Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Qodirov ishi». Hukm yaqin: sud tarkibi maslahatxonada!

«Qodirov ishi». Hukm yaqin: sud tarkibi maslahatxonada!

Foto: «BBC»

Bugun, 25-iyun kuni O‘zbekiston Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida «Sud-huquq sohasidagi islohotlar» mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining o‘rinbosari Xolmo‘min Yodgorov, mazkur mahkama sudlov hay’atlari mutasaddilari ishtirokida o‘tadigan bunday tadbirlarda tizimda amalga oshirilayotgan ishlar, ularning raqamlardagi aksidan tashqari ayni paytda panjara ortida keyingi qismatini kutayotgan katta-kichik amaldorlarga oid jinoyat ishlari haqida so‘ramaslikning, gapirmaslikning iloji yo‘q, albatta.

Shunday bo‘ldi ham: tadbirning savol-javob qismida O‘zbekiston Respublikasining sobiq Bosh prokuror Rashid Qodirov va boshqalarga nisbatan bo‘layotgan sud ishi qay bosqichda ekani so‘raldi.

Javobi qisqa bo‘ldi: «sud hozir maslahatxonada!» Sud tarkibining maslahatxonaga ko‘chishi sud majlisi tugab, oqlovchiyu qoralovchilarning muzokarasi ham o‘tib, jarayon poyoniga yetib qolganini anglatadi. Ya’niki, hukm yaqin.

Sud majlisi yopiq tarzda o‘tgani uchun «Qodirov ishi»ning tafsilotlari ommaga oshkor qilinayotgani yo‘q. Sud nihoyasida prokuror sudlanuvchilarga qancha muddat jazo so‘ragani, advokatlarning fikri qanday bo‘lganidan ham jamoatchilik bexabar. Ma’lumi shuki, sudlanuvchilarning aksariyati (ular 13 nafar) mansab va mansabdorlikka oid jinoyatlarda ayblanayotir.

Oliy sud mutasaddilarining va’dasiga ko‘ra, hukm haqida albatta ma’lum qilinadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring