Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida tashqi siyosatga doir yig‘ilish boshlandi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyati yuzasidan videoselektor yig‘ilishi boshlandi.
«Bugun sizlar bilan jahonda keskin geosiyosiy o‘zgarishlar bo‘layotgan, davlatlarning suverenitetiga xavf-xatarlar tobora kuchayib borayotgan murakkab paytda uchrashib turibmiz.
Bunday sharoitda tashqi siyosat sohasidagi faoliyatimizni tanqidiy muhokama qilib, Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyatini yangicha tashkil qilish kerakligini davrning o‘zi taqozo etmoqda», – dedi Prezidentimiz so‘zining avvalida.
Davlatimiz rahbari tashqi siyosat borasida 2025-yil ko‘p jihatdan natijador bo‘lganini qayd etdi.
Xususan, o‘tgan yili 26 ta xorijiy davlatga oliy darajadagi tashriflar amalga oshirildi. Yangi tariximizda ilk bor Bolgariya, Finlyandiya, Slovakiya, Serbiya, Iordaniya va Paragvay rahbarlarining O‘zbekistonga tashriflari tashkil etildi.
«Markaziy Osiyo plyus» formatidagi ko‘p tomonlama muloqotlar sermahsul bo‘ldi.
So‘nggi yillarda 11 ta davlat bilan strategik sheriklik munosabatlari o‘rnatilib, ularning umumiy soni 19 taga yetdi. Qozog‘iston, Ozarbayjon, Tojikiston bilan ittifoqchilik munosabatlari yo‘lga qo‘yildi.
«Ochiq, pragmatik, puxta o‘ylangan va tashabbuskor tashqi siyosatimiz natijasida O‘zbekiston global tinchlik va diplomatiya markazlaridan biriga aylanib boryapti», – dedi Prezidentimiz.
Xorijiy davlatlarda 2017-yildan buyon 16 ta yangi diplomatik va konsullik vakolatxonasi ochilib, ularning soni 60 taga, diplomatik aloqa o‘rnatilgan davlatlarning soni esa 165 taga yetdi.
Yig‘ilishda chet eldagi elchixonalar, konsullik muassasalari va xalqaro tashkilotlar huzuridagi vakolatxonalar shtatlari, ular va Tashqi ishlar vazirligi xodimlarining oylik ish haqi ko‘paytirilgani qayd etildi.
«Lekin barcha diplomatik vakolatxonalarimiz buni to‘g‘ri anglab, mavjud imkoniyatlarni to‘liq ishga solyaptimi?
Diplomatik faoliyatni baholashning bitta o‘lchovi bor, u ham bo‘lsa – natija!
Shu bois, hozirgi sharoitda elchi degani faqat siyosiy muloqot yurituvchi shaxs emas. Elchi bu – investitsiya va texnologiyalar olib keladigan, yangi eksport bozorlarini ochadigan, transport-logistika yo‘laklarini ishga soladigan, turistlar oqimini ko‘paytiradigan, qonuniy mehnat migratsiyasi uchun sharoit yaratadigan, eng asosiysi, fuqarolarimiz huquqlarini himoya qiladigan davlat vakilidir», – dedi Prezidentimiz.
Endilikda elchilar faoliyat yuritayotgan davlatdan eksport tushumlari, turistlar oqimi, qonuniy ish joylariga fuqarolarimizni yuborish ular uchun KPI bo‘lishi belgilandi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter