Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Rekord: «reaktiv» qush 12 ming km masofani qo‘nmasdan uchib o‘tdi

Rekord: «reaktiv» qush 12 ming km masofani qo‘nmasdan uchib o‘tdi

Foto: «Photosight.ru»

Loyxo‘raklar oilasiga mansub qush qo‘nmasdan uzoqqa parvoz qilish bo‘yicha jahon rekordini o‘rnatdi. Mitti qush (veretennik, lotincha — Limosa lapponica) 11 kun ichida 7500 mil (12 ming kilometrdan ziyod) masofani uchib o‘tib, Alyaskadan Yangi Zelandiyaga yetib bordi. Ajablanarlisi, u ovqatlanish va dam olish uchun biror marta ham to‘xtamagan, deb xabar berdi «The Daily Mail».

Olimlar qushning parvozini dumiga o‘rnatilgan maxsus moslama orqali kuzatishga muvaffaq bo‘lishdi. Ularning ta’kidlashicha, mazkur turdagi qanotlilar uzoq masofalarga uchishga yaxshi moslashgan. Tanasining tuzilishi «reaktiv samolyot»ga o‘xshaydi: silliq tana va uzun o‘tkir qanotlar «katta aerodinamik salohiyatga» ega. Bundan tashqari, mazkur qushlar joy va makonda yaxshi mo‘ljal olishadi.

«Reaktiv» qush parvozini 16-sentyabr kuni Alyaskadan boshlagan. U soatiga 55 milgacha (88 km/s) tezlik bilan uchgan. Aleut orollarining janubidan o‘tib, 27-sentyabr kuni Oklend  yaqinidagi ko‘rfazga kelib qo‘ngan.

Nuqtadan nuqtagacha bo‘lgan masofa 12 853 km. Bu 2007-yilda shu turdagi qush tomonidan o‘rnatilgan jahon rekordini yangiladi — o‘shanda moda qush to‘xtovsiz 11 500 km parvoz qilgan.

Limosa lapponica — o‘rtacha 230 — 450 gramm og‘irlikka ega, qanotlarini yozganda 70 — 80 santimetrgacha yetadi. Ular yozni Arktikada o‘tkazib, qishda esa janubga uchib ketishadi. Ba’zilari Shimoliy dengizgacha uchsa, boshqalari Hindistongacha yetib borishadi.

Alyaskada in quradiganlari qishni Avstraliya va Yangi Zelandiyada o‘tkazishadi. Bu barcha qushlar uchun eng uzun masofa hisoblanadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring