Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tojikistondan keltirilgan 66 kg narkotik modda ushlab qolindi

Tojikistondan keltirilgan 66 kg narkotik modda ushlab qolindi

Videodan kadr.

Tojikistondan olib kelingan 66 kg narkotik moddalar to‘xtatib qolindi.

Giyohvandlik vositalarining xorijdan mamlakatimizga kontrabanda qilinishi va noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish yo‘nalishida Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari tomonidan katta miqdordagi narkotik moddalar to‘xtatib qolindi.

Xususan, Farg‘ona viloyati Beshariq tumanida yashovchi, 1992-y.t. fuqaro boshqaruvidagi “Cobalt” rusumli avtotransport vositasi Tojikistondan Beshariq tumanida joylashgan “Rovot” chegara bojxona postiga kirib kelgan vaqtida to‘xtatildi. Avtomashina sinchkovlik bilan ko‘zdan kechirilganda, uning yukxonasiga o‘rnatilgan gaz balloni ichiga 53 dona o‘ramda giyohvandlik vositalari yashirilganligi ma’lum bo‘ldi.

Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, ushbu o‘ramlarda 50 kg 852 gr “opiy” va 6 kg 927 gr “gashish” moddalari borligi aniqlandi. Tergovga qadar tekshiruv davomida avtotransport egasi ushbu ajal og‘usini Dushanbe shahridan olib kelayotganligi ma’lum bo‘ldi.

Bu turdagi jinoyat Samarqand viloyatida ham qayd etilib, jumladan Urgut tumanida yashovchi, 1992 y.t. fuqaro boshqaruvidagi “Gentra” rusumli avtomashina “Samarqand-Navoiy” yo‘nalishida harakatlanib ketayotgan vaqtida Narpay tumani hududida Davlat xavfsizlik xizmati, Bojxona qo‘mitasi hamda Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan to‘xtatildi.

Avtotransport vositasi xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, uning yukxonasida Tojikiston Respublikasidan olib kelingan 981 gr “geroin” moddasi borligi ma’lum bo‘ldi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa “Andijon – Namangan” yo‘nalishida harakatlanayotgan “VAZ 2106” rusumli transport vositasi Norin tumani hududida to‘xtatilib tekshirildi.

Natijada, Andijon shahrida yashovchi, 1979 va 1986 yillarda tug‘ilgan aka-uka ketayotgan avtomashina salonidan 1 kg 833 gr “gashish” moddasi ashyoviy dalil sifatida olindi.

Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, ulardan birining yashash manzilidan ham 1 kg 469 gr “gashish” moddasi olindi.

Tergovga qadar tekshiruv davomida, ushbu ajal og‘usi kelgusida sotib, mo‘may daromad topish maqsadida Tojikiston Respublikasidan kontrabanda yo‘li bilan olib kelinganligi ma’lum bo‘ldi.

Ta’kidlash lozimki, aka-ukalarning kattasi – muqaddam aynan narkotik moddalar savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan shaxs hisoblanadi.

Navbatdagi holatda esa Qirg‘iz Respublikasining O‘sh shahrida yashovchi, 1985 y.t. fuqaro 3 kg 949 gr “gashish” moddasini Andijon shahrida “shartli” xaridorga 28 ming AQSh dollariga sotgan vaqtida qo‘lga olindi.

Aniqlanishicha, qirg‘izistonlik fuqaro ushbu ajal og‘usini muqaddam tojikistonlik narkokur’yerlar tomonidan qoldirib ketilgan Toshkent viloyatining Ohangaron tumani hududidagi xufiya joydan olgan.

⚖️Hozirda mazkur shaxslarning barchasiga nisbatan Jinoyat Kodeksining 246 va 273-moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring