Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Termizda daraxt kesgan sobiq mansabdorga nisbatan sud hukmi o‘qildi

Termizda daraxt kesgan sobiq mansabdorga nisbatan sud hukmi o‘qildi

Surxondaryo viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyasiya instansiyasida daraxtlarning noqonuniy kesilishi bilan bog‘liq jinoyat ishini qayta ko‘rib chiqdi.

Ish materiallariga ko‘ra, sobiq Termiz shahar qurilish bo‘limi boshlig‘i hamda “M. T. T” MChJ rahbari o‘zaro til biriktirib, Termiz shahridagi “Do‘stlik” mahallasi hududida joylashgan daraxtlarni ko‘chirishni rejalashtirgan. Buning uchun tomonlar o‘rtasida dastlab 20 million so‘mlik shartnoma ham rasmiylashtirilgan.

Biroq hududdagi daraxtlar Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish hamda Milliy gvardiya boshqarmalari xodimlari tomonidan xatlovdan o‘tkazilib, qimmatli daraxtlarni ko‘chirish yoki kesish bo‘yicha murojaat qonunchilik talablariga muvofiq rad etilgan.

Shunga qaramasdan, qurilish hududidagi 61 tup “Eldor qarag‘ayi”, 36 tup “Virgin archasi”, 101 tup “Sharq biotasi”, 16 tup chinor va 4 tup tut daraxti — jami 217 tup daraxt o‘zboshimchalik bilan kesib tashlangan.

Natijada tabiatga 2 milliard 69 million 437 ming 500 so‘m miqdorida zarar yetkazilgani aniqlangan.

Apellyasiya jarayonida sobiq mansabdor o‘zini aybsiz deb hisoblab, daraxtlarni kesishga ruxsat bor deb o‘ylaganini hamda qurilish tashkilotiga faqat “yordam bergani”ni bildirgan.

Biroq sud hay’ati ish bo‘yicha to‘plangan dalillar, guvohlar ko‘rsatmalari va ekspertiza xulosalarini tahlil qilib, uni Jinoyat kodeksining 198-moddasi 3-qismi bilan aybli deb topdi.

Sud hukmiga ko‘ra, aybdorga ish haqining 20 foizi davlat daromadi hisobiga ushlab qolinadigan 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi. Dastlabki qamoqda saqlangan muddat inobatga olinib, yakuniy jazo muddati 1 yil 5 oy 15 kun etib belgilandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring