Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekistonda rieltorlik tashkilotlari «sinmoqda»mi?

O‘zbekistonda rieltorlik tashkilotlari «sinmoqda»mi?

Foto: «Daily Telegraph»

«Xabar.uz» axborot-tahliliy portaliga «Invest Ko‘chmas Mulk Savdo» MChJ direktori nomidan murojaat kelib tushdi. U O‘zbekistonda rieltorlik tashkilotlari qo‘llab-quvvatlashga muhtoj bo‘lib qolganini aytmoqda. Quyida ushbu murojaatni to‘liqligicha taqdim etamiz. Mutasaddi tashkilotlar ko‘tarilgan masalani o‘rganib chiqishadi, deb umid qilamiz.

Rieltorlik tashkilotlari hozirda «Rieltorlik faoliyati to‘g‘risida»gi qonunga asosan litsenziya asosida ko‘chmas mulk sohasida tegishli xizmat turlarini amalga oshirib kelmoqda. Ularda 15-20 yillik tajriba va malaka sertifikatiga ega bo‘lgan mutaxassislar faoliyat yuritadi. Rieltorlik tashkilotlari litsenziyaga asosan 4 ta faoliyat turini amalga oshirishi belgilab qo‘yilgan. Hozirda onlayn auksion savdolarning yo‘lga qo‘yilishi natijasida rieltorlik tashkilotlari tomonidan ko‘chmas mulk ob’yektlari savdolarini tashkil etish va o‘tkazish deyarli imkonsiz bo‘lib qoldi.

Yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli bo‘lgan noturar ko‘chmas mulk ob’yektlarining oldi-sotdi shartnomalari, ijara shartnomalarini tuzishda ham rieltorlik xizmatlari ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yilgan. Lekin 2019-yil 1-fevraldan e’tiboran kadastr ma’lumotnomalarini, oldi-sotdi shartnomasi tuzish uchun soliq va elektr energiyasi bo‘yicha ma’lumotnomani, oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan ko‘chmas mulk haqidagi axborotni internet orqali yuborish kabi onlayn xizmatlar ishga tushirildi. Shu sababli rieltorlik tashkilotlari oldida bir qator muammolar paydo bo‘la boshladi. Ushbu qulay imkoniyatlarning yo‘lga qo‘yilishi bilan undan foydalanishni nazarda tutuvchi barcha me’yoriy hujjatlarda rieltorlik tashkilotlari nazardan chetda qolib ketmoqda.

Bundan avval rieltorlik tashkilotlarida «Rieltorlik faoliyati to‘g‘risida»gi qonunning 18-moddasiga asosan tegishli tashkilot va korxonalarga yozma murojaat yuborib, ma’lumot talab qilish huquqi mavjud edi. Endilikda onlayn xizmatlarning rivojlanib borishi tufayli tashkilotlar tomonidan yozma ma’lumot taqdim qilinishi cheklanib bormoqda va rieltorlik tashkilotlari o‘ziga zarur ma’lumotlarni to‘plashda chorasiz bo‘lib qolmoqda.

Rieltorlik tashkilotlari endilikda imkoniyat darajasida kvartira, hovli, noturar binolar va boshqa turdagi ko‘chmas mulklar sotish va sotib olishda o‘z xizmatlari hajmini oshirib ko‘rishga urinishi mumkin. Biroq bu sohada rieltorlik tashkilotlarining maqomi noqonuniy uy-joy oldi-sotdisi bilan shug‘ullanuvchi maklerlar bilan bir xil darajada bo‘lib qoldi. Endi ulardan ustunlik qiluvchi huquqlar mavjud emas, faqat litsenziya bor xolos. Noqonuniy uy-joy oldi-sotdisi bilan shug‘ullanuvchilarga qarshi kurash esa hech qaysi tashkilot tomonidan nazoratga olingani yo‘q.

Shu va shunga o‘xshagan muammo va kamchiliklarni inobatga olib, «Rieltorlik faoliyati to‘g‘risida»gi qonunga tegishli o‘zgartirishlar kiritish, davlat tashkilotlarining markaziy ma’lumotlar bazasidan va «Elektron hukumat» tizimidan foydalanishda rieltorlik tashkilotlarini e’tiborga olish lozim deb hisoblaymiz. Ularga ham kimoshdi yoki tanlov savdosi tashkillashtirilganda, oldi-sotdi va ijara shartnomalari tuzilganda, o‘z bazasida sotuvga joylashtirilgan mulk haqida xolis va to‘liq ma’lumotga ega bo‘lish huquqi berilishi lozim.

Buning uchun quyidagilarni amalga oshirish zarur:

  1. Ko‘chmas mulk ob’yekti bo‘yicha internet tarmog‘idan kadastr ma’lumotnomasi olish uchun login va parol berish;
  2. Ko‘chmas mulk ob’yektining taqiqda ekanligi yoki emasligi haqidagi ma’lumotni olish uchun login va parol berish;
  3. Ko‘chmas mulk ob’yektining oldi-sotdi shartnomasini tuzish uchun elektr energiyasi, gaz, suv kabi kommunal to‘lovlardan qarzdorliklari mavjud yoki mavjud emasligii to‘g‘risida ma’lumotni olish uchun login va parol berish;
  4. Turar joylarda ro‘yxatda turuvchilar to‘g‘risida onlayn ma’lumotlarni olish uchun login va parol berish;
  5. Noturar ko‘chmas mulk ob’yektini boshqa shaxsga o‘tishi va bekor bo‘lishi haqidagi axborotni 1 kun muddatda Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasining tegishli filialiga internet tarmog‘i orqali taqdim etish uchun login va parol berish;
  6. Noqonuniy uy-joy oldi-sotdisi bilan shug‘ullanuvchi maklerlarga qarshi kurashishni yo‘lga qo‘yish, uni kuchaytirish va rieltorlik tashkilotlarini bu borada ulardan ustunligini ta’minlashda me’yoriy hujjatlarga o‘zgartish kiritish yoki ishlab chiqish lozim.

Ravshan Nishonov, 
«Invest Ko‘chmas Mulk Savdo» MChJ direktori

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring