Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Davlat rahbari ta’lim va mehnat bozoridagi kamchiliklarni ko‘rsatdi

Davlat rahbari ta’lim va mehnat bozoridagi kamchiliklarni ko‘rsatdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 14-iyul kuni yoshlar va xotin-qizlar bandligini oshirish, ularni daromad manbai bilan ta’minlash masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yarim yildan buyon butun dunyo kuchaytirilgan karantin sharoitida yashamoqda. Bu murakkab davrda hamma davlatlarda eng asosiy muammo aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, daromad bilan ta’minlash bo‘lib qolmoqda.

O‘zbekistonda ishsizlarning 732 ming nafari yoshlar, 834 ming nafari xotin-qizlardir.

Yoshlar muammolarini samarali hal etish maqsadida joriy yil 30 iyunda «O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini tubdan isloh qilish va yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida» Prezident farmoni qabul qilindi. Ushbu farmonga muvofiq, yoshlar siyosatini yuritishda davlat idoralari oldiga masala qo‘ya oladigan, zarur vakolat va moliyaviy resurslarga ega bo‘lgan Yoshlar ishlari agentligi tashkil etildi.

Xotin-qizlar bilan ishlash uchun Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligida vertikal tizim yaratildi.

Yig‘ilishda davlatimiz rahbari yoshlar va xotin-qizlarning muammolarini hal etish muhimligini ta’kidlab, bu borada alohida e’tibor qaratish zarur bo‘lgan yo‘nalishlarni ko‘rsatib o‘tdi.

Avvalo, maktab bitiruvchilarini o‘qish va ishga jalb etish masalalari muhokama qilindi. Joriy yilda umumta’lim maktablarini 452 ming o‘g‘il-qiz tamomladi. Ularning 70 mingi oliy ta’lim, 85 mingi professional ta’limga kiradi. 95 mingdan ziyodi ishga joylashgan taqdirda ham, yana 200 mingga yaqin yoshlarning bandligini ta’minlash zarurligi ta’kidlandi.

Maktabdanoq kasbga o‘qitish tizimi joriy etilishi belgilandi. Navbatdagi o‘quv yilidan boshlab maktab direktori va o‘qituvchilarga o‘quvchilarning oliy ta’limga kirishi, kasb egallab, o‘z ishini topishi darajasiga qarab oshirilgan ish haqi to‘lanadi. Buning uchun 7-sinfdan boshlab o‘quvchilarning kasblar kesimida qiziqishi aniqlanadi. 8-9-sinf o‘quvchilari dasturchi, dizayner, tarjimon kabi istiqbolli kasblar uchun poydevor bo‘ladigan bilim va ko‘nikmalarni egallaydi. 10-sinfdan robototexnika, dasturlash kabi talab yuqori kasblarga o‘rgatish yo‘lga qo‘yiladi.

Joriy yil oxirigacha mahallalarda 136 ta kasb-hunar o‘qitish maskani, qisqa muddatli kasb-hunarga o‘qitish kurslarini tashkil etib, 31 ta kasb-hunarga o‘qitish markazlarini jihozlash bo‘yicha topshiriq berildi. Bu maqsadlar uchun Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasidan Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasiga 200 milliard so‘m ajratish, o‘quv kurslarini, avvalo, kambag‘allik eng yuqori bo‘lgan mahallalarda tashkil etish kerakligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda mehnat bozoridagi bugungi talab va yoshlarning ularga tayyorligi masalasi ham tahlil qilindi.

Joriy o‘quv yilida 339 ta kasb-hunar maktablari, 212 ta kollej, 175 ta texnikumda 215 ming nafar yoshlarning ta’lim olishi rejalashtirilgan. Lekin bu ta’lim maskanlaridagi yo‘nalishlar na son, na sifat bo‘yicha talabga javob beradi.

Misol uchun, mamlakatimizda katta ko‘lamda qurilishlar bo‘layotgan bugungi davrda yiliga kamida 50 ming nafar professional quruvchiga ehtiyoj bor. Biroq, qurilish yo‘nalishida 170 ta kollejda 13 ming mutaxassis tayyorlash rejalashtirilgan, xolos.

Yoki IT-texnologiyalar bo‘yicha «Bir million dasturchi» loyihasi boshlanganiga qaramay, kasb-hunar maktablari, kollej va texnikumlarga ushbu mutaxassisliklar bo‘yicha bor-yo‘g‘i 12 ming nafar o‘quvchi qabul qilinadi.

Davlat rahbari bu kabi kamchiliklarni ko‘rsatib, mehnat bozorida ishchi kasblarga real ehtiyojni har bir tarmoq va soha kesimida aniqlash, talab yuqori bo‘lgan kasblar bo‘yicha xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda o‘qitish dasturi ishlab chiqish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.

Tog‘-kon, metallurgiya, neft-gaz, kimyo, avtomobilsozlik, qurilish, elektrotexnika, farmatsevtika, oziq-ovqat, transport-logistika sohasidagi yirik korxonalar va klasterlar davlat bergan imtiyoz va preferensiyalarga javoban o‘zlari uchun ishchi-mutaxassislarni tayyorlaydigan infratuzilmani barpo etishlari kerakligi ta’kidlandi. Mutasaddilarga shu bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga tijorat banklari bilan birga yoshlarni zamonaviy agrotexnologiyalar bo‘yicha o‘qitishni tashkil etish vazifasi qo‘yildi.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring