Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Maydonning har bir qarichi uchun kurashing!» — Prezident futbolchilarga murojaat qildi

«Maydonning har bir qarichi uchun kurashing!» — Prezident futbolchilarga murojaat qildi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zolari bilan uchrashdi. 

Yurtimizda sportga, xususan, futbolga qaratilayotgan e’tibor, yaratilayotgan sharoitlar mazkur yutuqlarga katta zamin bo‘ldi. 

So‘nggi yillarda joylarda 200 dan ziyod yirik sport inshootlari, 4 mingga yaqin xususiy sport klublari ish boshladi. 1,5 mingdan ortiq mahallaga sport maydonchalari qurib berildi. Poytaxtimizda zamonaviy Olimpiya shaharchasi barpo etildi, Yuqori Chirchiqda «Milliy futbol markazi» ishga tushirildi. Har bir viloyatda bittadan professional futbol akademiyasi va futbol maktablari tashkil qilindi. 

Bu ishlar hisobiga havaskor futbolchilar soni 5 millionga yetdi, futbol bilan muntazam shug‘ullanuvchilar 1 million 300 mingdan oshdi, professional futbolchilar 17 mingga yetdi. 

Eng asosiysi, futbolda korrupsiya va tanish-bilishchilik degan illatlarga barham berildi. Ochiq va shaffof tizim yaratildi. Bu eng iqtidorli yoshlarni, rostakam iste’dodlarni katta maydonga olib chiqdi.

«Biz uchun futbol nafaqat professional sport turi, balki yoshlar tarbiyasi, sog‘lom turmush, intizom va vatanparvarlik maktabi bo‘ladi. Endi yurtimizdagi har bir mahallaga futbol nafasi kirib boradi. Har bir bolaga o‘z mahallasida to‘p tepish, musobaqalarda qatnashish, o‘z iste’dodini ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi», – dedi Prezidentimiz.  

Buning uchun «Har bir mahalla – futbol maydoni» dasturi boshlanadi. Bu umummilliy harakatga aylanadi. 

Dastur doirasida «Mahalla ligasi» tashkil etilib, 12-17 yoshli o‘g‘il-qizlar o‘rtasida mahalla futbol jamoalari tuziladi. Har yili havaskor futbolchilar ishtirokida «mahalla – tuman – viloyat – respublika» bosqichidan iborat musobaqalar o‘tkaziladi. 

Umuman,«Mahalla ligasi» eng yaxshi iqtidorlarni seleksiya qilishda professional klublar uchun tayyor baza bo‘ladi.

Bugun terma jamoamiz bilan katta tajriba va chempionlik xarakteriga ega Fabio Kannavaro boshchiligidagi murabbiylar shtabi ishlayotgani qayd etildi. 

2006 yilda Germaniyada o‘tkazilgan mundialda Kannavaro sardorlik qilgan Italiya terma jamoasi jahon chempioni bo‘lgan. O‘sha yili Kannavaro dunyoning eng yaxshi o‘yinchisi deb e’tirof etilgan va futbol tarixida «Oltin to‘p» sohibi bo‘lgan kam sonli himoyachilardan biriga aylangan. 

Yangi murabbiy jismoniy tayyorgarlik va hujumchilar bilan ishlaydigan murabbiylarni, shifokor, nutritsiolog va oshpazlarni olib kelgani hamda xalqaro tajribaga ega yaxshi jamoani shakllantirgani ta’kidlandi. 

«Fursatdan foydalanib, Fabio Kannavaroni murabbiy sifatida mundialdagi birinchi ishtiroki bilan tabriklab, murabbiylar shtabiga yangi zafarlar tilayman», – dedi davlat rahbari.

«Endi futbolchilarga qarata aytmoqchiman: jahon chempionatida oson o‘yinning o‘zi yo‘q. Sizlar Portugaliya, Kolumbiya, Kongo kabi terma jamoalar bilan o‘ynaysizlar. Xalqimiz har bir o‘yinda sizlardan g‘alaba kutishi tabiiy, albatta. 

Lekin bir narsani doimo yodda tuting: sizlar tarixni allaqachon yaratib bo‘ldingiz! Oldingizda turgan muhim uchrashuvlarda ortiqcha bosimsiz, hech kimdan hayiqmasdan, boringizni berib o‘ynang. Har bir to‘p, har bir vaziyat, maydonning har bir qarichi uchun oxirigacha kurashing! Mundialdagi barcha o‘yinlaringizda fan-klublar a’zolari, minglab futbol muxlislari, Amerikadagi vatandoshlarimiz ham stadiondan sizlarni qo‘llab-quvvatlab turadi. 

Maydondagi har bir harakatingizni 40 millionga yaqin xalqimiz ekran ortida katta hayajon bilan hayqirib kuzatadi, yuraklarni junbishga keltiradigan hissiyot oladi. Yodingizda bo‘lsin: el-yurtimiz sizlarga ishonadi, Prezident sizlarga ishonadi! Boringlar, mardonavor o‘ynanglar, Vatan sharafini munosib himoya qilinglar! G‘alaba va omad hamisha yor bo‘lsin!» – dedi Prezidentimiz so‘zining yakunida.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring