mana bu ko‘rpacha-yostiqqa ohista yonboshlaydigandek...

Musibat doyalik qilgan jasorat

Qonli urush Dalvarzin cho‘llari bag‘rida chiroy ochgan mo‘’jazgina Ahadovul qishlog‘i ahli boshiga ham bitmas-tuganmas qayg‘u-kulfat keltirdi. Frontga ketgan Ismoil Emonov, Biynoz Xolboyev, Ergash Gulmurodov kabi o‘nlab norg‘ul yigitlardan faqat ikki nafari qaytdi. G‘alaba qozonilgach, tuprog‘i bilqillagan ko‘chalarda oldin hayot-mamot jangida og‘ir yaralanib, bir umrlik chandiq orttirgan Abdug‘ani O‘rozboqov paydo bo‘ldi. Uch bahor o‘tar-o‘tmas, Xolto‘ra keldi...

Yo‘q-yo‘q, o‘ktam-dadil odimlar bilan o‘zi kirib kelmadi. Uni boshqalar olib kelishdi. O‘n sakkiz yoshida qishloqdan o‘z oyog‘i bilan shaxdam yurib chiqib ketgan devqomat yigitni olti yildan so‘ng uyiga qo‘lsiz-oyoqsiz bir alfozda bamisoli yo‘rgaklangan chaqaloqdek ko‘tarib kirishdi. O‘shanda ovulda unga achinib yig‘lamagan odam qolmadi hisobi...

Nachora, bu dunyodan yaxshi ham, yomon ham – barcha o‘tadi. Xoh quvonchlidir, xoh qayg‘ulidir – hamma narsa unutiladi. Fursati kelib, yetti yot begonalardan ko‘rgan muruvvat-yaxshiliklaring ham, yaqinlaring o‘tkazgan jabr-jafolar ham esdan chiqadi. Ammo musibat doyalik qilgan jasorat hech qachon el og‘zidan tushmas ekan. Mana, yorqin misol – o‘sha kezlar ahadovulliklarni behad hayratga solgan bir voqea. «Tojixon Xolto‘raga turmushga chiqarmish!» degan xabardan kimlardir ajablanib yelka qisishdi.

Kimlardir uni chetga tortib, «Hoy, esing joyidami? U senga er emas, dahmaza-dardisar bo‘ladi-ku! Bundoq kelajagingni o‘ylasang-chi!» deya nasihat qilishdi. Ular Xolto‘raga achinishdimi, Tojixonning ustidan kulishdimi, bilish qiyin edi. Ammo o‘n to‘qqiz yoshli qizning jur’atiga tan berganlar bisyor edi.

Ko‘p o‘tmay to‘y bo‘ldi. Unda ko‘pchilik qatnashdi. Kelin-kuyovning quvonchiga shu tumanda yashovchi Ikkinchi jahon urushi ishtirokchilari ham sherik bo‘lishdi.

Keyin zamon o‘zgardi, hayot o‘zgardi. Odamlar o‘zgardi, dunyoqarashlar o‘zgardi. Faqat Tojixon opa o‘zgarmadi, uning ahdu paymoni o‘zgarmadi. Vafoga va’da qilgan qiz va’daga vafo qilishning ham uddasidan chiqdi. Oilaviy turmushning neki zahmatlari bo‘lsa, o‘z gardaniga oldi.

Fursati yetib, oilada farzandlar tug‘ildi, ro‘zg‘or tashvishlari ko‘paydi. U bir qo‘li bilan beshik tebratsa, ikkinchisi bilan Xolto‘ra otaga luqma tutdi. Bir qo‘li bilan ketmon chopsa, ikkinchisi bilan yostiqdoshini oq yuvib-oq taradi. Og‘ir damlarda qaynonasi Xonimgul ayaning, qaynotasi Qurbon boboning madadiga tayandi. Shu asno farzandlari birin-ketin  voyaga yetdi. Zubaydayu Buvixadicha «Yor-yor» sadolari ostida kelinlik libosini kiyishdi. Abdujabboru Akbarali, Abdumo‘minu Obloqul uyli-joyli bo‘lishdi. Chol-kampir qo‘sha-qo‘sha nevarali, piru badavlat otaxonu onaxonga aylanishdi.

Qirq uch yil davom etgan «jang»

Xolto‘ra ota har safar boshqalardan ko‘rgan mehr-oqibatlari haqida gapirardi-yu, o‘z jasoratlari to‘g‘risida ko‘p-da so‘z ochmasdi. Holbuki, uning jangovar hayot yo‘li ham qahramonliklarga boy edi. U nemis-fashistlar sobiq ittifoqqa bostirib kirgan yiliyoq harbiy xizmatga chaqirildi. Dastlab Vladivostokda harbiy tayyorgarlikdan o‘tdi. Keyin Jitomir, Kursk, Maxachqal’a shaharlarini, Polsha, Vengriya, Bolgariya singari davlatlarni ozod etishda qatnashdi. Bu qirg‘inbarotlarda Xudoning o‘zi uni o‘limdan asradi.

Biroq 1945 yilning fevral oyi boshlarida Kyonigsberg shahri uchun bo‘lgan janglardan birida og‘ir yaralandi. Hujumga tashlangan safdoshlari singari keng maydon bo‘ylab olg‘a yugurib borarkan, to‘satdan oyoqlari ostida lop etib alanga ko‘tarildi. Shu ondayoq kuchli portlashdan quloqlari tom bitdi. Keyin chap qo‘li cho‘rt uzilib, old tomonga uchib ketgani, o‘zi bir muddat havoda muallaq qolgani yodida, boshqasini eslay olmaydi...

Og‘ir jarohat tufayli ko‘p qon yo‘qotib, deyarli uch haftadan buyon hush-behush yotgan, yuragi bilinar-bilinmas urib turgan jangchining hayotini saqlab qolishning eng so‘nggi chorasi shu bo‘ldi: sovuq olgan o‘ng qo‘lini bilagidan, majaqlangan chap oyog‘ini sonidan, to‘piqsiz o‘ng oyog‘ini tizzasidan kesishdi.

Tabiiyki, hali 22 yoshga ham to‘lmagan bo‘z yigit uchun bunday ahvolga tushish o‘ta dahshat edi. U endi haftalab-oylab chalqancha yotar, kelajagini o‘ylagani sayin yuragini vahima bosar, ilojsizlikdan o‘zini qo‘yarga joy topolmay tipirchilab qolardi.

Zero, uning uchun eng og‘ir, haqiqiy jang – hayot uchun, taqdir uchun kurash endi boshlangan edi. Bu kurash esa, xoh ishoning-xoh ishonmang, qirq uch yil uzluksiz davom etdi. Ha, roppa-rosa qirq uch yil! U shuncha yil nogironlik azobini tortdi, shuncha yil qismatga qasdma-qasd yashadi.

Haqiqatga aylangan bashoratlar

Yashirmayman, dastlab hayotdan umid uzgan paytlarim ham ko‘p bo‘ldi, – deb eslardi Xolto‘ra ota. – Baxtimga, dunyoda yaxshilar ko‘p ekan. Aytaylik, gospitalda meni salkam uch yil asl kelib chiqishi belorussiyalik bo‘lgan harbiy vrach davolagandi. U har gal oldimga kirganida, nuqul bir gapni takrorlar, «O‘ksinma, soldat, sen hali uzoq yashaysan. Oila qurasan, farzandlar ko‘rasan!» der edi. Men bu bashoratga ishonmasdim. Vrachning so‘zlarini shunchaki ko‘nglimni ko‘tarish uchun aytilgan gapga yo‘yardim. «Baribir, uzoqqa bormayman», deb o‘ylardim. Shu bois uyga qaytish, ota-onamga ortiqcha yuk bo‘lish niyatim yo‘q edi...

Bir bayram arafasida gospitalimizdan sal naridagi madaniyat saroyida yosh ishchilarning urush qatnashchilari bilan uchrashuvi o‘tkaziladigan bo‘ldi. Katya va Nadya ismli hamshiralar qo‘yarda-qo‘ymay, aravachada meni ham olib borishdi. Qarasam, mehmonlarning aksariyati o‘zimga o‘xshagan nogironlar. Yon qatorda – zobitlar orasida o‘tirgan ozg‘in jussali, yosh bo‘lsa-da, sochlariga qirov qo‘ngan mayor ko‘zimga allanechuk issiq ko‘rindi. Xotiramni jamlab, axiyri esladim. Bu 105-diviziyaga qarashli 130-o‘qchi polkda xizmat qilganimda menga harbiy mahoratdan ilk saboqni bergan, dastlabki jangga birga kirgan sobiq komandirim edi. Nihoyat, u ham meni tanidi. Uchrashuv tugashi bilanoq, bir-bir bosib qarshimga keldi. Yalashib-yulqashib so‘rashdik. Uzoq suhbatlashdik. Quroldosh do‘stlarimizni eslashdik.

Aytishicha, mayor hozir gospitalimiz joylashgan shahardagi harbiy qismda xizmat qilayotgan ekan. U bizni kuzatib, gospitalgacha birga keldi. Yo‘l-yo‘lakay salkam uch yildan buyon o‘lik-tirigim to‘g‘risida ota-onamga xabar qilmaganimni eshitib, qattiq koyib berdi. Ayniqsa, uyga qaytmaslik haqidagi qarorimdan ogoh topgach, o‘zini tuta olmadi.

Bu ishingiz xato, uka, juda katta xato! – dedi so‘zimni cho‘rt kesib. – Axir siz o‘g‘rilik yoki bezorilik qilib, bu ko‘yga tushganingiz yo‘q-ku. Shuning uchun ham do‘st sifatida iltimos qilaman, ham sobiq komandiringiz sifatida buyuraman, ertagayoq uyga xat yozing. Siz odamlarga, birinchi navbatda, ota-onangizga keraksiz!..

Men baribir bu iltimosga quloq osmadim, do‘stona buyruqni bajarmadim. Keyin bilsam, mayor ahdim qat’iyligini anglagach, vrachlardan uy adresimni so‘rab olgan, bor haqiqatni bayon etib, ota-onamga maktub yo‘llagan ekan. Uch oydan so‘ng gospitalimizga to‘satdan ular kirib borishganida, qanday holga tushganimni bilsangiz edi. Shu desangiz, diydor ko‘rishganimizga quvonib bir yig‘layman, boshimdan o‘tganlarni aytib yana bir yig‘layman. Ota-ona, baribir, ota-ona ekan-da, menga qo‘shilib ko‘z yoshi to‘kishadi-yu, ko‘nglimni ko‘tarishadi, ko‘nglimni ko‘tarishadi-yu, yana o‘zlari ko‘z yoshi to‘kishadi. Men onalar mehri naqadar ulug‘ligini, otalar duosi naqadar bebaholigini o‘shanda yurak-yurakdan his etganman.

Xullas, qo‘ltiqtayoqlar yordamida harakatlanishni o‘rganib olgach, kindik qonim tomgan qishlog‘imga qaytdim. Avvaliga o‘z dard-g‘amim bilan andarmon bo‘lib qolgan ekanman. Keyinroq o‘sha harbiy vrachni, moviy ko‘z hamshiralarni, ozg‘in mayorni ko‘p sog‘indim. Ularning daragi chiqib qolarmikin, degan ilinjda o‘zim davolangan gospitallarga, xizmat qilgan qismlarga talay xatlar yo‘lladim. Lekin birortasiga ham tayinli javob ololmadim...

Diyonatli inson el nazaridan qolmaydi

Xolto‘ra otangiz qo‘lsiz-oyoqsiz bo‘lsalar ham iymon-e’tiqodli odam edilar. – Men Tojixon opaning so‘zlaridan hushyor tortaman. – Har qanday holatdayam besh mahal namozni kanda qilmasdilar. Nogironligini pesh qilib, ortiqcha narsa undirish ilinjida bo‘lmasdilar. – Tojixon opa yengil tin olib, qadoq qo‘llaridagi piyolada sovib qolgan choydan ho‘pladi. So‘ngra mayin ohangda so‘zini davom ettirdi. – Diyonatli odam el nazaridan qolmas ekan, hamqishloqlarimiz hech qachon bizni yolg‘izlatib qo‘yishmadi. To‘yimiz oldidan hashar yo‘li bilan uy qurib berishgandi. Keyin ham issiq-sovug‘imizdan, kam-ko‘stimizdan doimo boxabar bo‘lib turishdi. Hukumatimizu mahalliy rahbarlarimiz ham qarab turishmadi. Uch marta yengil mashina berishdi, alohida uy ajratishdi. Tez-tez kelib, hol-ahvol so‘rashdi. Dafn marosimida yonimizda turishdi.

...Ha, bo‘ldi, men necha zamonlar xayolimni tark etmagan savollarga mana endi javob topdim: jasoratdan jasorat tug‘iladi, mehrdan mehr yaraladi, deganlari haqqi rost ekan. Xolto‘ra otaning butun umri matonat ila yo‘g‘rilgandi. U yashashga ishtiyoqi, mushkulotu azoblarga bardoshliligi bilan odamlar qalbiga ezgulik urug‘ini socha bildi. Shu bois hamqishloqlari undan mehr-oqibatlarini darig‘ tutishmadi, yaxshi-yomon kunlarida hamkor-hamnafas bo‘lishdi.

Adashmasam, Tojixon opa ham xuddi ana shu tuyg‘udan kuch-dalda olgan. Jasoratga jasorat bilan, mehrga mehr bilan javob qaytargan. Bu yo‘lda hamisha yaxshilarga ishongan, mudom yaxshilarga yondashgan. O‘zining eng oddiy, lekin eng buyuk insoniylik vazifasi – ayollik burchini sidqidildan ado etgan.

Endi, xolisona, ayting-chi, aslida shuning o‘ziyoq betimsol muhabbat emasmi? Aslida shuning o‘ziyoq boshqalar uchun eng katta saboq-ibrat emasmi?..

So‘ngso‘z o‘rnida

Xonadon egalari bilan xayrlashib, hovlidan chiqarkanman, ko‘cha eshik oldidagi olma daraxtiga ko‘zim tushdi. Xabarim bor, ancha yillar muqaddam uning shoxlari qurib, barglari qovjirab qolgandi. Mevali daraxtning qurishi bexosiyat sanalishini yaxshi bilgan Xolto‘ra ota debochasiga o‘g‘illariga uni tag-tomiri bilan qo‘porib tashlashni buyurdi. Keyin negadir «Sal pastrog‘idan arralab qo‘ya qolinglar», dedi. Har holda, to‘g‘ri qilgan ekan, ko‘p o‘tmay to‘nka yonboshidan shoxlar chiqardi.

Mana, endi esa o‘sha daraxt ikkinchi bor umr ko‘rayapti, har yili avvalgidek hosil berayapti. Bu nima, shunchaki tasodifmi! Balki gap boshqa yoqdadir. Ehtimol, Tojixon opaning sabot-matonati, metindek irodasi oldida lol qolgan tabiat undan ibrat olgandir. Shu tufayli shoxsiz-butoqsiz to‘nkaga qaytadan jon ato etgandir. Ehtimol, Xolto‘ra otaning hayotga tashnaligi, yashashga ishtiyoqi kuchli ekanligi guvohi bo‘lgan daraxt unga havas qilgandir, garchi bir muddat kundaga aylangan esa-da, o‘sha havas tufayli nurga – quyoshga talpingandir...

Yana kim bilsin, balki mening xulosalarim xomxayol bo‘lib chiqar, balki bu hech qachon inson izmiga bo‘ysunmaydigan, har doim o‘z qonunlari bilan yashaydigan tabiatning bizga noma’lum boshqa sir-sinoatlari bilan bog‘liq hodisadir. Shularni o‘ylagan holda Tojixon opa bilan xayrlashar ekanman, quloqlarim ostida yana Xolto‘ra otaning hu o‘sha – ancha yillar burungi o‘tinchi yangraganday bo‘ldi:

Shuning uchun ham farzandlarimning onasi haqida, umuman, munis-mushfiq va mo‘’tabar ayollar, yaxshi insonlar haqida yozing deyapman-da, o‘g‘lim. Axir, bu dunyo shular bilan obod-ku!..

* * *

Men har safar shu gaplarni eslaganimda, ko‘z o‘ngimga rahmatli Xolto‘ra otani va Tojixon ayani, so‘ngra ketma-ket vafot etgan o‘g‘illari Abdujabbor, Akbarali va Obloqulni keltiraman. Xudodan ularning oxiratlari obod, ruhlari shod bo‘lishini so‘rab, qolgan farzandlari va nevara-chevaralariga uzoq umr, mustahkam sog‘liq tilayman.

Abdunabi Haydarov

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring