Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi

«Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi

Bugun, 15-sentyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Adliya vaziri Ruslanbek Davletov parlamentga «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining yangi tahrirdagi Qonun loyihasini taqdim qildi. Qonun loyihasi birinchi o‘qishda deputatlar tomonidan ko‘rib chiqildi.

R.Davletov Qonun loyihasining hozirgi kundagi dolzarbligi haqida to‘xtalar ekan, o‘tgan davr mobaynida fuqarolarning diniy e’tiqodini amalga oshirishda duch kelayotgan muammolarni bartaraf etish, diniy ta’lim olishni va diniy tashkilotlarning erkin faoliyat yuritishini ta’minlash, dinlararo va millatlararo nizolarni kelib chiqishini oldini olishga xizmat qilishini ta’kidlab o‘tdi.

Ushbu Qonun loyihasining asosiy maqsadi vijdon erkinligi kafolatlarini kuchaytirish, har bir inson xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqini ta’minlashning yangi mexanizmlarini joriy etish, shuningdek, davlatning din ishlari bo‘yicha siyosatini taokmillashtirishdan iborat.

Jumladan, amaldagi «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi Qonunga muvofiq diniy tashkilot tuzish uchun tashabbuskorlarning soni 100 nafar bo‘lishi talab etilgan bo‘lsa, kiritilayotgan o‘zgartishga asosan endilikda mahalliy diniy tashkilotni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun 50 nafar tashabbuskorlar yetarli hisoblanadi.

Qonunga kiritilayotgan yangiliklardan biri diniy tashkilotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartib-taomillari yengillashtirilmoqda, xususan, taqdim etiladigan hujjatlar soni qisqartirilmoqda, ularni notarial va boshqa ko‘rinishlarda tasdiqlashga oid talablar bekor bo‘lmoqda, davlat xizmatlari to‘liq elektron ko‘rinishda amalga oshirilishi joriy etilmoqda, ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etish asoslari aniq belgilanmoqda.

Shuningdek, o‘zgartishlarga asosan aholini qiynab kelayotgan muammolardan biri, fuqarolarning jamoat joylarida ibodat liboslarida yurishlariga yo‘l qo‘yilmasligi haqidagi cheklov olib tashlanmoqda.

Adliya vaziri qonun loyihasi inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlar bilan kafolatlangan diniy sohada umume’tirof etilgan huquq va erkinliklarni, yurtimizdagi hozirgi diniy vaziyatning o‘ziga xos xususiyatlari va bevosita O‘zbekiston sharoitida dinlararo munosabatlarni shakllanishining tarixiy sharoitlarini o‘z ichiga olganligini, ushbu omillarni inobatga olmay turib mamlakatimizda yashovchi millatlar va elatlar o‘rtasidagi o‘zaro do‘stlik va hamjihatlik munosabatlarining muvozanatini saqlab qolish, ularning turli diniy e’tiqodlari va his-tuyg‘ularini hurmat qilishni ta’minlashning imkoni mavjud emasligini ta’kidladi. 

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring