Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Prezidentni internetda haqoratlaganlik yoki unga tuhmat qilganlik uchun javobgarlik belgilandi

Prezidentni internetda haqoratlaganlik yoki unga tuhmat qilganlik uchun javobgarlik belgilandi

Foto: «Xabar.uz»

«O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonun (O‘RQ–679-son, 30.03.2021 y.) Prezident tomonidan imzolandi.

Qonun bilan Jinoyat kodeksiga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, O‘zbekiston Prezidentini telekommunikatsiya tarmoqlari yoki Internet butunjahon axborot tarmog‘idan foydalangan holda haqoratlash yoki unga tuhmat qilish 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

(Ilgari Prezidentni omma oldida haqoratlash yoki unga tuhmat qilish, shuningdek, mazkur jinoyatni matbuot yoki boshqa OAVdan foydalangan holda sodir etganlik uchun javobgarlik mavjud edi.)

Kodeksga ommaviy tartibsizliklarga va fuqarolarga nisbatan zo‘ravonlik qilishga omma oldida da’vat qilganlik uchun javobgarlik kiritildi.

Unga ko‘ra, mazkur qilmishni sodir etgan shaxslar BHMning 100 baravaridan 300 baravarigacha jarima yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

O‘sha harakatlar bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib yoki OAV, telekommunikatsiyalar tarmoqlari, Internetdan, shuningdek matnni ko‘paytirishning bosma yoki boshqa usullaridan foydalangan holda sodir etilgan bo‘lsa, BHMning 300 baravaridan 400 baravarigacha jarima yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring