Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Taniqli turk aktyorini O‘zbekistonga qanday shamollar uchirdi?

Taniqli turk aktyorini O‘zbekistonga qanday shamollar uchirdi?

«Qardoshlik robitasini mustahkamlashga biz san’atkorlar ham kamarbastamiz...»

«Payitaht Abdülhamid» tarixiy serialida Tahsin posho rolini mahorat bilan ijro etib millionlab muxlislar qalbidan o‘rin olgan turkiyalik aktyor Bahodir Yenisheherlio‘g‘li mamlakatimiz bo‘ylab sayohat qildi. 

«O‘zbekiston zaminidan islom olamining ko‘plab ulug‘ allomalari yetishib chiqqan. Ijodiy loyihalar orasida ta’til e’lon qilindi. Fursatdan foydalanib, ulug‘ zotlar maqbaralarini ziyorat qilish, qardoshlarimiz bilan diydorlashish va O‘zbekiston havosidan bahra olish umidida mehmonga keldik», – deb yozdi Bahodir Yenisheherlio‘g‘li ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida.

«O‘zbek qardoshlarimiz ochiq yuzi, shirin so‘zi bilan rom etdi...»

Turkiyalik mehmon Toshkent, Samarqand, Buxorodagi tarixiy obidalarni ziyorat qildi. Maqbarayu madrasalar ziyorat asnosida Imom Moturidiy, Abduxoliq G‘ijduvoniy, Bahouddin Naqshband kabi ulug‘ alloma va mutasavviflar, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek kabi davlat arboblari haqida ehtiromga yo‘g‘rilgan postlar yozdi.

«Azaldan yagona ummat, tug‘ishgan birodar bo‘lgan turk va o‘zbek xalqlari tarixning muayyan davrida ayro-ayro yashadi. Endilikda ikki qardosh xalq yana o‘zaro yaqinlashmoqda. Zero, et bilan tirnoqni ajratib bo‘lmaydi», – deydi turk aktyori.

Bahodir Yenisheherlio‘g‘li (Bahadır Yenişehirlioğlu) nafaqat aktyor, yozuvchi hamda huquqshunoslik faoliyati bilan ham tilga tushgan. Romanlari uchun Turkiyaning bir qator adabiy mukofotlariga ham sazovor bo‘lgan.

«Ko‘nglim, aqlu shuurim bu qadim tuproqlarda qoldi...»

Teleserial va badiiy filmlarda rol o‘ynagan aktyorga «Payitaht Abdülhamid» filmidagi Tahsin posho obrazi katta shuhrat keltirdi. 2017-2021 yillarda suratga olingan 154 seriyadan iborat tarixiy kartina Turkiyadan tashqari o‘nlab xorijiy o‘lkalarda namoyish etildi. «Payitaht Abdülhamid»ning bir qator seriyalari 2019 yilda «Zoʻr TV» telekanalida o‘zbek tilida efirga uzatilgan. Ammo keyinroq texnik sabablarga ko‘ra namoyish to‘xtatilgani ma’lum qilingan.

Aktyor Bahodir Yenisheherlio‘g‘li ayni paytda Usmonli davlati flotiga rahbarlik qilgan davlat arbobi Barbaros Xayriddin Posho (1478-1546) hayotiga bag‘ishlangan tarixiy serialda rol ijro etmoqda. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring