Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Rossiya Ukrainaga urush ochmoqchimi? Taniqli siyosatshunoslar mulohazalari

Rossiya Ukrainaga urush ochmoqchimi? Taniqli siyosatshunoslar mulohazalari

Foto:«The Sun»

So‘nggi haftalarda Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi tarang munosabatlar yanada yomonlashdi. Bunga Rossiyaning Ukraina bilan chegara hududlarga ko‘p sonli harbiylar va aslahalarni joylashtirgani sabab bo‘ldi. Kreml qo‘shinlarni qayerda joylashtirish o‘z ichki ishi ekanini aytib, bu harakatlar Ukrainaga qarshi qaratilmaganini bildirgan bo‘lsa-da, rasmiy Kiyev buning ortida jiddiy tahdid mavjud deb hisoblamoqda. AQShning Yevrodagi harbiy qismlari ham jangovar shay holga keltirilgani aytilmoqda. Rossiya davlat matbuotida ham urush mavzusi bot-bot muhokama qilinmoqda. Ayrim tahlilchilar Kreml Ukrainaga hujumga tayyorlanayotgani haqida bong urmoqda. Xo‘sh, Rossiya chindan ham qo‘shni mamlakatga hujum qilmoqchimi? Bu borada taniqli siyosatshunoslar fikrlariga e’tibor qaratsak.

Rossiyalik muxolif siyosatchi, shaxmat bo‘yicha jahon chempioni Garri Kasparov harbiy to‘qnashuv ehtimolini «50 ga 50» deb baholamoqda. 

Kasparovga ko‘ra, prezident Putin Donbassdagi vaziyatni yanada murakkablashtirishga harakat qilishi hech gap emas. Bundan ko‘zlangan maqsad esa dunyo hamjamiyatining e’tiborini qamoqda ochlik e’lon qilgan muxolifatchi Aleksey Navalniy mavzusidan chalg‘itish bo‘lishi mumkin.

«U (Putin nazarda tutilmoqda – tahr.) qanday qaror qabul qiladi avvaldan aytish mushkul, ammo mustabid uchun har qanday harbiy avantyura muqarrar mag‘lubiyatga yetaklashini unutmaslik kerak. Bu o‘rinda ko‘plab omillar haqida gapirsa bo‘ladi. Inchunin, Putin Navalniydan e’tiborni chalg‘itishga urinayotgan bo‘lishi mumkin – urush boshlansa, Navalniy mavzusi gazetalarning birinchi sahifasidan tushib qoladi», – deya taxminlarini bayon qiladi G.Kasparov. 

Shaxmatu siyosat omixta qilgan arbobga ko‘ra, Rossiyadagi ichki vaziyat Putindan mamlakat uningsiz yashay olmasligini ko‘rsatuvchi buyuk yumushga qo‘l urishni talab qilmoqda. Ayni choqda, Ukrainaga harbiy hujum sodir etilgudek bo‘lsa, xalqaro hamjamiyat juda keskin choralar ko‘rishini ham Putin e’tibordan aslo soqit  qilmaydi, deb hisoblaydi Kasparov.

2004-2013-yillarda Gruziya prezidenti lavozimida faoliyat yuritgan, ayni paytda Ukrainadagi islohotlar ijroiya qo‘mitasi raisi  Mixail Saakashvili OAVga intervyusida Rossiya axborot urushi vositasida Donbassdagi vaziyat yuzasidan quruq shovqin-suron ko‘tarishga urinayotganini aytadi.

Saakashvili Moskva – Kiyev munosabatlaridagi so‘nggi taranglikni Putinning AQSh prezidenti Jo Baydendan qattiq xafa bo‘lgani bilan ham izohlaydi.

Avval xabar berganimizdek, prezident Jo Bayden ABC telekompaniyasiga bergan intervyusida Rossiya yetakchisi Vladimir Putinni qotil deb atagan va bundan rasmiy Moskva darg‘azab bo‘lgan edi. 

«Chatham House» tadqiqot markazining Yevroosiyo va Rossiya bo‘yicha sobiq rahbari Jeyms Sherrning ta’kidlashicha, Ukrainaga hujum G‘arb mamlakatlarining rasmiy Kiyevga yordam ko‘lamini yanada kengaytiradi, bu esa Moskva manfaatlariga to‘g‘ri kelmaydi.

Uning faraziga ko‘ra, ayni paytda Kreml Ukraina hududida Rossiya tinchlikparvar kuchlarini joylashtirishni ko‘zlamoqda.

«Rossiya «tinchlikparvar» kuchlarining hozirgi demarkatsiya chizig‘iga joylashtirilishiga olib keladigan halokatli mahalliy eskalatsiya eng haqiqatga yaqin variant», – deydi J.Sherr.

Rossiyalik yozuvchi, «The New Times» jurnali sharhlovchisi Viktor Shenderovich Ukraina chegarasida rus qo‘shinining joylashtirilishini provokatsiya va shantaj deb atadi.

Kreml odatda urushni tezkorlik bilan va maxfiy tarzda boshlaydi. Ukraina bilan bog‘liq vaziyatda esa harbiylar va aslahalar namoyishkorona harakatlanmoqda, demak, bu gal maqsad urush emas, balki shunchaki suvni loyqalatish, deb hisoblaydi  V.Shenderovich.

«Ular tomog‘ingizga pichoqni tirab turishadi. Pichoqni tortib yuborishlari ham mumkin, tortmasliklari ham. Asabingizni sinovdan o‘tkazishadi, galdagi qadamlarni xomcho‘t qilishadi. Ular hozir aynan shu bilan mashg‘ul. Shu vajdan urush bo‘lishiga ishonmayman. Harholda, hozircha...» – deydi «The New Times» nashri sharhlovchisi.

Shenderovichga ko‘ra, Rossiyadagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolar va Navalniy taqdiridan jamoatchilik diqqatini chalg‘itish harbiy-siyosiy tanglikdan ko‘zlangan maqsadlar sirasiga kiradi.

Avval xabar berganimizdek, Ukraina sharqidagi vaziyat murakkablashuvi ortidan prezident Vladimir Zelenskiy jang maydoniga borgan va harbiylar bilan uchrashgan. Bu tashrifni salbiy baholagan Rossiya prezidenti ma’muriyati rahbari o‘rinbosari Dmitriy Kozak zarurat tug‘ilsa tan olinmagan Donetsk va Lugansk «xalq respublikalari»ga ko‘mak berilishini aytar ekan, harbiy harakatlarning yangidan boshlanishi Kiyev intihosining ibtidosi bo‘lishini iddao qildi.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring