Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Turkmaniston peshqadam emas — o‘ziga haykal qo‘ygan prezidentlar

Turkmaniston peshqadam emas — o‘ziga haykal qo‘ygan prezidentlar

Ham Sharq, ham G‘arb mamlakatlarida prezidentlarning yorqin xotiralariga bag‘ishlab haykal bunyod etish urfga kirgan. Albatta, prezidentlar olamdan o‘tganlarida ularning millat oldidagi ulkan xizmatlari xotirlanib, yodga olinishi tabiiy hol. Aksincha bo‘lsa-chi? Prezidentlar hayot bo‘la turib, o‘zlariga haykal o‘rnatishni lozim topishlari ko‘p bo‘lmasa-da, uchrab turadi.

Hayotligi paytida o‘ziga haykal o‘rnatgan va o‘rnatayotgan prezidentlarning TOP-ro‘yxatini tuzishga urinib ko‘ramiz. Kichik izlanishimiz avvalida ushbu ro‘yxatning boshiga Turkmaniston loyiq, deb o‘ylagan edik, ammo uning natijalari Qozog‘iston ekanini ko‘rsatdi.  

Qozog‘iston

1991-yildan to 2019-yilgacha Qozog‘iston prezidenti bo‘lgan va hozirda ham Xavfsizlik kengashi raisi sifatida mamlakat tashqi va ichki siyosati yo‘nalishini belgilab kelayotan Nursulton Nazarboyevga u lavozimdaligidayoq haykal yo byustlar o‘rnatish urf bo‘lgan ekan.   

  1. 1991-yilda ta’sis etilgan Turkiston shahridagi Ahmad Yassaviy nomidagi Qozoq-turk universiteti hududiga Nazarboyev byusti o‘rnatilgan.
  2. 1996-yilning 16 dekabrida Qozog‘iston mustaqilligining 5 yilligi munosabati bilan Manqishloqdagi qadimiy sag‘analar ustiga qo‘yilgan qulfitoshlarni eslatuvchi 28-metrlik nayzasimon Almati shahrida ochilgan Mustaqillik monumenti majmuasi poyqadamida prezident kafti tushirilgan kitob o‘rnatilgan. Ushbu yodgorlikni qurish g‘oyasi 1993 yilda Nazarboyev Luksor  obidalari (Misr)ga qilgan tashrifidan ilhomlanib, unga hamrohlik qilgan shahar me’morlari taklifi bilan tug‘ilgan. Odatda tarjimon-gidlar sayyohlarga kimda-kim qo‘lini bu kaft izlariga solib suratga tushsa, omad unga kulib boqib, istagi ro‘yobga chiqishini aytishadi. U hozirga qadar shaharning deyarli barcha yosh kelin-kuyovlari tavof qiladigan joyga aylangan. 2007 yilga kelib qiziq voqea yuz beradi – prezident qo‘l izlari tushirilgan istaklar kitobini o‘g‘irlab ketishadi. G‘animlarni topish uchun eng topqir tergovchilar safarbar etiladi. 80 kilolik bronzali kitobni topgan kishiga 120 ming tanga mukofot puli ham va’da qilinadi. Ammo u bir oycha o‘tib daryo qirg‘og‘idan topiladi.
  3. 1997-yilda Qozog‘iston o‘z poytaxtini Almatidan Ostonaga ko‘chirishi asnosida shaharni tomosha qilish maydonchasiga ega 97-metrlik Astana-Bayterek minorasi qurilgan. Unda prezident Nazarboyevning o‘ng qo‘li izlari tushirilgan «g‘amxo‘r kaftlar» nomli badiiy kompozitsiyasi bor.
  4. 2009 yil oktyabrda Ostona shahrida 11 gektarlik maydonda Qozog‘istonning o‘tgan asrning 91-yilida e’lon qilingan mustaqillik sharafiga 91 metrdan iborat «Kazak Yelі» majmuasi barpo etilgan. To‘rt yodgorlikdan birida Nazarboyev gavdalantirilgan barelef ham bor. Unda Qozog‘iston xalqi qurshovida qo‘lini Bosh qomusga qo‘yib qasamyod qilayotgani tasvirlangan.
  5. 2010 yil oktyabrda Qarag‘anda viloyatining Temirtau shahrida to‘ng‘ich prezidentning Tarixiy-madaniy markazi ochilib, unda metallurglarga bag‘ishlangan ikki xizmatchi haykali o‘rnatilgan. Elboshi, qozoq tilida Yelbasining qiyofasiga o‘xshab ketuvchi ulardan birida o‘tgan asrning 60-yillarida Nazarboyevning yosh metallurg kadr sifatida toblanish davri aks ettirilgan.
  6. 2011 yil noyabrda Almatida Qozog‘istonning to‘rtta – Shaharsozlik, Me’morchilar, Dizaynerlar va Rassomlar uyushmalarining tashabbuslariga ko‘ra mamlakat mustaqilligining 20-yilligi munosabati bilan «Qazaqstan» me’moriy-haykaltaroshlik majmuasi ochilgan. Kompozitsiya markazida Elboshi, uning ortida ikki qanoti Almati va Ostona shaharlarini gavdalantiruvchi burgut tasvirlangan. Haykal Qozog‘iston Respublikasining to‘ng‘ich prezidenti bog‘ida joylashgan. 
  7. 2014 yilning martida Ostonada Birinchi prezident kutubxonasi ochilib, N.Nazarboyevning mamlakat konstitutsiyasi yozilgan matn yorliq varag‘ini ushlab o‘tirgan haykali o‘rnatilgan.
  8. 2016-yil 30-noyabrda Jetisu faxriylari, viloyat maslihati deputatlarining talab va iltimoslariga ko‘ra Almati viloyatining ma’muriy markazi Taldiqo‘rg‘onda Elboshining poydevori 4,5 balandligi esa 4,2 metr bo‘lgan bronzali haykali tantanali ochilgan.
  9. 2017-yil dekabrda N.Nazarboyev tug‘ilgan Shamalg‘on qishlog‘ida (2017 yigacha Ushkonir deb atalgan) «Atameken» nomli yodgorlik muzeyi majmuasi tashqarisida N.Nazarboyevning o‘rindiqda o‘tirgan holatida, ichkarisida esa qush oldidagi haykali o‘rnatilgan. 
  10. Haykallar orasida eng e’tiborga moligi bu 2018-yil iyulda Ostonadagi Milliy muzeyga o‘rnatilgan Nazarboyev haykalidir. Unda Nursulton Abishevich milliy naqshlar bilan bezalgan o‘rindiqda nazari olislarga cho‘mgan holatda o‘tiradi. Uning ortidagi devorda qozoqcha lotin yozuvida «Mening armonim – Qozog‘istonning mangulik eli bo‘lishi. Zamon o‘tadi, odamlar o‘tadi, biroq istiqlol qoladi», deb yozilgan. Mangu el – hozirgi zamondagi Qozog‘istonning umummilliy jipslashtiruvchi g‘oyasi hisoblanadi. Me’moriy yodgorlik eskizi bo‘yicha AQShning 16-prezidenti Avraam Linkoln (1861–1865)ning Vashington shahridagi haykalning aynan o‘zini, yozilgan jumlalar esa Martin Lyuter King (1929-1968)ning 1963-yildagi «Mening orzuim bor» tarixiy nutqi so‘zlarini eslatadi. Ammo ikkalasi ham qatl etilgan amerikalik davlat arboblari personaj sifatida tanlangani ehtimol Elboshining ichki qurquvlari ifodasini bildirishi mumkin.
  11. 2020-yil 3-iyulda Qozog‘iston Milliy mudofaa universiteti binosi hovlisida harbiy libos va furajkada savlat bilan tik turgan holda tasvirlangan haykal Nazarboyevga atab bunyod etilgan haykallarning hozircha eng so‘nggisi hisoblanadi.
  12. N.Nazarboyevga bag‘ishlab nafaqat mamlakat ichkarisida, balki xorijda: Gagauziya (Moldova), Anqara (Turkiya), Dneprodzerjinsk (Ukraina) va Cho‘lpon-ota (Qirg‘iziston)da ham byust va haykallar o‘rnatilgan.

N.Nazarboyevning tug‘ilgan kuni munosabati bilan 6 iyulda o‘tkazilgan mushakbozlik ayrim internetning qozog‘istonliklar tarmoq foydalanuvchilari tomonidan vabo paytidagi bazm sifatida iliq qarshilanmadi. Yuzlab prezidentlar-u, vaziru-vuzarolar faoliyatiga guvoh bo‘lgan Buyuk Britaniya Qirolichasi Yelizaveta IIning 21 apreldagi 94-yoshlik tavallud ayyomiga bag‘ishlab an’anaviy tarzda uyushtiriluvchi zambarak o‘qidan otish marosimining u hukmronlik qilgan 68 yil ichida ilk bor koronavirus pallasida o‘tkazishni noo‘rin va nomaqbul hisoblab, qoldirgani parallel keltirildi. 

Ma’lumot uchun, 2000-yilning 20-iyulida qabul qilingan «Qozog‘iston Respublikasining birinchi prezidenti – millat yetakchisi» to‘g‘risidagi konstitutsion qonunning 1-moddasi 2-bandida «davlatning ichki va tashqi siyosatining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha ishlab chiqiluvchi tashabbuslar Qozog‘iston Respublikasining birinchi prezidenti Elboshi bilan kelishiladi» degan tamoyil kiritilgan. Qozog‘istonning nafaqat Markaziy Osiyo, balki Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH)ga a’zo postsovet respublikalari ichida o‘tgan salkam 30 yil ichida ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi erishgan yutuqlari albatta har qancha tahsinga sazovor. Jahon Bankining 2019-yilgi statistik ma’lumotlariga ko‘ra, Qozog‘iston aholi jon boshiga daromadi bo‘yicha dunyoda 72-o‘rinda (9731 AQSh$) Bolgariya va Turkiya davlatlari o‘rtasida turadi, ammo u kamtarinlik va sipolik bobida boshqalarga namuna bo‘lishi mushkul.

Turkmaniston

Poytaxt Ashxobodda barpo etilgan Bitaraplyk binasy – Betaraflik arkining qurilish ishlari Sovet Ittifoqi qulashidan so‘ng hukumat jilovini qo‘lga olgan prezident Saparmurot Niyozov (1991-2006) hayotligi davrida 1996 yildan boshlanib, mamlakatning BMT tomonidan betaraflik xalqaro maqomini olgani tantanalarining 3 yillik munosabati bilan 1998-yil 12-dekabrda ishga tushirilgan.

Uch ustunga dastaklangan balandligi 75 metrdan iborat inshoot  ustiga Saparmurot Niyozovning hilpiragan bayroq ostida kaftlarini ikki tarafga ochib turgan tilla rangli, 12 metrli haykali o‘rnatilib, sutka davomida quyoshga doim yuzlangan holda aylanib turgan. Haykalni Turkiyaning Polimeks kompaniyasi qurgan. 2010-yilga kelib haykal demontaj qilinib, aynan shu quruvchilik shirkati yordamida yangi prezident shaxsga sig‘inishga chek qo‘ymoqda, deb barvaqt suyungan, jonidan to‘ygan muxolifatchilarga qasdma-qasd ravishda 2011-yilda mahobatini yana 20 metrga balandlatib faqat poytaxtning janubiy chekka hududiga, Kopetdog‘ yon bag‘riga ko‘chirilgan.

2014-y. aprelida avval Niyozovning otasi, keyin biroz nafas olib turkmanboshining onalariga o‘rnatilgan haykal chang-to‘zonsiz qo‘porib tashlandi. 2017-yilga kelib S.Niyozovning o‘tirgan holatda kitob ushlab turgan zarhalli haykali ham olib tashlanadi. Haykallarni olish, ko‘chirish bilan bog‘liq xarajatlar davlat xazinasiga 50 million AQSh dollariga tushgani ma’lum qilindi. Ayrim kuzatuvchilarning fikriga ko‘ra, dastidan oy va yillarning nomlari ham kunta bo‘lgan turkmanboshining qalin uzuklarni taqib suratlarga tushishga ruju qo‘ygani kishilar xoh erkak, xoh ayol bo‘lsin erish tuyilgan.

Ishtaha taom yeyayotganda karnay bo‘ladi, deganlaridek haykallarning poytaxt markaziy hiyobonlaridan olinishi ko‘p ehtimol bilan joy yangi hukmdorga bo‘shatilayotgani ma’lum bo‘ldi. 2015-yil 25-mayda fuqarolarning ko‘plab murojaatlariga binoan 15-metrlik marmar postament ustida 24 karat oltin bilan qoplangan, bronzadan yasalgan, sakrab ketayotgan otni jilovlagan Gurbanguli Berdimuhamedovning haykali ochiladi. YouTube’ning o‘zida 1,5 mln. o‘quvchi muxlislariga ega Britaniyaning Journeyman Pictures studiyasi prodyuserlari Turkmaniston poytaxtiga tashrif buyurib o‘z taassurotlarini o‘rtoqlashib, shaharni «diktatorlar Disneylendi», deb ataydi.

Iroq

Iroqni 24 yil davomida boshqargan Saddam Husayn (1937-2006)ning 65-yilligiga bag‘ishlab Bag‘dodning Firdos hiyobonida bunyod etilgan 12-metrlik haykal. AQSh boshliq NATO kuchlarining Iroqqa 2003-yil 19 -art kuni harbiy havo kuchlari, 20-martdan boshlab Quvayt orqali bostirib kirib kelgan quruqlik kuchlari mamlakatni bir oy ichida ishg‘ol etadi. G‘or-o‘ralarda jon saqlab yurgan Saddam Husayn to 2006 yilgacha jismonan topila olinmayotgani g‘alabani tantanali e’lon qilish fursatini kechiktirardi. Buning natijasida aksil-Iroq ittifoqchi kuchlar topilmayotgan Saddamning o‘rniga uning haykalini olib tashlashga muvaffaq bo‘ladilar. Ushbu psixologik operatsiyada Qo‘shma Shtatlar aksariyati sunniylardan iborat bo‘lgan Saddam hokimiyatidan norozi kayfiyatdagi mahalliy shialar ishtirokidan foydalangan holda ruhiy bosim amaliyotini o‘tkazib, uni ommaviy axborot vositalarining bevosita efirga uzatib turish orqali amalga oshiradi.

Saddamning ramziy timsolini siyosiy shou sifatida qo‘porib tashlanishi tom ma’noda mamlakat raqiblariga yem bo‘lishini anglatar edi. Ushbu voqea butun Yaqin, O‘rta Sharq va Shimoliy Afrika aholisi va hukumatlarini ruhan taslim bo‘lishiga xizmat qildi. Aynan shu voqeadan keyin Liviya rahbari Muammar Kaddafi o‘z mamlakatining yadroviy dasturidan voz kechishiga, pirovardida o‘zi ham olomon tomonidan vahshiylarcha qatl etilishi hamda mintaqa va uning tevarak atrofini portlatib yuborgan kelgusi ko‘plab xunrezlik va beqarorliklarga yo‘l ochib berdi.

Gap faqat haykallardami?

Har bir mamlakat o‘z davlatchilik tarixi solnomasini o‘z tafakkuri va istaklaridan kelib chiqib bitadi. Davrlar, hukmron mafkuralarning qo‘qqisdan o‘zgarishi yod olingan shiorlar unutilishiga, ko‘ksiga taqilgan znachoklar yechilishiga, osilgan portretlar almashtirilishiga, partiya biletlari juda bo‘lmasa ko‘zi ochilayotgan nabiralardan andisha qilib uzoqroqqa, sekin bisotga taxlashga to‘g‘ri kelib qolinishi mumkin.

Ushbu kichik tadqiqot mazmunidan kelib chiqib o‘quvchilarimizga davlat boshqaruvida hammaga ma’lum shaxsga sig‘inish yo narsissizm haqida gapirmoqchi emasmiz. Balki haykallarning o‘rnatilish va ularning ko‘pligini faqat yakkahokimlik bilan izohlab tushuntirish qiyin. Bu haqda amerikalik nemis olimi Leo Shtraus (1899-1973) o‘zining asarlarida arboblar jamiyatni jipslashtirish va barqaror saqlash maqsadida hamma ergashib ketishga loyiq ilhomlantiruvchi afsonalarni ataylab yaratishga haqli, degan fikrni ilgari surgan.

Shu ma’noda yangi, yosh davlatlar buyuklikda qolishmaydigan, bellasha olishga qodir tarixiy afsonalarni yirik, ta’sir doirasi keng qudratli davlatlarga yem bo‘lmaslik, nafaqat xalq, balki siyosiy-iqtisodiy, ijtimoiy-madaniy elitani ham o‘zaro jipslashtirish, istiqbolda bo‘lishi mumkin bo‘lgan hududiy ta’na-po‘pisalarga barham berishda sadoqatni parvarishlash maqsadida ular naqadar qimmatga tushmasin lozim deb topgan tegishli ekstremal choralarni ko‘radilar. Hukmronlik jilovini ushlab turgan paytida prezidentlarning o‘zlariga o‘rnatgan haykallari xalq ong-shuurini naqadar ifoda eta olishini esa odatda faqat vaqt ko‘rsata oladi. Holbuki, buyuklarning qulashi ham buyuk bo‘ladi.

Zabihulla Saipov,
siyosiy fanlar nomzodi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring