Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«O‘zbekiston pochtasi» va soliqchilar mojarosi: sud qancha davom et(a)di?

«O‘zbekiston pochtasi» va soliqchilar mojarosi: sud qancha davom et(a)di?

Joriy yilning 26-sentyabrida Toshkent shahar ma’muriy sudining taftish instansiyasi «O‘zbekiston pochtasi» AJ va Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo soliq inspeksiyasining o‘tgan yilning dekabridan buyon davom etib kelayotgan mahkama ishiga navbatdagi nuqtani qo‘ydi. Nega «navbatdagi» ekani haqida esa quyida so‘z yuritamiz.

Voqea aslida mana bunday boshlangan edi...

Gap shundaki, Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo soliq inspeksiyasi «O‘zbekiston pochtasi» AJ (UzPost)da 2021-2023 yillar davrlarida soliq qonunchiligiga rioya etilishi yuzasidan soliq auditi o‘tkazgan.

Tekshiruvlarda korxonada o‘tkazilgan soliq auditi natijasida korxonaning shaxsiy hisob varaqalariga asosan soliqlar bo‘yicha ortiqcha to‘lovlarini inobatga olgan holda korxona tomonidan soliqlarni noto‘g‘ri hisoblangani va natijada 26,3 mlrd so‘m budjetga to‘liq to‘lanmagani aniqlangan. O‘z navbatida, korxonaning chet ellik kompaniyalar bilan o‘zaro shartnomalar (gap – Daily Mail Zenith FZE (BAA), Post+ B.V. (Niderlandiya), Tayger Layn Post va UAB Clevtrans (Litva) kompaniyalari haqida ketyapti. – tahr.) asosida amalga oshirgan xalqaro pochta jo‘natmalari xizmat ko‘rsatish joyi O‘zbekiston ekanligi qayd etilgan va soliqqa tortilgan. Yuqoridagilarni inobatga olib hamda Soliq kodeksining 224-moddasiga asosan inspeksiya korxonaga nisbatan to‘lanmagan soliq summasining 20 foizi miqdorida, ya’ni 5,3 mlrd so‘m miqdorida moliyaviy jarima qo‘llagan.

Jamiyat esa aynan inspeksiyaning ushbu qaroridan norozi bo‘lib, dastlab Toshkent tumanlararo ma’muriy sudiga shikoyat yo‘llaydi. Unda, jumladan, soliq auditi tekshiruvida jamiyat bilan chet ellik kompaniyalar o‘rtasida tuzilgan shartnomalarga asosan amalga oshirilgan xalqaro pochta jo‘natmalarini yetkazib berish xizmati tekshirish dalolatnomasida xizmat ko‘rsatish joyi O‘zbekiston ekanligi qayd etilib, soliqqa tortilganligi, lekin buning asos yoki isbotlari keltirilmaganligi ta’kidlanadi. Shu bilan birga, shartnomalarga asosan ko‘rsatilgan xizmatlar pochta xizmati hisoblanishi, tashish bilan bog‘liq xizmat hisoblanmasligi, pochta jo‘natmalari xaridorlari O‘zbekistonda joylashmaganligi, realizatsiya qilish joyi ham O‘zbekiston hududi hisoblanmasligi, shu sabab ham aylanmani QQS obyekti sifatida baholamaslik va tekshiruv natijasida 26,3 mlrd so‘m asossiz hisoblanganligi aytiladi.

Mazkur sudning 2024-yil 17-dekabridagi 5-1001-2411/2601-sonli hal qiluv qarorida qayd etilishicha, UzPost xalqaro pochta xizmatini ko‘rsatish bo‘yicha chet ellik kompaniyalar bilan shartnomalar tuzgan va ularga asosan boshqa chet eldan chiqqan pochta jo‘natmasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri boshqa chet el davlatiga «O‘zbekiston pochtasi» nomi bilan jo‘natib kelingan. Xususan, sud tergovida O‘rta Osiyo mamlakatlariga yo‘naltirilgan pochtalar O‘zbekistonga kelishi, bu yerda pochtalar tegishliligiga (Qozog‘iston, Qirg‘iziston va boshqalar) ko‘ra, taqsimlanishi, bunda ham biror xizmat ko‘rsatilmasligi, keyin tegishli qo‘shni davlatga yuborilishi, pochta xizmati uchun haq chet ellik korxonalardan «O‘zbekiston pochtasi» nomi uchun olinishi aniqlangan.

Shu tariqa mazkur sudning hal qiluv qaroriga ko‘ra arizachi – UzPost’ning qonuniy vajlari o‘z tasdig‘ini topib ariza talablari qanoatlantirilgan. Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo soliq inspeksiyasining zimmasiga esa korxonada o‘tkazilgan tekshirish materiallaridagi 26,3 mlrd so‘m qo‘shimcha hisoblashga oid qismini qayta ko‘rib chiqish majburiyati yuklatilgan.

Navbatdagi instansiya va havoga uchgan sud qarori

Ammo ish jarayon shu bilan yakunlanmadi: inspeksiya «ish» bo‘yicha apellyasiya shikoyati bilan Toshkent shahar ma’muriy sudiga murojaat qilgan. Ushbu sudning apellyasiya instansiyasi ham birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini o‘zgarishsiz qoldirganligi sababli 2024-yil 17-dekabrdagi hal qiluv qarori 2025-yil 17-fevraldan qonuniy kuchga kirgan.

Biroq, Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo soliq inspeksiyasi tomonidan yuqoridagi qonuniy kuchga kirgan sud hal qiluv qarori bilan isbotlangan qonuniy holatlar inobatga olinmay, 2025-yil 17-mart kuni takroran tegishli qarorini qabul qilinadi: «O‘zbekiston pochtasi» AJga nisbatan 26,2 mlrd so‘m qo‘shimcha hisoblangan, 2,1 mlrd so‘m kamaytirishga hisoblangan va 5,2 mlrd so‘m miqdorida moliyaviy jarima qo‘llanadi. Boshqacha qilib aytganda, soliq inspeksiyasi O‘zbekiston Respublikasi nomidan qabul qilingan, qonuniy kuchga kirgan sudning hal qiluv qarori bilan isbotlangan holatlarni inobatga olmasdan sudning hal qiluv qaroriga qarshi noqonuniy ravishda qaror qabul qiladi.

Shundan so‘ng, arizachi «O‘zbekiston pochtasi» AJ yana bir Toshkent tumanlararo ma’muriy sudiga ariza bilan murojaat qilib, inspeksiya tomonidan qabul qilingan yuqoridagi qarorni haqiqiy emas deb topishni so‘ragan va Toshkent tumanlararo ma’muriy sudining 2025-yil 1-iyuldagi hal qiluv qarori bilan javobgar Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo inspeksiyasi tomonidan joriy yil 17-mart kuni qabul qilingan qaror bekor qilingan.

Inspeksiya yana apellyasiya shikoyati taqdim etadi, Toshkent shahar Ma’muriy sudi apellyasiya instansiyasi esa 2025-yil 6-avgustdagi qarori bilan yana apellyasiya shikoyatini rad etadi.

Haqiqat qaror topdimi?..

Shundan so‘nggina «hikoya» avvalida ta’kidlanganidek, «navbatdagi» jarayonga yetib kelinadi: inspeksiya taftish tartibidagi shikoyat taqdim etadi.

Toshkent shahar ma’muriy sudining taftish instansiyasi «vanihoyat», inspeksiya foydasiga qaror qabul qiladi.

Ayni paytda qonuniy kuchda bo‘lib turgan Toshkent shahar ma’muriy sudining taftish instansiyasi qaroriga nisbatan esa, ayrim savollar tug‘ilmoqda.

Jumladan, «O‘zbekiston pochtasi» AJ tomonidan sudlarga taqdim etib kelingan qonuniy asoslovchi ish hujjatlari ekspertiza xulosasi bo‘lsa-da, taftish instansiyasi tomonidan ushbu holatlarga huquqiy baho berilmagan va aksincha korxona tomonidan sudga tegishli hujjatlar taqdim qilinmagani aytiladi.

Vaholanki, barcha hujjatlar birinchi instansiya sudiga taqdim qilingan, appeliyasion sudlarga qayta kiritilgan. Ya’ni, ish hujjatlariga tikilgan hujjatlar nega «taqdim qilinmagan» deb topilgani qiziq.

Qolaversa, ish hujjatlar to‘plamida sud-soliq dalat ekspertizasi xulosasi mavjud. Mazkur xulosada yuqorida ko‘rsatilgan holatlar aniq va ravshan ko‘rsatib berilgan hamda mustaqil davlat ekperti tomonidan tegishli baho berilgan.

Bunday hollarda esa taftish instansiyasining yuqoridagi «da’vosi» savollarni keltirib chiqaradi va sud hokimiyatining ishonchliligini shubha ostida qoldiradi.

«O‘zbekiston pochtasi» AJ ma’lumotlariga ko‘ra, soliq xizmatining xatti-harakatlari tufayli korxonaning qonuniy manfaatlari qo‘pol ravishda buzilib, jamiyatga nisbatan 25 milliarddan ortiq zarar yetadi. Shu bilan birga, kompaniya budjet taqchilligiga duch kelishi va faoliyatini davom ettirolmasligi mumkin. Korxona yillik taxminan 11 mlrd so‘m soliq to‘laydi hamda tizimdagi 7,6 ming xodimiga 22 milliard so‘mlik oylik maosh to‘lab beradi.

Mamlakatning eng yirik pochta operatorining mavjudligi esa soliq organining yuqoridagi qarori sabab xavf ostida qolishi mumkin.

Xulosa qilib aytganda esa «hikoya»ning muhim qismi haq kim tomonida bo‘lishi yoki tomonlarning sudlashishda yana davom etishida emas, balki muhimi – sudlarning adolatni qaror toptirishida. Sud hokimiyati o‘zining mustaqil organ ekani sababidan ham hujjatlarni sinchiklab o‘rganishi, ishlarga xolis baho berishi zarur.

Zero, Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, «sudlarning asosiy vazifasi adolatni qaror toptirishdan iborat. Buning uchun sud har bir ish yuzasidan qonuniy, asosli va adolatli qaror chiqarishi lozim».

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring