Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

TIV Xitoyda turmush o‘rtog‘i tomonidan tahqirlangan yana bir qiz haqida ma’lumot berdi

TIV Xitoyda turmush o‘rtog‘i tomonidan tahqirlangan yana bir qiz haqida ma’lumot berdi

Skrinshot

Kuni kecha ayrim  OAV va ijtimoiy tarmoqlarda Xitoyda yashayotgan va erkinligi turmush o‘rtog‘i tomonidan cheklanayotganini ma’lum qilingan qiz bilan bog‘liq video tarqaldi.

TIV Konsullik-huquqiy departamentining ma’lum qilishicha, O‘zbekiston fuqarosi Shodiyona Davlatovaning holati mamlakatimizning Pekin shahridagi elchixonasi konsullik bo‘limi tomonidan nazoratga olingan.

Ushbu hamyurtimiz o‘tgan yili aprel oyida Andijon shahrida Xitoy fuqarosi bilan qonuniy nikohdan o‘tgan hamda doimiy yashash uchun XXRga uchib ketgan. Tez orada ichki oilaviy nizolar tufayli elchixona ko‘magida vatanga qaytgan. Lekin keyinroq o‘z xohishiga ko‘ra yana turmush o‘rtog‘ining yoniga jo‘nab ketgan. 31-mart kuni Sh.Davlatova elchixonaga qayta murojaat qilgan va yashash sharoitlari va turmush o‘rtog‘i tomonidan zulm qilinayotgani to‘g‘risida shikoyat qilgan hamda O‘zbekistonga qaytish istagini ma’lum qilgan.

Oilaviy kelishmovchiliklar va turmush o‘rtog‘i tomonidan berilgan va’dalarning bajarilmasligi tufayli shunday iltimos bilan O‘zbekiston fuqarosi M.T. ham elchixonaga murojaat qilgan. M.T. vositachi firma orqali xorijlik bilan tanishgan va o‘tgan yilning dekabr oyida nikohni rasmiylashtirib Xitoyga ketgan.

Shu munosabat bilan elchixona Xitoyning tegishli hukumat organlari bilan birgalikda mazkur hamyurtlarimizni Toshkentga qaytishiga yordam berish bo‘yicha tegishli choralarni ko‘rmoqda.

O‘zbekistonning Pekin shahridagi elchixonasi ma’lumotlariga ko‘ra ayni paytda Xitoy Xalq Respublikasida xuddi shunday holatga tushgan o‘nlab fuqarolarimiz mavjud. Shu munosabat bilan O‘zbekistonning diplomatik vakolatxonasi tomonidan ularning shaxsini aniqlash va konsullik yordami ko‘rsatish bo‘yicha tegishli ishlar tashkillashtirilgan.

2019-yilning 26-mart kuni O‘zbekistonning Shanxay shahridagi Bosh konsulxonasi mamlakatimiz fuqarosi M.Xolmatovaning ushbu shahar tumanlaridan birida majburan ushlab turilganligi to‘g‘risida ma’lumot berib, uning O‘zbekistonga qaytishiga yordam bergan edi. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring