Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekiston ekologik allergiyani davolashda Markaziy Osiyoda yetakchiga aylanadi

O‘zbekiston ekologik allergiyani davolashda Markaziy Osiyoda yetakchiga aylanadi

Foto: Innovatsiya vazirligi matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi Yevropaning yetakchi farmatsevtika kompaniyalaridan biri bo‘lgan «Inmunotek» kompaniyasi bilan muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati «Xabar.uz»ga ma’lum qildi.

Innovatsiya vaziri Ibrohim Abdurahmonov va «Inmunotek» kompaniyasining xalqaro munosabatlar bo‘yicha direktori Xose Ibarsena uzoq muddatli hamkorlik masalasini muhokama qilishdi. Muzokaralarda, shuningdek, Molekulyar allergologiya va immunologiya bo‘yicha universitetlar xalqaro tarmog‘i vitse-prezidenti Viktoriya Garib ham ishtirok etdi.

Xalqaro molekulyar allergologiya markazi bilan hamkorlik 4 ta yo‘nalishda olib borilishi ko‘zda tutilmoqda:

  • allergologiya va immunologiya sohasidagi shifokorlar uchun ta’lim dasturi;
  • aholini xabardor qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqish va ularni amalga oshirish;
  • kattalar va bolalarda ekologik allergiyani davolashga mo‘ljallangan sifatli mahsulotlar taqdim etish;
  • mazkur maqsadlarda yuqori sifatli farmatsevtik mahsulotlar ishlab chiqish maqsadida «yo‘l xaritasi» ishlab chiqish.

So‘nggi o‘n yillarda ko‘plab mamlakatlarda, jumladan, O‘zbekistonda ham allergik kasalliklarning ko‘payishi kuzatilmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti allergiyani surunkali tarzda kechadigan oltita eng ko‘p uchraydigan kasalliklar ro‘yxatiga kiritgan.

O‘z navbatida, hukumatimiz tomonidan mamlakatimizdagi bolalar va kattalar respirator allergiya kasalliklarning soni oshib borayotganini tasdiqlovchi statistik ma’lumotlardan kelib chiqqan holda bu borada aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda.

«Inmunotek» bilan shartnomaga ko‘ra, endi yurtimizda respirator allergiya uchun peroral va in’yeksion farmatsevtik preparatlar ishlab chiqiladi. Mazkur davlat loyihasining maqsadi – farzandlarimizdagi nafas yo‘llari kasalliklarining oqibatlari bilan bog‘liq muammolarni 50 foizga qisqartirishdir.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring