Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Sea Breeze» oqova suvlarini Chorvoq suv omboriga tashlanishiga yo‘l qo‘yilmaydi

«Sea Breeze» oqova suvlarini Chorvoq suv omboriga tashlanishiga yo‘l qo‘yilmaydi

Hukumat komissiyasi Ozarbayjonning «Agalarov Development» MChJ hamda uning qo‘shma korxonasi «Sea Breeze Uzbekistan» MChJ tomonidan Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi 577 gektar maydonda qurish rejalashtirilgan umummavsumiy kurort majmuasini ma’qulladi.

Ushbu majmuaning qiymati 5 mlrd AQSh dollarini tashkil etadi. Tanlangan loyiha hududni rivojlantirish, xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish va mahalliy aholi uchun yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qiladigan zamonaviy turizm infratuzilmasini yaratishni nazarda tutadi.

“Sea Breeze Uzbekistan” tasdiqlangan loyihani amalga oshirish doirasida bir qator majburiyatlarni o‘z zimmasiga oladi. Kurort majmuasini qurishga kirishishdan oldin barcha loyiha yechimlari vakolatli davlat organlari bilan kelishilishi lozim.

Bundan tashqari, kurort hududida iste’molchilarga ko‘rsatiladigan kommunal xizmatlar tariflari Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda belgilanadi. Kompaniya o‘z faoliyatida turizm infratuzilmasini rivojlantirish, barqaror qurilishning ekologik talablari va standartlariga rioya qilish bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajribaga tayanadi.

Belgilangan hududdagi xususiy mulk bilan bog‘liq masalalar barcha tomonlarning manfaatlarini maksimal darajada hisobga olgan holda hal etiladi.

Xususiy mulk bo‘lgan ob’yektlar uchun amaldagi qonunchilikka muvofiq kompensatsiya va huquqiy tartibga solish mexanizmlari nazarda tutilgan. Barcha tartib-taomillar hududni rivojlantirish va mulkdorlar huquqlarini saqlab qolish o‘rtasidagi muvozanatni saqlash, shaffoflikni ta’minlash va har bir bosqichda o‘zaro tushunishga erishish uchun tashkil etiladi.

Barcha muhandislik yechimlari ekologik xavfsizlik va barqarorlikka ustuvor ahamiyat bergan holda amalga oshiriladi.

Loyihani ekologik talablarga rioya qilgan holda amalga oshirish, shu jumladan, loyihani amalga oshirish davrida va loyiha ishga tushgandan keyin chiqindi hamda oqova suvlarining Chorvoq suv ombori va Chirchiq daryosiga tashlanishiga yo‘l qo‘ymaslik, oqova suvlarni Chirchiq shahri oqova suvlarni tozalash inshootiga yo‘naltirish choralarini ko‘rish "Sea Breeze Uzbekistan" MChJning asosiy majburiyatlaridan biri etib belgilanadi.

Mazkur talablarga amal qilmasa, loyiha to‘xtatiladi va yer ijarasi bekor qilinadi.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring